Tojikistonda omma din, siyosat va kelajak haqida qarama-qarshi fikrda


Ko'pchilik bugungi qiyinchiliklarda repressiv hukumatni ayblaydi

Ko'pchilik bugungi qiyinchiliklarda repressiv hukumatni ayblaydi

Markaziy Osiyoda mavjud siyosiy-iqtisodiy muammolar kun sayin oshib borar ekan, mintaqada birdamlikka ehtiyoj ortmoqda.

Lekin tabiy boyliklari tufayli qariyb 50 millon aholisi bilan yirik kuchga aylanishi mumkin bo'lgan Markaziy Osiyoda rahbarlar hech kelisholmaydi.

Mutaxassislar buni sharoitlar orasidagi farqlarda ko'rsa, oddiy xalq nazarida asosiy muammo - liderlarning bir-biriga ishonmasligi.

Muxolifat tor-mor qilingan. Mintaqada diniy mafkura kuchayib bormoqda.


Markaziy Osiyoda asrlar davomida tarixan bir bo’lgan yurt xalqi tabiiyki, birlikni qo’msaydi, unga intiladi.

Rahbarlar kelisholmas ekan, xalq orasida integratsiya turli shakllarda o’z ifodasini topadi.

Xalifalik tuzish aqidaparstlikka botayotgan mintaqa aholisi diqqatini jalb etishi shubhasiz. Ayrimlar bu g’oyada kuch bor desa, ko'plab ekspertlar uni asossiz va poydevorsiz deb hisoblaydi.

Shohmansur ismli mahalliy taqvodor xalifalik albatta barpo etiladi deb ishonadi. Buni u hukumatlarning repressiv siyosati va haqsizlikning kuchayishi bilan izohlaydi.

“Inshalloh, hammasi bo’ladi. Qarang o’zingiz, na odob bor, na ilmu, na iymon! Bu davlatchilik emas, bir molbozor bo’ldi. Odam bolasining qadri qolmayapti. Istaganini qilishmoqda. Biz shariat arkonlariga mos tartib o’rnatsak nimasi yomon? Zo’ravonlikni targ’ib etmaymiz, aksincha unga qarshimiz. Mintaqada biron mamlakat integrasiya jarayoniga yetakcilik qilolmaydi, Rossiyaga umid qilmaslik kerak. G’arb mafkura va madaniyati o’lkaga yopishmaydi. Bizni birlashtiradigan faqat din qoldi, shuni ham bosib kelmoqdalar”,- deydi bu yosh tojikistonlik.

Tahlilchi Yusufiy fikricha xalifalik xatar deb bong urayotganlar hukumat atrofidagi kishilar, ularning hammmasi mavjud tuzum saqlanishi va mustahkamlanishidan manfaatdor.

Aslida, deydi bu ziyoli, xalifalik xayolida yurganlarning birortasi davlatchilik asoslari haqida hech narsa bilmaydi, hammasi adashganlardan iborat.

Yusufiy nazarida, Rossiyadan Tojikistonga xalifalik g’oyasini olib kelayotgan yoshlar aslida shunchaki namozdan nariga o’tmaydi, ular uchun din "moda" xolos.

Rus eksperti Dmitriy Aleksandrov xatar bor deydi, ammo u odatda bo'rttiriladi. Afg’oniston va Pokistonda terroristlar tayyorlovchi lagerlar bor, bu hammaga ma’lum. Sharoitdan kelib chiqib mintaqada ekstremistik guruhlar xavfi kuchayishi mumkin, chunki xalqaro kuchlar chiqib ketgandan so’ng Afg'onistonda nazorat kamayadi, deydi u.

“U yerdagi kuchlar nigohini Markaziy Osiyoga qaratishi shubhasiz, ammo bu ba’zilar aytayotgandek, ko’lamli va kuchli bo’lmaydi”,- deydi Aleksandrov.

Xalifalik tuzilishiga ishonuvchi Shohmansur esa hamma narsa vaqti-soati bilan targ’ibot orqali bo'ladi deydi.

“Hozir bu bo’lmaydi deyishmoqda. Kim SSSR yo’q bo’ladi deb o’ylardi, barbod bo’ldiku! Man jihodga chiq, Suriyaga bor, demayman. Xalq o’zi boradi, boryapti ham. Mavjud hukumatlar mintaqani birlashtirolmayapti. Hammasi ojiz, hammasi repressiv hukumatlar, kelajak esa bizniki”.

Sharqshunos Dilafro’z Qodirova deydiki, mintaqa aholisining radikallashuvi ba’zi qiyinchiliklarni tug’dirsa-da, zamon yoshlarining aksari mutaassiblikdan yiroq.

Uning fikricha, islom Markaziy Osiyoda yaqin yillarda katta siyosat maydoniga chiqa olmaydi. Dindorlarda faolllik sezilsa-da, deya kuzatadi Qodirova, ular na insoniy, na iqtisodiy va na moliyaviy resurslar bor. Bularsiz hech narsaga erishib bo’lmaydi, deydi ziyoli.
XS
SM
MD
LG