Tojikiston-Qirg'iziston chegarasidagi ziddiyatni qo'zg'ayotgan kim?


Tojikiston va Qirg’iziston o’rtasida 970 kilometrdan ortiq umumiy chegara bo’lib, o’tgan 24 yil mobaynida uning 510 kilometrga yaqini demarkatsiya qilingan. Chegarada bot-bot qurolli to’qnashuvlar bo’lib turadi. Qirg’iziston Tojikistonni artilleriyani ishga solganlikda ayblab, sarhadlar uch oygacha berkitib qo’yilgan hollar bo’lgan. Ba’zi tahlilchilar bu mojarolar region davlatlari integratsiyasiga halaqit berish uchun rejali ravishda qo’zg’atilmoqda desa, boshqalar bu xulosani asossiz deb biladi.

Tojikiston va Qirg’iziston o’rtasidagi aholi zich joylashgan shimoliy chegaraning 450 kilometrdan ortig'i 24 yildirki muayyan qilinmasdan qolib ketmoqda. Ba’zi tahlilchilarning aytishicha, mavjud muammolardan tashqi kuchlar foydalanib, ikki davlat o’rtasiga nizo solish payidan bo’lmoqda.

Tojikistonning chegara qishlog’ida yashovchi ziyoli Nizomiddin Qahhorov respublika gazetasi muxbiri Ozod Meliboyevga aytadiki, ikki mamlakat o’rtasida tortishuvga sabab hududlar talaygina. “Mollarimiz ularning yerida o’tlasa pul to’laymizu, ular biznikiga to’lamaydi” - deydi u.

"O’rtamizda joylar haligacha aniqlanmagan. Yerlar shartli belgilangan, o’tgan asrning elliginchi yillaridan oldin bizda bo’lgan, hozir esa ularga o’tib qolgan. Ikki tomondanam odamlar keldi, hech kim aniqlolmadi. Uni siyosiy komissiya tekshiryapti deyishadi-yu, masala hal bo’lmaydi. Bu yerda tortishuv ketmoqda, biznikilar boshqa xaritani olmoqda, qo’shnilar boshqa xaritani ko’tarmoqda. Qo’shnilar o’zlari xarita tuzib olganmi, ularniki biznikiga, bizniki ularnikiga to’g’ri kelmaydi. Birining yeri biriga o’tib ketgan. Bizning ancha yaylovlarimiz ularga o’tib ketgan. Yaqinda bizning va Qirg’iziston yer mutaxassislari kelishdi. Hal qilamiz deb o’zining odamlariga buyurib ketishdi. Shu bo’yicha qolib ketdi. Chegarayam qiziq-da, asfalt yo’lning tepasi bizniki, pasti qirg’izniki. Mollarimizni o’tlatamiz, desak har boshiga taxminan 5 dollar (30 somoniy) haq to’laymiz", - deydi Nizomiddin.

Tojikistonning Rasulov tumaniga qarashli Qo’rg’oncha qishlog’iga asosiy yo’l Qirg’iziston orqali o’tgani uchun qishloq aholisi o’z hududlaridan yangi yo’l qurib olishgan.

Bu yerda qurolli to’qnashuvlar yo’q, lekin kelishmovchilik bor. Qishloq faoli Rahmon Egamberdiyevning aytishicha, muammolar bo’lsa ham, qishloq hududida harbiylar yurmasligi kerak.

"Chegara, yer masalasida tortishuv ketyapti. Mol o’tsa ushlab qamaydi, ular qamaydi, biz hali qamaganimiz yo’q. Soldatlar turgan joyni ko’rdilaring. Chegarachi bo’lsa nima qiladi qishloqning o’rtasida? Soldat xizmatni chegarada qilsin. 4-5 kilometr pastdan bular piyoda borib keladi. Qisloq ichida qurol bilan yurish mumkin bo’lsa yursin, bo’lmasa qurol bilan yurmasin", - deydi Egamberdiev.

Rasulzodaning aytishicha, chegaradagi barcha tortishuvlarda tojik tomoni og’ir bo’lib kelmoqda. Sababi, Tojikiston kommunikasiya masalasida Qirg’izistonga bog’lanib qolgan.

"O’zbekiston yo’llarni berkitib qo’ygan. Hamma imkoniyatlarni, temir yo’lni ham yopishgan. Shuning uchun ko’p yuklarimiz Qirg’iziston orqali keladi. Tojikiston boshqa qo’shni bilan aloqasi yaxshi emas ekan, bunisi bilan aloqani yomonlashtirishni istamaydi. Sabr-toqat bilan yaxshilikni kutadi", - deydi Rasulzoda.

Tilav fikricha, Tojikistonda Rog’un, Qirg’izistonda Qambarota GESlari qurilishidagi muammolar bu ikki davlatni hamdardlar qatoriga qo’ygan. Chegaradagi tartibsizliklar esa mayda ish kabi ko’riladi.

Mahalliy huquqshunoslardan biri aytadiki, chegaradagi mojarolar kichik emas, buning ortida katta narsalar bor.

"Masalan, bunaqa to’qnashuvlar mintaqa mamlakatlari birlashuviga raxna soladi. Integrasiyaga to’sqinlik qiladi. Bu mayda-chuyda ish emas", - deydi u.

Rasulzodaning fikricha, buzg’unchi tashqi kuchlar yo’q emas. Bunga oddiy odamlar qo’l urmaydi.

"Shunaqa kuchlar borki, odamlarni buzg’unchilikka undaydi. Bu kuchlar Tojikistonning Qirg’iziston bilan do’stona samimiy munosabatlarini istamaydi. Isfaraga chegaradosh Qirg’iziston yerlaridan go’yoki qandaydir begonalarga yer ajratilayotgani qasddan chiqarilgan uydirma. Bularning hammasi dushmanlar tarqatgan beasos gaplar. Bunaqa gaplar o’sha uchinchi kuchlar tomonidan tarqatiladi. Maqsad - buzg'unchilik", - deydi Tilav.

Ikki davlat orasida goh-goh takrorlanib kelayotgan qonli to’qnashuvlar sababini tahlil etarkan, Rahmon Egamberdiyev ham bu ishlar yoshlarni qasddan yo’ldan buzib uyushtirilmoqda deb hisoblaydi.

"Isfana tarafda notinchroq bo’lishiga sabab hamma yerning, hamma ko’chaning buziqisi bor. Yosh bolalarga tayinlab qo’yishadi, kechasi taraqlatib shiferga tosh otadi. Biz yuz foiz bozorimizni Qirg’izistonning Sulyukta, Isfana bozori bilan qilamiz. Shu paytgacha qirg’iz bilan janjallashganimiz yo'q", - deydi Egamberdiyev.

Ba’zi tahlilchilar nazarida Tojikiston va Qirg’iziston muammolari hali hal etiladigan emas. Negaki, masala xalq orasida emas, rahbarlar o’rtasida muhokama qilinmoqda, yurt manfaatlari inobatga olinmayapti. Holbuki, xalq esa birlik va ittifoqni istaydi.

XS
SM
MD
LG