O'zbekiston Tashabbusi - Amerikada yangi ilmiy-tahliliy internet loyiha


Markaziy Osiyo bo'yicha yillik anjuman, Jorj Vashington universiteti, 24-fevral, 2014

Markaziy Osiyo bo'yicha yillik anjuman, Jorj Vashington universiteti, 24-fevral, 2014

Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo’limi shu kunlarda O’zbekiston Tashabbusi degan yangi bir loyihaga asos soldi. Maqsad – O’zbekistonga doir ilmiy-tahliliy materiallarni bir joyga to’plab, yagona va boy manba yaratish. Dunyoning turli burchaklaridan olimlar va mutaxassislar o’z tadqiqotlari va maqolalarini bu sahifa orqali boshqalar bilan baham ko’rishi mumkin.



O’zbekiston Tashabbusi (Uzbekistan Initiative) loyihasi rahbari Marlen Laruel (Marlene Laruelle) deydiki, mamlakatga e’tiborni oshirib, uni yaqindan o’rganish; bu davlat ilmiy doiralari va ziyolilari bilan hamkorlik qilish; O’zbekiston deganda mana shu yangi sahifaga kirib, noyob ma’lumotlar ola bilish; mutaxassislarning ishini ko’z-ko’z qilish; nafaqat ingliz, balki o’zbek va rus tillarida ham maqolalar chop etish – universitet va Markaziy Osiyo bo’limining ezgu niyati. Albatta, taklif qilinayotgan materiallarning sifati va ko’lami ilmiy talablarga javob berishi shart.

O'zbekiston Tashabbusi - yangi veb loyiha

O'zbekiston Tashabbusi - yangi veb loyiha

Qiziqqanlar www.uzbekistan-initiative.org (shuningdek, www.centralasiaprogram.org) saytiga kirib, proyekt bilan tanishishi va koordinatorlar bilan bog’lanishi mumkin.

Jorj Vashington universiteti Markaziy Osiyodan yosh mutaxassislarga Amerikada olti oy izlanish va malaka oshirish imkoniyatini ham taklif qiladi, maxsus stipendiya asosida. Tanlovdan o’tgan yoshlar bir mavzu ustida izlanib, ilmiy maqola yozadi, uni taqdim etadi va bu materiallar ham yuqorida qayd etilgan sahifalarda chop etiladi.

24-fevral kuni Jorj Vashington universitetida o’tgan yillik anjumanda O’zbekiston eng ko’p tilga olingan davlat bo’ldi. Bejiz emas, albatta. O’zbekiston mintaqada eng ko’p aholiga ega respublika, shuningdek, bugun Toshkentda ketayotgan tergov ishlari va ularning aynan prezident oilasi bilan bog’liq ekani e’tiborni yanada oshirgan.

Biznes imperiyasiga darz ketgan Gulnora Karimova, prezidentning to’ng’ich qizi, O’zbekiston uchun eng dolzarb muammo emas va bu davlat haqida gapirganimizda, ahamiyatni oddiy xalq hayotiga, jamiyatdagi tub masalalarga qaratish kerak, deydi Sara Kendzior (Sarah Kendzior), o’tkir sharhlari va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi bilan tanilgan ekspert. Kendzior xonim o’zbek tilini biladi va adabiyotini sevib o’qiydi, internetda o’zbekistonliklar bilan aloqada; bu yurtni virtual tarzda bo’lsa-da, yaqindan kuzatib keladi. Ko’plab tahliliy-tanqidiy materiallari bilan tanilgan.

O’zbekiston – yopiq jamiyat, hukumat axborot oqimini cheklaydi, deydi Sara Kendzior, lekin internet dunyoni tebrata boshlagan bu asrda odamlardan informatsiyani yashira olmaysiz. Xalq haqiqatni biladi. To’siqlarga qaramay odamlar o’z dardini aytmoqda, fikr va qarashlarini tushuntirmoqda va o’zbekistonliklar orasida, vatanda va xorijda, o’ziga xos muloqot vujudga kelgan.

Toshkentdagi mavhumlik, O’zbekiston kelajagi xususida yangrayotgan xavotirlar va ertaga kim prezident bo’ladi, nima qiladi degan tinimsiz savollardan qa’ti nazar, Amerika va Yevropa Ittifoqi respublika xalqi bilan aloqani susaytirmasligi kerak. Rasmiy muzokaralarning o’zi yetmaydi, oddiy xalq bilan bog’lanish, uning dardini eshitib, shundan kelib chiqqan holda siyosatni belgilash kerak, deydi Sara Kendzior.

Garvard universitetidan Lora Adams (Laura Adams) va Registan.net, Markaziy Osiyo haqidagi tahliliy blog va maqolalari bilan nom qozongan sayt bosh muharriri Noa Taker (Noah Tucker) yuqoridagi fikrlarga qo’shiladi. Amerika hukumati yillar davomida mintaqa, xususan O’zbekistonni o’rganish, mamlakatga borib izlanish uchun mablag’ ajratib, grantlar berib, turli dasturlarga homiylik qilar edi. Moliya yo’q deya so’nggi yillarda ko’plab programmalar bekor qilindi. O’zbekiston hukumati tanqidiy qarashlari bilan tanilgan olimlarga viza bermaydi, ularni davlatga kiritmaydi. Erkin izlanish mumkin emas. Ilmiy-ta’limiy almashinuv programmalarining aksariyati aynan O’zbekiston qarshiligi bilan yopilgan - Amerika ta’sirini kamaytirish uchun.

Ijtimoiy-madaniy mavzulardagi ilmiy ishlari bilan tanilgan Lora Adams nazarida O’zbekistonda olimlar va talabalar Amerikadagi hamkasblari va tengdoshlaridan uzilib qolgani har ikki tomon uchun birdek zarar. Uzoq muddatda bu har ikki jamiyat uchun cheksiz ziyon keltiradi. Davlatlar til topisha olishi uchun, odamlar bir-birini tushunishi, buning uchun esa bir-birimizni o’rganishimiz kerak. O’rganish uchun esa har ikki davlat yo’l ochib, ziyolilarga yordam berishi lozim.

Islom va siyosat bo’yicha mutaxassis Noa Taker ham Sara Kendzior va Lora Adams singari o’zbek tilini o’rgangan, O’zbekistonda izlangan va bu jamiyat bilan yaqindan hamkorlik qilish kerak deya undab kelayotgan ekspertlardan biri. Registan.net sayti O’zbekiston va qo’shni mamlakatlardagi ziyolilarning, ayniqsa yosh mutaxassislarning tahliliy maqolalariga muntazir, deydi u. Marhamat, deydi u, fikr almashing, e’tibordan chetda qolib ketayotgan mavzularni ko’tarib chiqing, odamlarga bilim beradigan, ularni o’ylantiradigan materiallar yozing. Registan.netda chiqqan so’nggi maqolalar turkumida, masalan, O’zbekistonda sog’liqni saqlash tizimi qanchalik xarob ekani haqida hikoya qilinadi. Yana bir maqolada Qirg’izistondagi partiyabozlik va siyosiy va’dabozlik to’g’risida gap ketadi.

Markaziy Osiyo bo'yicha yillik anjuman, Jorj Vashington Universiteti, 24-fevral, 2014

Markaziy Osiyo bo'yicha yillik anjuman, Jorj Vashington Universiteti, 24-fevral, 2014

E’tiqod odamlar hayotida muhim omil va uning ahamiyati tobora kuchayib bormoqda, deydi Noa Taker. Islomning turli oqimlari va ularga kirgan o’zbekistonliklar internetda faollashgan.

Din ayniqsa yoshlar orasida qizg’in mavzu. Lekin dunyoqarashni kengaytiradigan va ilmiy saviyani oshiradigan qo’llanmalar topish qiyin.

Bir narsa oydek ravshan, deydi Noa Taker, mutaassib qarashdagi o’zbekistonliklar bor. Biroq O’zbekistonda eng ko’p tahdid diniy ekstremizmdan kelayotgan yo’q. Muammo iqtisodiy yetishmovchilik, ishsizlik, imkoniyatsizlik va repressiyada.

Deyvid Abramson (David Abramson) va Lorens Markovitz (Lawrence Markowitz) kabi boshqa olimlar ham xavfni iqtisodiy muammolarga bog’laydi. Tuzumda gap ko’p, deydi ular, uning qanday ishlashi haqida aniq ma’lumotlar olish qiyin.

Toshkentdagi hozirgi mojarolarning sabablari va kim kimga qarshi ekani haqida taxminiy fikrlar bildirish oson, ammo bu nizolar nimaga yetaklaydi? Karimov prezidentlikdan ketadimi? Kelasi yil, kutilganidek, saylovlar bo’ladimi? Karimov rahbar sifatida bugun qanchalik zaif yo qudratli? Gulnora Karimovaga qarshi kampaniya ortida kimlar turibdi? Milliy xavfsizlik xizmati biz o’ylaganchalik mustahkammi? Tuzum va jamiyat o’zgarishi uchun nimalar qilmoq zarur? Iqtisodni ko’tarish uchunchi?

Bu singari savollarga amerikalik olimlar va ekspertlarda aniq javoblar yo’q. Bu tabiiy, deydi mutaxassislar, javobni avvalo o’zbekistonliklar berishi kerak, afsuski, ularni haqiqat tomon yetaklovchi yo’llar ham yopiq. Biladiganlar og’iz ochmaydi. Ochsa ham ularning aytganini tasdiqlashning iloji yo’q. Bugungi O’zbekiston mana shunday ahvolda. Vashingtondagi davra suhbatida yangragan xulosa shu.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG