Rossiya: Afg'onistondan Markaziy Osiyoga hujum qilinishi mumkin


Afg'on askari Kobuldagi tekshiruv punktlaridan birida, 13-dekabr, 2014-yil.

Afg'on askari Kobuldagi tekshiruv punktlaridan birida, 13-dekabr, 2014-yil.

Afg'onistondagi beqarorlikning Markaziy Osiyoga yoyilishidan xavotirga tushayotgan mintaqa mamlakatlari bu davlat bilan chegara xavfsizligini mustahkamlamoqda. Rossiya rasmiylarining ogohlantirishicha, Yaqin Sharqdagi mafkuraviy kurashdan ilhomlangan jangarilar Markaziy Osiyoda ham faollashishi ehtimoli yuqori.

Afg'oniston bilan chegaradosh davlatlarda, xususan, O'zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston chegaralarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

O'zbekiston va Tojikiston maxsus xizmatlari chegara yaqinida Afg'oniston hukumati nazoratida bo'lmagan jangari guruhlar to'planayotgani haqidagi xabarlarni tasdiqlashgan.

Dastlab bu boradagi ma'lumot Rossiyaning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zamir Kabulov tomonidan bildirilgan edi.

Kabulovning rus matbuotiga bergan intervyusiga ko'ra, Afg'onistonning Tojikiston va Turkmaniston bilan chegaradosh hududlarida bir necha ming kishilik jangari guruhlar jamlanmoqda.

Uning aytishicha, Afg'oniston hukumati nazorati qilolmaydigan bu to'dalar bahorda mintaqaga yurish qilishlari mumkin. Bu jangarilar, deydi u, asosan mintaqadan chiqqan ekstremistlar.

Tahlilchilar fikricha esa Moskva bu ogohlatirishlari bilan Markaziy Osiyoni qo'rqitishga harakat qilmoqda.

“Avvalo bu po'pisa, ikkinchidan, ma'lumot aniq bo'lishi kerak. Ular kimlar, etnik tarkibi qanaqa, o'zbekmi, tojikmi? Agar pashtunlar bo'lsa, ular mintaqaga kirishmaydi. Albatta, ularning orqasidan birorta kuch o'ynamayotgan bo`lsa. Deylik, Turkmaniston atrofida Rossiya va toliblar qilayotgan o'yinlar bo'lishi ham ehtimol. Xullas, bu ma'lumotlarda aniqlik yo'q. Kim bu jangarilar, O'zbekiston Islomiy harakatidan qolganlarmi yoki boshqalarmi? Bu narsa Turkmanistonning Kaspiy gaz quvurlari yo'nalishi uchun asosiy manba bo'lib turganiga ham bog`liq bo'lishi mumkin”, - deydi Toshkentdan siyosatshunos Anvar Nazirov.

Markaziy Osiyo liderlari Afg'onistondagi vaziyatdan jiddiy tashvish bildirib keladi. Mintaqaning aksariyat davlatlari bu borada Rossiya yetakchiligidagi harbiy uyushma - Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga umid bog'lashgan. O'zbekiston bu tashkilotga a'zo emas, biroq Rossiya - asosiy harbiy hamkor.

Afg'onistondagi jangarilar solayotgan tahdid haqiqatda jiddiy tus olgan taqdirda, mintaqada kimga va qanday yordamga umid qilish mumkin?

“Bu narsa boshlanadigan bo'lsa, unga qarshi turish, amaliyot o'tkazish uchun Rossiyada moliyaviy kuch yo'q, - deydi Anvar Nazirov. - Qolaversa, bu terrorchilikni Rossiyaning ichiga ham ko'chiradi. Ommaviy axborot vositalari yozishi mumkindir, ammo Rossiyadagi so'rovlar natijasiga ko'ra, mintaqa uchun urush qilish tarafdorlari yo'q. Ukraina bu boshqa masala. Markaziy Osiyo Rossiya uchun uzoq mintaqa. Shuning uchun ham O'zbekiston, Tojikiston toki Turkmaniston Rossiya yordam beradi degan narsadan umidini uzishi kerak. Vaziyat yomonlashadigan bo'lsa, mintaqa davlatlari o'z harbiy imkoniyatiga suyanishi kerak. Iroq va Suriya tajribasidan kelib chiqib, Afg'oniston shimolida general Do'stum yetakchiligidagi o'zbeklar, turkmanlar va boshqalarga harbiy ko'mak ko`rsatib, ularning pozitsiyasini mustahkamlash, xavfsizlik devori yaratish kerak ”.

Xalqaro qo'shinlar Afg'onistonni tark etishi ortidan toliblarning hukumatga qaytishi, vaziyat keskinlashib, ekstremizm tahdidi mintaqaga ham yoyilishi mumkinligi haqidagi taxminlar anchadan buyon mavjud.

Afg'oniston prezidenti Ashraf G'ani deydki, AQSh harbiylarining mamlakatda qolish muddati uzaytirilishi mumkin.

Ayni paytda Afg'onistonda 10 mingdan oshiq AQSh harbiysi bor. Xavfsizlik bitimiga ko'ra, 2016 yilga borib ular mamlakatni butkul tark etishi kerak.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG