Afg'ondan chiqar ekan, Amerika qancha qurol-aslahani Markaziy Osiyoda qoldirishi mumkin?


Manas tranzit markazi, Qirg'iziston

Manas tranzit markazi, Qirg'iziston

Rossiyadagi ayrim axborot vositalariga ko’ra, AQSh harbiylari Afg’onistondan chiqish paytida harbiy jihozlar va yengil qurol-aslahaning bir qismini Markaziy Osiyo mamlakatlarida, jumladan Qirg’izistonda qoldirishi Kremlning noroziligiga sabab bo’lmoqda.

Rossiyalik tahlilchilar orasida turli munozaralarga sabab bo’lgan mish-mishlarga nisbatan qirg’izistonlik mutaxassislarning munosabati qanday?

AQSh 2014-yili Afg’onistonni tark etar ekan, olib chiqiladigan harbiy jihozlarning ma’lum qismini yo’l-yo’lakay Markaziy Osiyo mamlakatlarida qoldirishi mumkin. So’z yengil qurol-aslaha hamda aloqa jihozlari, tungi durbinlar kabi zamonaviy uskunalar haqida borayotir.

Mahalliy kuzatuvchilar zamonaviy jihozlarning ayrim turlarida mintaqa harbiylarida ehtiyoj mavjudligini aytadi. Yengil qurol-aslahaga kelsak, bu bahsli masala ko’rinadi.

“Markaziy Osiyoda tinchlik uchun” deb nomlangan jamoatchilik jamg’armasi rahbari Japar Birimqulov aytishicha, AQSh Qirg’izistoni qaysi bir ma’noda o’zlariga bog’lab olmoqchi.

“Chunki bunday zamonaviy qurol olgandan keyin biz keyinchalik ehtiyoj qismlarini ham sotib olishga majbur bo’lamiz”, deydi u.

Bishkekdan harbiy tahlilchi polkovnik Leonid Bondarets nazarida, Amerikaning harbiy jihozlari va qurol-aslahasi qirg’iz armiyasida qo’llanishi mushkul.

“Albatta ular oshiqcha qurol-aslahadan qutilishni istaydi. Ammo u bizga kerak emas. Chunki biz bu jihozni ishlataolmaymiz. Gap shundaki azaldan bizning qurolli kuchlar Sovet Ittifoqida keyinroq esa Rossiyada ishlab chiqarilgan qurol-yaroqqa va tehnikaga moslashgan. Qayta jihozlash esa yirik mablag’ talab qiladi”, - deydi Leonid Bondarets.

Suhbatdoshga ko’ra, hozirda Rossiya kerakli harbiy jihozlar va ehtiyot qismlarini imtiyozli baholarda yetkazib bermoqda.

Ma’lumki AQSh Afg’onistonda to’planib qolgan yirik harbiy arsenalni batamom olib chiqib ketishi mushkul. Bu ish o’lkan mablag’ va ko’p vaqtni talab qiladi. AQSh harbiylari va siyosatchilari zikr qilingan texnikaning bir qismini afg’on kuch tizimlari va yuklar olib chiqiladigan Markaziy Osiyo o’lkalarida qoldirish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

Bishkek yaqinidagi "Manas" tranzit markazi

Bishkek yaqinidagi "Manas" tranzit markazi

Mahalliy tahlilchilar nazarida AQSh jihozlari Markaziy Osiyo mamlakatlari harbiylari va rasmiylari tomonidan jiddiy e’tirozsiz qabul qilinishi ehtimoli mavjud.

“Markaziy Osiyoda tinchlik uchun” deb atalmish jamoatchilik jamg’armasi rahbari Japar Birimqulov aytishicha, AQSh Afg’onistondan chiqib ketgandan keyin vaziyat u yerda chigallanishi borasida ancha tashvishlar mavjud.

“Ammo aytilgan aslaha va qurollarning bunga qanday aloqasi borligini bilmayman. Ne bo’lsada biznikilar bepul yordamni jon dildan qabul qilishi tayin. Bu ishning siyosiy oqibatlari haqida albatta o’ylanib ko’rish kerak”, - deydi suhbatdosh.

Zikr qilinayotgan harbiy ko’mak mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatga qandaydir ta’sir o’tkazishi mumkin mi?

“Rossiya tomon tashvishlarini tushunish mumkin. Chunki Rossiya qurol-yarog' yetkazib berish borasida o’z ta’siri kamayishini xohlamaydi. Ayni paytda Amerika qoldirishi kutilayotgan jihoz va aslaha uncha ko’p emas, deb o’ylayman”, - deydi Japar Birimqulov.

Polkovnik Bondarets AQSh tashlab ketishi ehtimoli bor harbiy arsenal mintaqada qurol-aslaha ko’payishiga turtki bo’lmaydi deb hisoblaydi.

“Bilasizmi, bu harbiy ko’mak regionda militarizatsiya jarayoniga olib kelmaydi. Gap shundaki biz Amerika qurol-yarog’ini ishlatmaymiz, aytib o’tganimday bizning armiyalar Sovet Ittifoqi va Rossiya qurol-aslahasiga moslashgan”, - deydi harbiy tahlilchi.

Mahalliy mutaxassislar aytishicha, o’z vaqtida Sovet armiyasi Afg’onistondan olib chiqilar ekan, ayrim Markaziy Osiyo respublikalarida yirik miqtorda harbiy texnika qoldirilgan.

Tarix takrorlanmoqda, ammo qanday ko’lamda va qanday yo’nalishda – buni kelajak ko’rsatadi, deydi suhbatdoshlar.

Urush maydonidagi manzara...

XS
SM
MD
LG