Markaziy Osiyo: Chegaradagi otishmalar o’zaro ishonchsizlik nishonasi


Markaziy Osiyo chegaralarida ziddiyatlar kuchayishi mintaqa davlatlarini Afg’oniston tahdidi qarshisida yanada yakkalab qo’ymoqda. Chegara hududlarda otishma va to'qnashuvlar kuzatilayotgani, tinch aholi orasida qurbonlar ortayotgani qo’shni qardosh davlatlar o’rtasida ishonch yo’qolib borayotgani bilan izohlanadi.

O’tgan hafta vaziyat yana qaltislashdi. O’zbek chegarachilari Sirdayoda baliq ovlayotgan Qozog’iston fuqarosini otib o’ldirgan.

Tojikiston bilan chegarada esa mol boqayotgan tojikistonlikni o’zbekistonlik chegarachilar otib yaralagan.

Qirg’iziston chegarasida o’zaro haqoratlar bilan boshlangan ziddiyat otishmaga aylandi, o’zbek chegarachisi jarohat oldi.

O’zbekiston tomoni tarqatgan bayonotda chegara hududida qurol ishlatilgani nizomga muvofiq ekani aytiladi. Hodisaga daxldor boshqa davlatlar esa qurol ishlatilishiga ehtiyoj bo’lganini rad etishadi.

Qozog’iston o’z noroziligini Tashqi ishlar vazirligi darajasida, qozoq yoshlari esa O’zbekiston elchixonasini piket qilish bilan bildirishdi.

Qozog’iston va O’zbekiston – mintaqada viza tartibini joriy etmagan yagona qo’shni davlatlar. Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston bilan chegaralardagi vaziyat yanada qaltis. Chegarachilar o’qidan halok bo’layotgan odamlar soni aniq emas, ammo ko’payib bormoqda.

Ziddiyatlar respublikalar o’rtasida o’zaro ishonch yo’qligi bilan izohlanadi.

“Bu ziddiyatlar sababi bitta - avvalo ishonchsizlik, cheraga xizmatlari o’rtasida lozim darajadagi aloqalarning yo’qligi. Qirg’iziston, Tojikiston bilan bir muammo, Qozog’iston bilan boshqa bir muammo. Bular mintaqaning o’z ichki muammolarini birgalashib yecholmasligini ko’rsatmoqda. Aslida integratsiya yo’q, Markaziy Osiyo muammolari yechimi bilan hech kim shug’ullanmayapti, bunday tashkilotning o’zi yo’q. Shanxay Hamkorlik Tashkilotining (ShHT) bunga aloqasi yo’q, u faqat Xitoyni biznes manfaatlari uchun. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi (KXSh), Bojxona Ittifoqi kabi tashkilotlar esa Rossiyaga bo’ysundirish uchun. Mamlakatlar o’rtasidagi ishonchsizlik, buni yechimini topishga harakat ham qilinmayapti, chetda ham biror tashkilot yo’q”, - deydi toshkentlik siyosatshunos Anvar Nazir.

Chegarada to’qnashuvlar va ishonchsizlik Afg’onistondan kutilayotgan umumiy xavf haqidagi xavotirlar ortib borayotgan bir paytda ro’y bermoqda. Afg’onistonning Tojikiston, Turkmaniston, O’zbekiston bo’ylab chegara hududlarida yuzlab jangari guruhlar o’rnashgan, hukumat kuchlari bilan janglar davom etmoqda.

So’nggi xabarlarga ko’ra, Bag’lon viloyatidagi to’qnashuvda O’zbekiston Islomiy harakati rahbarlaridan biri Qori Hikmatulloh o’lgan. “Islomiy davlat” guruhini qo’llab-quvvatlashini bildirishi ortidan bu harakat yana kuchaygani, uning safi mintaqa fuqarolari bo’lagan jangarilar hisobiga ko’payayotgani aytiladi.

Bu xavf qanchalik jiddiy qabul qilinmasin, umumiy tahdidga qarshi hamkorlik haqida gapirish qiyin.

“Afg’onistondan kelayotgan xavf uchun har bir mamlakat o’zi javob berishga majbur hozir. Albatta, o’rtada qandaydir koordinatsiya, muloqot bo’lishi mumkin, ammo hamma o’zi uchun javob berish kerakligini tushunib turibdi - O’zbekiston o’zini chegarasi uchun, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg’iziston ham o’z chegarasi uchun. Bu yaxshi-yomon emas, shunchaki hozirgi reallik, va bu jarayon shunday ketaveradi. Yagona harbiy muvofiqlashish tizimi yo’q, KXSh degan soxta tashkilotdan biror foyda yo’q. Shuning uchun hamma o’z xavfsizligiga o’zi javob berishga majbur”, - deydi Anvar Nazir.

Farg’ona vodiysida xalifalik qurishni maqsad qilgan O’zbekiston Islomiy harakati avval ham mamlakatga kirishga bir necha bor urinib ko’rgan.

Ammo bu safargi xavf yuzlab mintaqa fuqarolarini o’z safiga jalb etgan “Islomiy davlat”ning yuzaga chiqishi, bu guruhning Afg’oniston shimolida ham paydo bo’lishi ortidan kuzatilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG