Markaziy Osiyo davlatlari hamkorlikni kengaytirish tashvishiga tushdimi?


Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev (chapda) va O'zbekiston rahbari Islom Karimov

Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev (chapda) va O'zbekiston rahbari Islom Karimov

Kuzatuvchilar fikricha, Rossiyanining Ukrainaga nisbatan bosimi Markaziy Osiyo davlatlarining ko`p vektorli tashqi siyosatini xavf ostiga qo`ya boshlagandek. Rossiya yetakchiligidagi “Evrosiyo ittifoqi”ga kirishga hozirlanayotgan Qozog`iston ham endi mintaqaviy integratsiyasini chuqurlashtirishga chaqirmoqda. Osiyo Taraqqiyot bankining Astanada o`tgan yillik yig`ilishida so`zlagan Nursulton Nazarboyev “Buyuk ipak yo`li” loyihasini mintaqa farovonligining garovi sifatida taqdim etdi.

G`arb tomonidan dastaklanayotgan bu loyiha Moskva yetakchiligidagi “Evrosiyo ittifoqi”ning muqobili sifatida ham ko`riladi. Nazarboyev Astanadagi chiqishida mintaqa bo’ylab hamkorlikni kuchaytirishga alohida urg’u berdi.

Nazarboyevning bu bayonoti shu oy oxirida “Evrosiyo iqtisodiy ittifoqi” bitimi imzolanishi arafasida bildirilmoqda. Qozog`istonda esa Rossiya bilan ittifoqqa kirishishga qarshi xavotirlar oshmoqda.

Ekspertlarning aytishicha, Rossiyani yoqlash bilan tashqi siyosatini Moskvaga qaram qilib qo`yganini anglagan Nazarboyev so`nggi paytda o`z xatolarini to`g`rilashga urinmoqda.

“Qozog`iston Rossiya pozitsiyasini yoqlab Qrimdagi referendumni tan olish bilan aniq xatoga yo`l qo`ydi. Keyinchalik bu xatoni to`g`rilashga urindi, BMTda Qrim bo`yicha ovoz berishda betaraf qoldi. Bosh vazir Masimov Qozog`iston Ukraina bilan savdo aloqalarini tiklashga tayyorligini bildirdi. Bu bilan Qozog`istonning ko`p vektorli tashqi siyosatga sodiq qolayotganini ko`rsatishga urinishmoqda. Ammo fakt shundaki, Qozog`iston Bojxona ittifoqiga kirmagan paytda siyosatda hozirgidan ko`ra mustaqilroq edi. Masalan Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olmagan edi. Hozir esa Qozog`istonning tashqi siyosatdagi imkoniyatlari cheklanib qolayotgani sezilmoqda”, - deydi qozoq eksperti Do`sum Satpaev.

Kuzatuvchilar Nazarboyevning mintaqada integratsiyani chuqurlashtirish haqida aytgan navbatdagi bayonotini ko`proq diplomatik mulozamat sifatida baholamoqda.

Satpayevga ko`ra, Nazarboyev avval ham mintaqaviy hamkorlik g`oyalarini o’rtaga tashlagani bilan taniqli. Ammo qo’shnilar bilan aloqalarning bir tekis emasligi va Qozog`iston tanlagan rivojlanish yo`lining farqli o’zanga qarab ketayotgani hududiy ittifoq haqida jiddiy gapirish uchun hali erta ekanini ko’rsatadi.

“Hozirgacha mintaqa hamkorligini tiklash harakati natija bermadi. O`ylashimcha, Nazarboyev buni yaxshi tushunadi. Ayniqsa, O`zbekistonning qo`shni davlatlar bilan aloqasi ziddiyatli qolar ekan, hamkorlik haqida gapirish qiyin. Qolaversa, Qozog`istonning o`zida ham buning uchun jiddiy xohish yo`q. Mamlakat nomini Qozoqeliga o`zgartirish borasidagi tashabbuslarni oling. Bu tashabbus ortida Qozo`gistonni mintaqa davlatlaridan ajratib ko`rsatish istagi yotibdi. Hukumat mamlakatni Yevrosiyo a`zosi sifatida dunyoga taqdim etmoqda, bu kuchli targ`ibot qilinmoqda”, - deydi Do`sim Satpaev.

Rossiyaning Ukarainadagi amaliyoti Markaziy Osiyo tomon siljishidan xavotirlar mavjud. Ayniqsa, bu Rossiyaning yon qo`shnisi Qozog`istonda kuchli. Ukraina hodisalari ortidan Evrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bitimi imzolanishi mamlakat mustaqilligini xavf ostiga qo`yishi iddao qilinadi.

Bu xavotirlar mintaqada yetakchilarni o`zaro hamkorlikni tiklashga, birlikka undovchi tashabbuslar bilan chiqishga undamoqda.

“Qozog`istonni bunday hamkorlikni amalga oshirish harakati muvaffaqiyatsiz tugadi. Bugun ham bunday tashabbusning amalga oshishi juda qiyin. Mintaqada o`zaro ziddiyatlar juda kuchli. Mintaqa markazlaridan bo`lgan O`zbekiston muzokarlarni rivojlantirish emas, ziddiyatlarni kuchaytirish pozitsiyasida turibdi. Bu katta minus ”, - deydi Satpaev.

Markaziy Osiyo davlatlari hozirgacha o`zaro hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi bir tashkilotga yig`ila olmagan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG