Kaspiy zaxiralari Boku va Ashgabat orasini buzdi


Prezidentlar Ilhom Aliyev, Qurbonguli Berdimuhammedov Ashgabatda ko'rishmoqda, 28-noyabr, 2008-yil.

Prezidentlar Ilhom Aliyev, Qurbonguli Berdimuhammedov Ashgabatda ko'rishmoqda, 28-noyabr, 2008-yil.

Markaziy Osiyo yonilg’isini Yevropa bozoriga olib chiqishda Kaspiy dengizi muhim o’rin tutadi. Dengizning o’zi yirik neft va gaz koni ekani sir emas va Kaspiy bo’yidagi davlatlar bu zaxirani talashib keladi. Ozarbayjon va Turkmaniston shular jumlasidan.

Boku-Ashgabat ziddiyati Turkmaniston Kaspiyda tabiiy boyliklar qidirish rejasini e’lon qilgach yuzaga kelgan. Turkmaniston bahsli mintaqada bir yoqlama qaror qabul qilib ish tutmoqda, deya norozi Boku. Ashgabat esa bu uning ichki ishi ekanini ta’kidlaydi.

Turkmaniston “Serdar”, Ozarbayjon “Kapiz” deb nomlagan bahsli nuqta neftga boyligi bilan tanilgan. Holbuki, ikki davlat rahbarlari 2008-yilda talash regionda qidiruv ishlarini o’tkazmaslikka kelishib olgan edi.

Kaspiy bo’yi davlatlariga Ozarbayjon, Rossiya, Eron, Turkmaniston va Qozog’iston kiradi. Hudud, ayniqsa, gaz va neft sababli ziddiyatga boy. So’nggi paytda bu mintaqaning Markaziy Osiyo energetik zaxiralarini Yevropaga yetkazuvchi muhim bo’gin sifatida ko’rilayotgani esa geosiyosiy tanglikni yanada kuchaytirgan. Yevropa Ittifoqi olg’a surayotgan “NABUKKO” loyihasi Turkmanistonni Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjon, Turkiya va Yevropa bilan bog’lashi kerak.

Loyiha Rossiyaning Markaziy Osiyo energiya resurslariga bo’lgan monopoliyasiga chek qo’yib, Yevropani Kreml bosimidan xalos etishi va mintaqa zaxiralarini yangi bozorga chiqarishi mumkin.

Kreml bu tashabbusni o’z strategik manfaatlariga zarba sifatida baholaydi. Kaspiy davlatlari bilan kelishmasdan turib quvurlar yotqizish mumkin emas, deydi Rossiya rahbariyati.

Kaspiy dengizi uzra, Boku, Ozarbayjon, 13-oktyabr, 1998-yil

Kaspiy dengizi uzra, Boku, Ozarbayjon, 13-oktyabr, 1998-yil

Rossiyalik mustaqil jurnalist Renat Zeynutdinov fikricha, Kreml Kaspiydagi ziddiyatlardan manfaatdor. Kelishmovchiliklar saqlanib qolar ekan, Yevropa Moskvaning muqobil loyihalarini qabul qilishga majbur.

“Rossiya Boltiq dengizi orqali “Shimoliy oqim”, Qora dengiz orqali “Janubiy oqim” yo’nalishlarini ishga tushirib, “NABUKKO”ni yo’qqa chiqarmoqchi”, - deydi Renat Zeynutdinov.

Ozarbayjon ham, Turkmaniston ham loyihada qatnashishni xohlaydi. Yevropa Ittifoqi rasmiy doiralari bilan uchrashuvlarda bu istak bayon etilgan. Biroq Rossiya bosimi bu davlatlarni, xususan, Turkmanistonni bir qadar murakkab vaziyatga qo’yishi mumkinligi ham ta’kidlanadi. Boku va Ashgabat o’rtasida unutilgan ziddiyatlarning bugun qaytalashi ham Kreml ishtirokisiz o’tmagani ta’kinlanmoqda.

Yevropa Ittifoqi pozitsiyasi shuki, Kaspiy loyihasi Rossiya manfaatlariga xalaqit bermaydi; quvurlar bahsli hududlar bo’ylab emas, aniq chegaralar bo’ylab yotqiziladi.

“Agar Yevropa Rossiyaning energetik bosimidan qutilishni istasa, o’z tashabbuslarini oxirga yetkazishi lozim. Rossia esa o’z navbatida bu loyihalarni yo’qqa chiqarish uchun barcha choralarni qo’llaydi”, - deydi mustaqil jurnalist Zeynutdinov.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG