Ekstremizm Markaziy Osiyoga qanchalik xavf solmoqda?


Toshkent

Toshkent

Xalqaro koalitsiya Afg’onistonni astalik bilan tark etarkan, Markaziy Osiyo bo’ylab hukumatlar xavfsizlikka e’tiborni oshirmoqda. Islomiy jangarilar, ekstremist guruhlar va radikal kuchlar respublikalar tinchligiga hamon raxna solmoqda va Amerika afg’on zaminidan chiqib ketgach, bu tahdid yanada kuchayishi aniq, deydi mintaqa rasmiylari. Ekspertlar bunday xulosadan yiroq. Mutaassib harakatlar hali ham bor, lekin ularning kuchi va xalq ongiga ta’siri hukumatlar ogohlantirayotganidek yuqori emas, deydi mutaxassislar.

Markaziy Osiyoning qay yurtida hukumat a’zolari bilan gaplashmang, bir narsaga qattiq urg’u beradi: Jamiyat dunyoviy yo’nalishda davom etishi kerak va ekstremistik qarashlarga toqat qilinmaydi.

Mintaqa aholisi musulmon, ammo radikal oqimlarga bu yerda o’rin yo’q, deydi siyosiy arboblar. Mana shu iddao asosida din va e’tiqod ustidan o’ziga yarasha nazorat o’rnatilgan.

Diniy erkinlik haqida gap ketganda, rasmiylar bosh qomusga ishora qiladi. Fuqarolar istagan diniga e’tiqod qilsin, lekin uni tashviq qilish cheklangan. Hukumat ma’qullamagan adabiyot o’qilmasin va tarqatilmasin.

Xavfsizlik tizimlari masjidlarda nima bo’layotganini yaqindan kuzatadi. Mustaqil diniy yig’inlarga yo’l qo’yilmaydi. Imomlar – davlat odamlari. Ommaviy axborot vositalarida din yoritilganida urg’u milliy urf-odatlar va ma’naviyatga qaratilsin. Islomning siyosiy jihatlari haqida og’iz ochilmasin.

Mutaxassislar tahlilicha, O’zbekiston, Tojikiston, Qozog’iston, Qirg’iziston va Turkmanistonda bugun manzara umuman olganda shunday.

Amerikalik olim, siyosat va din ustida uzoq yillardan beri izlanib kelayotgan ekspert Noa Taker (Noah Tucker) deydiki, nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahon bo’ylab, xususan G’arbda, islom va musulmonchilikka yondashuv keskinlashgan: dinga berilish mutaassiblikka yetaklaydi, mutaassiblik esa zo’ravonlikka.

Mintaqada rasmiylar ekstremizm xavfi haqida gapirganda, ajnabiy kuchlarni xalq, ayniqsa yoshlar ongini zaharlashga urinayotganlikda ayblaydi va “o’zbekona” yoki “tojikona” musulmonchilikka yot narsalarni tanishtirib, butun tuzumga tahdid solmoqda, deydi.

Noa Taker nazarida mutaassiblikka berilgan va islomiy tuzumni targ’ib qilishga harakat qilayotgan kuchlar hamisha bo’lgan va bo’lishda davom etadi.

Lekin mintaqada ko’pchilik dunyoviylik tarafdori va radikal guruhlar juda oz ta’sir kuchiga ega, deydi u.

Islomni oddiy odamlar turlicha talqin qiladi, aksariyat aholi uchun din madaniy bir tushuncha. E’tiqodni ular siyosatga bog’lamaydi, deydi tahlilchi.

Mustaqillik yillarida odamlar dindorlashgani rost. Bugun namozxonlar ko’p, diniy tadbirlarga e’tibor oshgan, xotin-qizlar orasida hijobga kirganlar ko’p.

Ammo islomning Markaziy Osiyoga xos jihatlari haqida ham unutmang, deydi Noa Taker Vashingtonda o’tgan anjumanda gapirar ekan.

Sufiylik, avliyolarga sig’inish, xudoga nisbatan muhabbatni turli shakllarda izhor etish, ota-bobolar ruhiga suyanib, bugungi muammolarga javobni ulardan so’rash, masalan og’ir kasalliklar yoki farzandsizlikni davolash uchun “eskicha” usullarni qo’llash.

Tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, Markaziy Osiyoda ko’pchilik o’zini hamon shunday musulmon deb biladi, deydi olim.

Zo’ravonlikka yetaklaydigan sabablar esa odatda siyosiy-iqtisodiy muammolarga borib taqaladi. Masalan, repressiya, erkinliklarni cheklash, fuqarolarni ezish, kamsitish.

Azizulla G’ozi (Azizullah Ghazi), yana bir taniqli olim, mutaassib guruhlar internetda tashviqotni kuchaytirib, yoshlarni o’ziga qaratish uchun qanday usullar qo’llayotgani haqida gapiradi. Hukumatlar ular yuritadigan saytlarga to’siqlar qo’ygan, lekin jangarilar zamonaviy yo’llar bilan dinga qiziqqan yoshlar e’tiborini qozonish ilinjida.

Videolar, suratlar, “noyob” ma’ruzalar hatto “Facebook” va “Twitter” singari ommabop saytlar vositasida tarqatiladi.

Furqon.com, sodiqlar.info yoki Jundulloh rukni kabi o’zini islomiy axborot va ma’rifat nashrlari deb atovchi manbalar tinimsiz yangilanishda va qanchalik man etilmasin, faoliyatini davom ettirmoqda, deydi G’ozi.

Harbiy tizimlar salohiyati bilan yaxshi tanish Natan Barrik (Nathan Barrick), yana bir amerikalik tahlilchi, fikricha Markaziy Osiyoda xavfsizlik kuchlari mavjud tahdidning oldini olish va uni bartaraf etishga qodir. G’arb hukumatlar bilan bu borada hamkorlikni davom ettirishi kerak, ammo hozirgidan ortiqcha yordam ko’rsatishga hojat yo’q.

O’zbekiston Islomiy Harakati yoki Islomiy Jihod Ittifoqi bugun juda oz sonli guruhlar, al-Qoida va Tolibonga hamkor to’dalar, mintaqada o’z a’zolari va tarafdorlariga ega bo’lishi mumkin, biroq yaqin yillarda ular kuchayadi deyishga asos yo’q, deydi Barrik.

Yaqinda AQSh razvedkasi bergan bayonotga ko’ra, Markaziy Osiyoda barqarorlikka raxna solayotgan omillar asosan ichki, ya’ni mamlakatlardagi siyosiy-iqtisodiy-ijtimoiy muammolardan kelib chiqadigan nizo va mojarolar.

Ko’p hollarda odamlarni ekstremist harakatlarga yetaklaydigan sabablar ham shu, deydi olimlar, va shu bois ham hukumatlar xavfsizlikka tahdid haqida gapirganda, aybni amaldagi siyosatdan ham qidirishi kerak, afsuski biror davlat buni tan olmaydi.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG