Markaziy Osiyoda Xitoy manfaatlari, sarmoya va terrorizm xavfi

  • Amerika Ovozi

Bishkekda 30-avgust kuni Xitoy elchixonasi yonida bir kishi mashinasini portlatgan. Hujumchi halok bo'lib, uch fuqaro jarohatlangan.

Bishkekda 30-avgust kuni Xitoy elchixonasi yonida bir kishi mashinasini portlatgan. Hujumchi halok bo'lib, uch fuqaro jarohatlangan.

Seshanba, 30-avgust kuni Qirg'izistondagi Xitoy elchixonasi yonida portlash sodir etildi. Voqea Xitoyning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va siyosiy manfaatlari terrorizm nishoniga aylanishi mumkinligidan nishona, deydi tahlilchilar.

Pekin portlashni qoralab, zo'ravonlik va ekstremizm deya ta'rifladi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Bishkekdan hodisani izchil tergov qilishni, aybdorlarni jazolashni so'ramoqda. Qirg'iziston ham voqeani terror hujumi deya atagan. Portlashni sodir etgan shaxs o'lib, qirg'izistonlik uch fuqaro jarohatlangan.

"Juda kuchli portlash bo'ldi. "Islomiy davlat" to'dasining ishi, Amerika elchixonasini nishonga olishdi, deb o'yladik. Hech kim Xitoy elchixonasiga hujum bo'ladi deb xayoliga keltirgani yo'q", - deydi elchixona yaqinida yashovchi Chingiz Sharshekeyev ismli fuqaro "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Ekspertlarning so'zlariga ko'ra, Pekin Markaziy Osiyoda siyosiy va iqtisodiy ishtirokini oshirayapti. Ayni paytda tabiiy zaxiralarga boy regionda Xitoyga qarshi kayfiyat ham kuchaymoqda.

"Elchixonaga qarshi xuruj siyosiy bir harakatdir", - deydi tahlilchi Do'sim Satpayev. "Xitoydagi radikal ayirmachi guruhlar Markaziy Osiyoga qatnab qolgani haqida xabarlar bor", - deydi u.

Bishkekdagi Amerika Universiteti professori, siyosatshunos Medet Tulegenov so'zlariga ko'ra, hujum Yaqin Sharqdagi radikal guruhlar uslubida sodir etildi.

Xitoy bir necha o'n yildirki, iqtisodiy jihatdan gurkiramoqda. Mamlakat Markaziy Osiyoda ko'p tomonli strategiyaga zo'r bergan - Pekin mintaqani o'z iqtisodiy va milliy xavfsizlik manfaatlari uchun muhim deb biladi. Xatto Rossiya bilan aloqalar ikkinchi darajaga o'tib qolgan.

Ekspertlar Xitoy ekonomikasi jadal o'sgani sari xomashyoga talab oshayotganini aytadi. Markaziy Osiyo esa Xitoyga kerakli xomashyoga boy regiondir. Bundan tashqari, Xitoy mollari mintaqa bozorlarini egallab olgan. Pekin energetika, savdo va transport kabi sohalarda bu davlatlar bilan bir necha milliard dollarlik bitimlar imzolagan. Mintaqaning ko'p o'lkalariga mo'may moliyaviy yordam, qarz berib keladi.

Bundan tashqari, Pekin Xitoyni Markaziy Osiyo va butun dunyoga bog'laydigan "Ipak yo'li"ni ham ta'sis etdi. Turkmanistonni O'zbekiston, Qozog'iston orqali Xitoyga ulaydigan 1800 kilometrlik gaz quvuri ana shunga misol.

Tojikistonda Pekin energetika va transport sektorlariga pul sochmoqda. Dushanbe taraqqiyot loyihalari uchun yuz millionlab dollar madad oldi. Ikki mamlakat qator savdo shartnomalariga qo'l qo'ygan.

Neftga boy Qozog'iston bilan Xitoy savdo-sotiq, iqtisodiyot sohalarida qalin hamkorlar. Pekin bu yurtning energetika, neftni qayta ishlash, gidroenergiya va avtomobilsozlik kabi sohalariga o'n millardlab dollar investitsiya ajratdi.

Ayni paytda Pekin O'zbekistonning neft va gaz sektorlarida iqtisodiy ishtirokini sezilarli oshirdi.

"Investitsiya bobida O'zbekistonda Xitoy birinchi o'rinda", - deydi bu mamlakatning O'zbekistondagi elchixis Sun Lizi.

Qirg'izistonda ham Xitoy muhim sarmoyachi. Bishkekning eng yirik savdo hamkori va bu borada Rossiyadan o'zib ketgan.

Pekin Bishkekda sovetlar davridan qolgan markaziy elektr zavodini qayta qurish uchun 3 milliard dollar berishga tayyor, deydi Sharshekeyev. Qirg'iziston janubi va shimolini ulovchi strategik yo'llar qurilishi uchun Xitoy yana 400 million dollar ajratmoqchi. Moliya quyilib kelayapti, deydi Sharshekeyev.

Tahlilchilar esa regionda borgan sari Xitoyning manfaatlari nishonga olinishi mumkin, deya ogohlantiradi.

"Xitoy bu mintaqa xavfsiz emasligini tushunishi kerak. Markaziy Osiyodagi deyarli har bir davlat ekstremizm va terrorizm xavfi bilan yuzlashmoqda. Xitoy fuqarolari, xususan, Xitoy biznesmenlari o'ljaga aylanishi hech gapmas", - deydi Do'sim Satpayev.

Bishkekdagi portlashni kim sodir etgani noma'lum. Ekspertlar voqea ortida uyg'ur ayirmachilari turganini taxmin qiladi. Uyg'urlar Xitoy hukumatini bosimda, bu elat dini, madaniyati, tili va haqlarini bo'g'ayotganlikda ayblab keladi.

Uyg'urlar Qirg'izistondagi kichik bizneslarda hissasi salmoqli edi, deydi eskpert Aydar Kurtov. Biroq Xitoyning talabi bilan Bishkek bu bizneslarning ko'pini yopib yuborgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG