Siyosat va ayollar; vatan va fan doktorlari - yosh mutaxassislar davrasida


Jorj Vashington universitetida

Jorj Vashington universitetida

Markaziy Osiyodan chiqqan ikki mutaxassis o'tgan besh oy davomida Jorj Vashington universitetida malaka oshirdi. Biri Qirg'izistondan, ikkinchisi esa O'zbekistondan.

Markaziy Osiyo yosh mutaxassislarini ilmiy jihatdan quvvatlab, ularni G’arb akademik va professional doiralari bilan tanishtirishni maqsad qilgan dasturga (Central Asia Fellowship) o’tgan ikki yil mobaynida 400 professional hujjat topshirgan. Faqat to’qqiz nafari tanlangan. Yutsangiz, besh oy davomida Jorj Vashington universitetida saboq olasiz va o’zingiz xohlagan mavzuda izlanasiz. Loyihani shu dargohning Markaziy Osiyo markazi yuritadi, grant beruvchi ham Jorj Vashington universiteti.

Dasturning so'nggi ishtirokchilari

Nataliya Zaxarchenko (Natalia Zakharchenko) Bishkekdan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining bu shahardagi akademiyasini tugatgan va inson huquqlarini targ’ib qiluvchi Norvegiya Xelsinki Qo’mitasida tahlilchi bo’lib ishlaydi. Migratsiya, qonun ustuvorligi hamda suv ta’minoti singari murakkab masalalar yuzasidan izlanishlar olib borgan. 2014-yilning sentabr oyidan beri esa asosiy e’tibori vatanida xotin-qizlar siyosatda qanchalik rol o’ynayotganida. Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo’limida oshirgan malakasini bebaho deya ta’riflaydi.

Tadqiqotni u Vashingtonga kelishidan ancha oldin boshlagan. Bu yerda u tahliliy uquvini oshirdi.

Markaziy Osiyo ayollari siyosatda bugun ozgina bo’lsa-da, o’z o’rniga ega. Deputatlar, vazirlar, turli davlat va no-davlat organlarining rahbarlari orasida ayollar ko’paygan. Murakkab bir yo’lni bosib o’tishdi va doimiy harakatda, deydi Zaxarchenko.

2005-yilda Qirg’izistonda ayol siyosatchi yo’q edi. 2007-yilda parlamentning 27 foizi bu jins vakillari bo’ldi. 2010-yilga borib, 21 foizga tushdi. Hozirda esa 23 foiz. Muhimi, odamlar ayol deputatlarga ozmi-ko’pmi o’rgana boshladi.

Mamlakatning birinchi ayol prezidenti Roza Otunbayeva parlamentdagi muayyan o'rinlarni ayollar uchun ajratish kerak deb keladi. Uningcha kvota sistemasi intiluvchan xotin-qizlarga siyosatga kirish imkoniyatini kafolatlaydi. Kirib olgandan keyin esa xalqqa qanchalik xizmat qiladi, bu uning iqtidori va vijdoniga havola.

Zaxarchenkoning ma’ruzasini tinglagan ekspertlar deydiki, jahon bo’ylab siyosiy qarorlarning atigi 20-25 foizi ayollar tomonidan qilinishini hisobga olsak, bugun ham xotin kishining asosiy vazifasi uyda deb fikrlovchi jamiyatlarda ularning yuqori pog’onalarga ko’tarilishi serqirra qudrat talab qiladi.

Bilim olish uchun bugun nafaqat xohish va qunt balki katta moliya kerak. Oila qurgandan keyin ayollar farzand ko’radi. Erkak kishi karyera qilayotgan paytda uning rafiqasi, aksariyat hollarda, uyda bolalar bilan band. Qirg’izistonda, masalan, ayol siyosatchilar asosan 50-60 yoshlar orasida, chunki shu davrga kelibgina ular o’ziga xos nufuz orttirgan, siyosiy maqsadiga yeta olgan, deydi Zaxarchenko.

Natalia Zaxarchenko, Qirg'izistondan

Natalia Zaxarchenko, Qirg'izistondan

Aytish joiz, mamlakat janubida katta sonni tashkil etuvchi o’zbeklar orasidan biror ayol siyosatchi chiqmagan. Buning sabablari ham an’anaviy talablar bilan izohlanadi.

Qirg’iziston fuqaro jamiyatida, ya’ni nohukumat tashkilotlarda xotin-qizlar faol.

Biroq deputatlikka saylanish uchun partiya fotihasini olishdan tashqari bilim va malaka kerak. Eng muhimi, ayol o’ziga ishonishi shart.

Qirg’izistonda bugunga kelib deputatlarning yarmi ayol bo’lishi kerak degan fikrlar yangramoqda, lekin bu bilan jamiyatda xotin-qizlarning roli oshib qolmaydi.

Siyosiy qarorlar ortida turish uchun ayollar rahbarlik lavozimiga ko’tarila olishi kerak. Erkaklar bilan bellasha olishi, ulardan ustun kela olishi kerak. Muammolarni hal qilib, nimaga qodirligini ko’rsata olishi kerak. Aks holda, deya eslatadi Zaxarchenko va uning xulosalarini tinglagan ekspertlar, parlamentning “mana buncha foizi ayollar” deb maqtanishdan naf yo’q.

Gap bu ayol deputatlarning nimani eplayotganida va mamlakat taraqqiyoti yo’lida naqadar hissa qo’sha olayotganida. Ayol deputatlar nafaqat Qirg’izistonda balki boshqa davlatlarda ham asosan ijtimoiy masalalar, sog’liq, ta’lim va madaniy sohalarga e’tibor qaratadi. Byudjet, xavfsizlik, adliya, iqtisod va tashqi siyosat esa asosan erkaklar shug’ullanadigan yo’nalishlardir.

Vaziyatni o’zgartirish uchun siyosatchi bo’laman degan ayollarni treninglardan o’tkazish kerak, deputatlarning malakasini oshirish, ularga xalq bilan muloqot sirlarini, axborot vositalari va jamoatchilik bilan ishlash yo’llarini o’rgatish kerak.

Ayol siyosatchilar bir-birini quvvatlashi zarur. Siyosiy partiyalar ham ayol a’zolariga ko’proq e’tibor qaratib, ularga imkoniyatlar berishi lozim. Zaxarchenko yana bir omilga urg’u beradi. Siyosat bu pul. Deputatlikka saylanayotganlarning ko’pi tadbirkorlar va biznes olamida tanilgan odamlar.

Marina Kayumova, O'zbekistondan

Marina Kayumova, O'zbekistondan

Marina Kayumova Toshkentdan, mashhur Kembrij universitetini bitirgan. Yevropa parlamenti, O’zbekiston davlat patent idorasi singari joylarda ishlagan. Jorj Vashington universitetidagi dastur doirasida u chet elda doktorlik unvonlarini olgan yurtdoshlar bugun nima bilan band ekanini o’rgandi.

Vatanda emas, turli mamlakatlarda o’z sohasida ishlab yurgan mutaxassislardan 18 nafari (9 ayol va 9 erkak) bilan suhbatlashdi. Ayollar uchun avvalo bu yo’ldan borish qiyin, chunki ko’pchilik oilalar qizini begona yurtga yolg’iz yubormaydi, ayniqsa uzoq muddatga. O’g’il o’qigani ma’qul, undan ko’proq foyda, deb o’ylashadi. Vaholanki, mustaqillik yillarida xotin-qizlar yurt kezib, pul topa olishini isbotlab kelmoqda.

Xorijda fan doktori deb tan olinganlardan ona yurt hozircha qancha moddiy manfaat ko’rayotganini o’lchab bo’lmaydi, deydi Kayumova. O’zbekiston tomon doimiy moliyaviy oqim migrant ishchilardan. Olimlar oddiy mehnatkashlar singari muntazam pul yubormaydi, deydi u, o’z izlanishlariga tayangan holda.

Ular keltirayotgan foyda ma’naviy: O’zbekistonni dunyoga tanitmoqda, jahon tajribasini o’rganmoqda, global taraqqiyotga hissa qo’shmoqda.

Akademik sohada ishlayotganlar, deya kuzatadi Kayumova, vatandoshlar bilan ham unchalik yaqin emas. Tilni yaxshi bilgani, mezbon jamiyatga chuqurroq kirib ketgani uchun ular muhojir jamoalardan uzoqda yuradi.

Jorj Vashington universitetida

Jorj Vashington universitetida

Vatanga sarmoya kiritish yoki yordam berish imkoniyati bo’lganida, “jon derdim” degan gaplarni aytishadi. “Maosh bilan oilamni boqa olganimda” yoki “o’z sohamda halol ishlab ko’tarila olganimda, ona yurtimga qaytardim”, deyishadi.

O’zbekistonga kirib-chiqish qiyinligi, chiqish vizasi olish talabi, uzoq payt chet elda yurganlarga nisbatan bosim sabab bu ziyolilar vatanga ko’p bormaydi. Vaziyatni o’zgartirish uchun yuqorida tilga olingan masalalarni bartaraf etish kerak.

Xorijda o’qib kelganlar vatanda o’z sohasida erkin ishlashni istaydi. Zarur sharoit xohlaydi. Buni kim yaratishi kerak? Hukumat, tegishli organlar va eng muhimi iqtidorli yoshlarning o’zi bu masalaga yechim izlashi lozim.

Chet elda yurgan mutaxassislardan nima foyda?

Chet elda yurgan mutaxassislardan nima foyda?

Siz o’zgacha bilim orttirib, o’zgacha o’ylay boshlaganingiz bilan vatandagi ahvol sizga moslashib qolmaydi. Bunga qanday erishish mumkin? Kim nima qilishi kerak? Xalqaro tashkilotlar bu borada yordamga kelishi zarur, deydi ayrim mutaxassislar. Sharoitni yaxshilash har tomondan kuchli tashabbuslar talab qiladi.

Marina Kayumova fikricha, Kembrij universiteti bilan hamkorlikda Toshkentda Yuqori texnologiya markazi bunyod etilgani va chet el universitetlarining filiallari ochilgani hukumat chora-tadbir ko’rayotganidan dalolat.

Biroq, deydi u, aniq va gumanitar fanlar bo’yicha dunyoning nufuzli universitetlarida doktorlik unvonini olib, o’z sohasida global yangiliklar qilishga harakat qilayotgan o’zbekistonliklar vatanga qaytishga shoshmayapti.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG