Kommunizmning ashaddiy kurashchisi olamdan o'tdi

  • Amerika Ovozi

1959-yilgi kommunistik inqilobga boshchilik qilib, hokimiyatga kelgan Fidel Kastro uni qariyb 50 yil boshqardi. Tobi yo'qligi sabab 2008-yilda uni ukasi Raul Kastroga topshirdi.

40 yoshidan 90 yoshigacha, Fidel Kastro vatani va dunyo bo'ylab yo qahramon, yo zolim sifatida tilga olindi. Kommunizmga ishongan va G'arb kapitalizmiga qarshi odamlar nazarida u mard va jasur inson edi.

Yakkahokimlik va repressiyadan norozi tomonlar uchun esa Kastro johil, adolatsiz, xalqini imkoniyatlardan ayirgan o'zboshimcha edi.

25-noyabr kuni Raul Kastro prezidentlik idorasidan turib xalqqa murojaat qildi. "Akam olamdan o'tdi", - deya e'lon qildi u.

Kastro davrida Kuba mag'rur, lekin qashshoq va yakkalangan davlatga aylandi. Diktator Fulgensio Batistani ag'dargan Kastro xalqqa farovonlik va tinchlik va'da qilgan edi.

"Xalqim erkinlik kutgan edi. Adolatli boshqaruv va konstitutsiyaga asoslangan siyosat kutgan edi. Kastro stalincha tuzum yaratdi va aholini ezdi", - deydi Frank Kalzon, demokratiya tarafdori.

Kuba bo'yicha yetakchi eskpert Veyn Smit tahlilicha esa Kastrosiz Kuba jiddiy mamlakat sifatida qabul qilinmagan bo'lar edi.

"Gavana uning davrida dunyo xaritasidagi muhim davlat va o'yinchi bo'ldi. Yirik davlatlar uning pozitsiyasini hisobga oldi, yo maqtadi yo qoraladi, lekin unga befarq bo'lolmadi", - deydi Smit.

Kubada matbuot, siyosiy erkinliklar va huquq toptaldi. Tuzumni tanqid qilganlar qamaldi, o'ldirildi, qolaversa minglab odam nom-nishonsiz ketdi. Ko'plab kubaliklar Kastro davrini zulmat bilan tenglashtiradi.

Orol doimiy qo'rquv ostida yashadi. Dunyo bilan rishtalar nihoyatda murakkab edi. Kastro uning hayoti doimiy tahdid ostida ekanini, G'arb uni yo'q qilish qaroridan qaytmaganini aytib keldi.

AQSh siyosiy muxolifatni quvvatladi. Yuzlab ming kubaliklarni o'z bag'riga oldi. 50 yil mobaynida Kubani iqtisodiy jihatdan jazoladi. Sanksiyalar, cheklovlar va tinimsiz tanqid orol-davlatning tinkasini quritdi va Obama davriga kelib, Amerika ham Kubaga yordam qo'lini cho'zishga qaror qildi.

Kommunistik partiyaning bu yili aprel oyidagi syezdida Fidel Kastro so’zga chiqib, shunday degan edi:

“Yoshim 90 ga yetay deb qoldi. Shuncha umr ko’raman deb hech o’ylamagan edim. Hamma narsaning o’z vaqt-soati bor. Ammo kommunistik g’oyalarimiz mangu yashaydi”.

"Umrim poyoniga yetayotgan bo’lsa-da, men yarim asr ilgari yetakchilik qilgan inqilob davom etadi".

Gavanada besh yilda bir marta o’tadigan bu qurultoyda Fidel Kastroning ukasi, 84 yoshli Raul Kastro davlat rahbari etib qayta saylandi.

Kommunistik partiyani 70-80 yoshlardagi avlod boshqarib kelmoqda.

Raul Kastro hokimiyatni yoshlarga bo'shatishga tayyor. Lekin ular ishonchni qozona olishi darkor, deydi u.

Kastro sovetcha uslubda boshqariladigan iqtisodiyotda o'zgarishlar qilishga harakat qilmoqda. Lekin tub islohotlar qilishga qodir emas va buning uchun siyosiy idora ham yetishmaydi, deydi vaziyat bilan tanish mutaxassislar. Yangicha o'ylaydigan yosh avlod Gavanada emas va vatanda yashash hamon xavfli.

Bu yili Kuba o'zining yarim asrlik dushmani AQSh bilan rasman yarashdi. Mart oyida Prezident Barak Obama orol davlatga tashrif buyurdi. So'nggi 90 yil mobaynida Amerikaning biror rahbari Kubaga bormagan edi. Aloqalar tiklanmoqda. Rishtalar hamon murakkab lekin orada iliqlik kuzatiladi va har ikki tomon umidga to'la. Yangi prezident Donald Tramp Kubaga nisbatan munosabatni qanchalik o'zgartiradi, noma'lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG