Britaniyalik rejissor: Markaziy Osiyo madaniyatini dunyoga tanitmoqchimiz


Bobur teatri, O'sh

Buyuk Britaniyaning ikki ijodiy uyushmasi Qirg’iziston teatrlarida Shekspirning asarlarini sahnalashtirishga kirishdi. Spektakllar avval Bishkek va O’sh shaharlarida, keyin Angliyada, Temza sohillarida namoyish etilishi ko’zda tutilmoqda.

Ushbu tashabbus Londondagi “Orzu arts” atalmish Markaziy Osiyo teatri tomonidan olg’a surilgan.

“Amerika Ovozi” bilan muloqot paytida mazkur jamoa asoschisi va badiiy rahbari Yo’ldosh Jo’raboyev ijodiy hamkorlikning samarasi va istiqboli, mintaqa, jumladan, Qirg’iziston teatrlariga xos o’zgachaliklar hamda muammolar borasida o’z o’y-fikrlarini bayon etdi.

Hozirda 38 bahorni qarshi olgan Yo’ldosh Jo’raboyev Qirg’izistonning Qadamjoy tumani Uchqo’rg’on qishlog’ida tug’ilgan. Keyinroq oila qo’shni O’zbekistonning Farg’ona shahriga ko’chib o’tgan. Yo’ldosh Toshkentdagi san’at oliygohini tamomlab, ma’lum vaqt qator ijodiy guruhlar bilan aktyor va produser sifatida hamkorlik qilgan. Bir necha yil Rossiyada faoliyat yuritgan. Mana o’n yildirki, Londonda yashab ijod qiladi.

Xorijga yo’l olishingizga, o’sha joylarda o’z orzu-niyatlaringizni amalga oshirish yo’lida harakat boshlashingizga nima sabab bo’ldi, degan savolga u shunday javob berdi:

“Chanqoqlik, tashnalik, ijodda erkinlikka ishtiyoq, talpinish. Men yoshligimdan o’zimni bir joyda tasavvur qila olmasdim”, - deydi u.

Yo’ldosh Jo’raboyev asos solgan Londondagi “Orzu arts” studiyasi O’shdagi o’zbek akademik musiqali drama teatri bilan Shekspirning “Richard III” spektaklini sahnalashtiradi. Yana bir London jamoasi Bishkekdagi milliy teatr bilan hamkorlikda “Makbet”ni qo’yadi. Ushbu spektakllar bilan ikki Qirg’iziston teatri Angliyadagi festivalda qatnashadi.

“Biz mintaqaning barcha o’lkalari ijodiy jamoalari bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Ochiq Markaziy Osiyo mamlakatlari san’at festivalini tashkil etganmiz. Ushbu festivalga o’tgan yili Xorazm qo'g’irchoq teatrini taklif qildik. Qirg’ziston san’atkorlari esa Sultan Rayevning “Suflyor” asari bilan qatnashdilar va Gran-pri mukofotiga sazovor bo’ldilar”, - deydi suhbatdosh.

U ijodiy jamoalar uchun bunday safarlarning o’ta muhimligini ta’kidlaydi.

“Menimcha, har bir teatr kamida yilda bir gastrollarga chiqishi darkor. Bu o’z mahoratini ko’rsatish, boshqalarni ko’rish, tajriba almashish, yangi taassurotlarga ega bo’lish, ijodiy rejalar tuzish imkonini beradi”, - deydi Jo’raboyev.

Mahalliy mutaxassislarning aytishicha, mintaqa teatrlari va umuman, san’at ahli uchun keyingi o’n yilliklarda xorij bilan ijodiy aloqalar muammoli masala bo’lgan. Birinchi navbatda bunga sabab - mablag’ masalasi, tashkiliy qiyinchiliklar, turli to’siqlar.

Suhbatdoshga ko'ra, G’arbda Markaziy Osiyo teatr san’ati, etnografiyasi, tasviriy san’ati, kino va badiiy adabiyotiga qiziqish mavjud bo’lib, ushbu madaniy-ma’naviy boylikni taqdim qila bilish lozim.

Ayni paytda mintaqa teatr jamoalari o’ziga xos inqiroz ko’rinishlarini boshdan kechirayotgani sir emas.

“G’arb voqeligidan farqli o’laroq, sobiq Sovet o’lkalarida aksar teatrlar asosan davlat xazinasidan moliyalashtiriladi. Bu hol, menimcha, san’atkorlarni biroz bo’shashtirib qo’yadi. Aytaylik, Yevropada tomoshabin qalbini rom etgan san’atkorgina tirikchilik qila oladi, mashhurlikga erishadi. “Xalq artisti”, “Xizmat ko’rsatgan artist” kabi unvonlar, tegishli pul mukofotlari umuman yo’q. Artistmisan - seni tomoshabin baholasin”, - deydi Yo’ldosh.

Bu yil Londonda o’tadigan navbatdagi Ochiq Markaziy Osiyo mamlakatlari san’ati festivaliga o’n uch davlatdan kelgan ijodiy jamoalar ishtirok etishi kutilmoqda. Ozarbayjon, Rossiya, Eron, AQSh va isroilllik san’atkorlar ilk bor qatnashish niyatini bildirgan.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG