O'zbekistonda dinga nisbatan siyosat va munosabat


O'zbekistonda dinga nisbatan siyosat va munosabat

O'zbekistonda dinga nisbatan siyosat va munosabat

O’zbekiston Markaziy Osiyoning boshqa xalqlari singari o’zini musulmon jamiyati deb biladi. Lekin mintaqa musulmonlari o’ziga xos turmush tarziga ega. Ularni bir so’z bilan dindor deb atash qiyin.

Kamoliddin Rabbimov, mustaqil tahlilchi, bir paytlar O’zbekiston prezidenti qoshidagi Davlat va Jamiyat Qurilishi Akademiyasida faoliyat ko’rsatgan, hozirgi kunda Fransiyada yashab, tadqiqotlar olib borayotgan olim yaqinda yozgan ilmiy maqolasida respublika hayotining ajralmas jihatlarini ochib berishga harakat qiladi.

O’zbekistonda odamlar musulmonman deydi, ammo dasturxonida islomda man etilgan ichimlik va yeguliklarni ko’rasiz. Ramazon va Qurbon hayitiga e’tibor oshgan bo’lsa-da, 31 dekabr - Yangi yil eng keng nishonlanayotgan ayyom, deya yozadi u.

Lekin Kamoliddin Rabbimov fikricha, mintaqada din to’g’risidagi tasavvur borgan sari o’zgarib bormoqda, ham jamoatchilik orasida, ham hukumat darajasida.

Farg'ona

Farg'ona

"1990-yillarning boshida dinga nisbatan urf-odat sifatida qaralar edi, lekin bugungi kunda Markaziy Osiyoning barcha respublikalarida jamiyat tomonidan ham, hukumat tomonidan ham islomga nisbatan munosabat ziddiyatli deyishimiz mumkin. Unga nafaqat urf-odat sifatida qarashadi, balki islom dinining siyosiy potensiali, ijtimoiy-siyosiy yo’nalishdagi hatti-harakatlarini ham anglashadi”, - deydi tadqiqotchi.

Sabablari nima? Ekstremist kuchlarning islom bayrog’i ostida olib borayotgan kurashimi? Axborot vositalarida islom va zo’ravonlik yonma-yon tilga olinayotganimi? Dunyoning eng qaynoq nuqtalaridan kelayotgan shum xabarlarmi?

"Bularning hammasini qamrab oladi, lekin eng asosiysi islom dinining xarakteri. Islom - universallikka intilayotgan din. Islom dini har doim, har qanday vaziyatda o’z pozitsiyasiga ega bo’lishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan. Islom inson, oila, jamiyat va davlat hayotini tartibga solishni o’z ustuvor vazifasi deb biladi. Oxiratga yuzlangan sivilizatsiya sifatida dastur ishlab chiqib, insonlarning oxiratga imkon qadar yaxshi tayyorgarlik ko’rishi uchun muammolarni hal etishga harakat qiladi. Iqtisodda ham, siyosatda ham musulmonlarning moyilligini shakllantiruvchi qudratli institute hisoblanadi”,- deya tushuntiradi Kamoliddin Rabbimov.

Qamalgan dindorlarning ayollari

Qamalgan dindorlarning ayollari

Manzara murakkab. Bir tomondan, deydi u, islomiy muassasalar bo’lmish masjidlar hukumatlarning eng katta ittifoqchisiga aylangan bo’lsa, ikkinchi tomondan aynan islom bayrog’i ostida qarshilik ko’rsatish mafkurasi va harakatlar vujudga kelgan, ya’ni jihodchi guruhlar, islomizm va boshqa holatlar. Islom bayrog’i ostida bugun mana shunday bir-biriga ziddiyatli fenomenlar, jarayonlarni kuzatish mumkin.

E’tiqod erkinligi, vijdon erkinligi. Xalqaro qonunlar, Markaziy Osiyoning har bir davlati kafolatlaydigan huquq. Lekin diniy erkinlik o’zi nima, xususan, O’zbekistonda nimani anglatadi?

“Bilasizmi, bu O’zbekiston sharoitda juda qiziq va aktual savol. Din va vijdon erkinligi ma’lum bir falsafaga ega bo’lgan qadriyat. Bu G’arbda shakllangan bo’lsa-da, aslida universal qadriyat. Musulmon jamiyatlarida bu erkinliklar nasroniy dunyosidagi din va vijdon erkinligidan biroz farq qiladi. Har bir dinning o’z ehtiyojlari mavjud. Ular islom dinida tartibga solingan: farz, vojib, sunnat. Farz va vojiblarni man qilish orqali jamiyatda din va vijdon erkinligiga to’siq qo’yish mumkin. Bugun O’zbekistonda mana shunday to’siqlar mavjud. Masalan ayollarning hijobda yurishi vojib yoki erkaklarning soqol qo’yishi sunnat-ul-muakkada deyiladi, ya’ni payg’ambar tomonidan qattiq taklif qilingan narsa. Mana shu holatlarga O’zbekistonda huquqiy to’siqlar qo’yilgan”, - deydi Rabbimov.

Farg'ona

Farg'ona

Diniy muassalarning faoliyat yuritishi mamlakatda e’tiqod erkinligi bor degani emas.

Shunga o’xshash holat Sovet Ittifoqi davrida ham kuzatilgan, deydi olim, ya’ni ma’lum bir darajada, cheklangan ravishda cherkov va masjidlar ochiq turgan. Ammo jamiyat totalitar tuzum ostida yashagan.

“Bugun O’zbekistonda yoshlarning, maktab yoshidagilarning masjidga qo’yilmasliig, masjidlarning nazorat qilinishi, xutbalardagi mavzularning davlat tomonidan aniqlab berilishi va shunga o’xshash yuzlab misollar borki, din va vijdon erkinligi cheklangan deyishga to’liq asos bor”,- deydi olim.

Lekin ayni paytda din va vijdon erkinligi mutlaq erkinlik degani emas. Bu degani mamlakatda mavjud dinlarning ma’lum bir ehtiyojlari qondiriladi, lekin bir din vakillari boshqa din vakillarining haq va huquqiga tajovuz qilishiga yo’l qo’yilmaydi. Buning uchun qonuniy asoslar ishlab chiqiladi. Diniy tenglik va muvozanat nafaqat qonunda balki amalda ham shakllangan bo’lishi kerak, deydi Kamoliddin Rabbimov.

Andijon

Andijon

Biroq bu muvozanat vujudga kelishi uchun odamlar bir-birining huquqini hurmat qilishni ham o’rganishi kerak, to’g’rimi? Hamma ham dinga birdek yondashmasligi, yuqorida tilga olingan amallarga nisbatan turlicha fikrda bo’lishi tabiiy.

“Jamiyatning ijtimoiy madaniyatiga ko’r narsa bog’liq. Lekin madaniyat hokimiyat tomonidan shakllantiriladigan bir narsa. Masalan O’zbekistonda ommaviy axborot vositalari butunlay hukumat nazoratida. Shuningdek, siyosiy partiyalar, siyosiy kuchlar. Jamiyat tafakkuri, uning hatti-harakati hukumat ta’siri ostida o’tgan 20 yilda ancha o’zgardi. Mana shu o’zgarish boshqa tomonga ham bo’lishi mumkin edi. Agar hukumat din va vijdon erkinligini boshqa o’zanga yo’naltirmoqchi bo’lsa, jamiyatda bu jarayon juda tez kechishi mumkin. Ommaviy axborot vositalari orqali bu huquqlarni ta’minlash oson bo’ladi aslida”.

“Muammolar albatta bo’ladi. Din sohasida har bir jamiyatda muammo bor. Lekin O’zbekiston sharoitida ularni hal etish mumkin, chunki o’lkada musulmonlar orasida mutaassiblik-ekstremizm mavjud emas. O’zbekistonda qancha qancha cherkovlar va ibodatxonalar, boshqa din vakillari bor. Musulmonlar ularga zulm qilayotgani yo’q, ular bunga moyil ham emas”,- deydi olim.

Buxoro

Buxoro

“Eng asosiysi, hukumatning o’zi mana shu qadriyatni anglashi kerak. Afsuski, O’zbekistonda hozir buni kutib bo’lmaydi, chunki siyosiy rahbarlarning mentaliteti ateizm davrida shakllangan. Balki kelajakda keying siyosiy liderlarda mana shunday intilish paydo bo’lar”.

Xalqaro maydonda O’zbekiston diniy erkinlik cheklangan jamiyatlardan biri sifatida tilga olinadi. Lekin respublika rahbarlaridan bu haqda so’rasangiz, ular ekstremizm, mutaassiblikka qarshi kurash olib borilayotganini aytadi. Diniy tarbiya nozik masala, uquvsiz, bilim saviyasi past insonlarga bu borada imkoniyat berish xavfli deya eslatishadi.

Kamoliddin Rabbimov O’zbekistonning bugungi siyosatini shunday sharhlaydi:

Termiz

Termiz

“O’zbekiston hukumati islom dini bilan kurashayotgani yo’q. Musulmonlarning dindorlik darajasi bilan kurashayapti. Masjid, cherkov va sinagogalar rasman faoliyat ko’rsatmoqda, lekin ularning jamiyatga ta’sir qilish imkoniyati mutlaq cheklangan. Ikkinchi tomondan keyingi yillarda an’anaviy islom dini va hukumatning bir-biriga singishi, bir-biriga kirib borish jarayoni kuzatilmoqda. Hukumat din bilan bog’liq hamma narsani nazorat qilish uchun muftiyat va imomlarga tayanadi. Ayni damda imomlar ham o’sha jarayonni effektiv amalga oshirish uchun boshqa konfessiyalarni nazorat qilishni va ularni erkin qo’ymaslikni talab qiladi hukumatdan. Mana shunday qiziq bir holat kuzatilmoqda”.

Mustaqil tadqiqotchi, Ekspert Ishchi Guruhi koordinatori Suhrob Ismoilovning xulosa qilishicha, din xohlaymizmi yo’qmi, jamiyatning har bir qatlami va har bir jarayonga ta’sir qiladi. Bu faqat O’zbekistonda emas, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham bor haqiqat. Islomiy fikrlarni yanchishga urinish bilan barqarorlikka erishib bo’lmaydi, deydi u. Bosim vaqtincha samara berishi mumkin, ammo uzoq muddatda salbiy oqibatlarga olib boradi, deya tushuntiradi olim.

Toshkent

Toshkent

“Shuning uchun mana shu fikrlarni hukumat muqobil, tanqidiy fikr emas, avtomatik ravishda ekstremist fikrlar yoki konstitutsion tuzumga qarshi fikr deb tan olar ekan, bu qarashdan voz kechmas ekan, islom dini va siyosiy elita o’rtasida ziddiyat kuzatilishi mumkin. Kelayotgan 10-15 yil ichida bu tendensiyani bashorat qilish mumkin”.

“Ikkinchidan, mintaqadagi barcha davlatlar o’zlari o’rnatib bergan diniy amaliyotdan tashqaridagi shakllarni dushmanona qabul qiladi va ularga nisbatan faqat repressiv ravishda, huquq-tartibot metodlarini qo’llagan holda kurashish kerak deb o’ylashadi. Bu juda katta xato”,- deydi tahlilchi.

Bir kishi ekstremistik fikrda bo’lsa, uning atrofidagi yoki oilasidagi hamma odam shunday qarashda deb hisoblashga asos yo’q, deydi Suhrob Ismoilov.

“Diniy ekstremizm va uning ortidagi o’ta radikal, terrorizm kayfiyati bu bor narsa. Lekin u hozircha mintaqa mamlakatlaridagi, xususan O’zbekistondagi siyosiy barqarorlikni izdan chiqarishga qodir emas”.

Andijon, 13 may, 2005

Andijon, 13 may, 2005

Suhrob Ismoilov va Kamoliddin Rabbimov yaqinda Qozog’istonda mana shu mavzudagi xalqaro anjumanda qatnashgan. Olimlarning ko’pi, deydi Suhrob Ismoilov, Markaziy Osiyoda sharoit yaratilsa, islom siyosiy tus olishi mumkin degan fikrda.

“Yaqin yillarda agar O’zbekistonda siyosiy va boshqa erkinliklarga yo’l ochilsa, shuni tasavvur qilsak, biz bemalol kutishimiz mumkinki, islomiy dasturga tayangan siyosiy partiyalar maydonga chiqishi mumkin. Albatta, dunyoviy qonunlarni hurmat qilish va ularga bo’ysunish sharti bilan. Biz dunyodagi ko’plab musulmonlar davlatlar tarixi va hozirgi kuniga qarab ayta olamizki, bu O’zbekistondek ko’pchilik aholisi musulmon bo’lgan mamlakat uchun normal holat bo’ladi”.

Afg’oniston-Pokiston orasidagi tog’li mintaqada xalqaro koalitsiya va mahalliy hukumatlarga qarshi kurashayotgan jangarilar orasida markaziy osiyoliklar, jumladan o’zbeklar ham bor. O’zbekiston Islomiy Harakati va u bilan aloqador guruhlar o’tgan yillar ichida ancha zarba yegani, safi toraygani ma’lum.

Amerika havo hujumlariga zo’r berar ekan, ular kelgan yurtiga qaytishga urinishi mumkin. Buning oqibati nima bo’ladi?

O'sh, 24 iyun, 2010

O'sh, 24 iyun, 2010

AQSh va Pokiston razvedka xizmatlari jangarilar azaldan Markaziy Osiyoga qatnab turadi, yashirin yo’llar bor deb keladi.

Bu borada izlangan ekspertlar nazarida jangarilar vataniga qaytsa, tinchlikka xavf solishi qiyin, lekin hukumatlar haddan tashqari keskin choralar ko’rib, fuqaro huquqlari yanada ezilishi mumkin.

Suhrob Ismoilov ham bu fikrdan yiroq emas, lekin uning izohicha, O’zbekiston singari jamiyatlarda siyosiy-ijtimoiy erkinliklarga allaqachon qat’iy cheklovlar qo’yib bo’lingan.

Jangarilar xalqni o’ziga qarata olmaydi, deydi u. Suhrob Ismoilov fikricha mintaqa tinchligiga iyun oyida Qirg’izistonda kuzatilgan etnik nafrat va zo’ravonlik singari hollar ko’proq raxna solmoqda.

O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasida, 18 iyun, 2010

O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasida, 18 iyun, 2010

“Chunki bu narsa real narsa. Jamiyatda etnik guruhlarning bir-biriga dushmanona kayfiyatda bo’lishi, o’ta radikal kayfiyatga tushib qolayotgan kambag’al guruhlarning boy qatlamlarga nafrat ko’zi bilan qarashi, hokimiyatdagilarga nisbatan “adolatsizlar mana shular, hozirgi hayotimizga sababchilar mana shular” deb qarashi diniy asosga tayanadigan jangari guruhlaridan yoki radikal guruhlardan ko’ra ko’proq ta’sir kuchiga ega, ya’ni aholi oqimini u yoki bu yoqqa burishga. O’zbekistonda hozir zimdan shunday tayyorgarlik bor deyishga bizda biror isbot-dalil yo’q. Lekin sharoit bor. Bu narsa spontan ravishda, hech qanday tayyorgarliksiz yuz berishi, aholi u yoki bu yoqqa ergashib ketib qolishi mumkin. Demoqchimanki, hozirgi paytda jangari guruhlar xavfidan ko’ra, aholi o’z nafratini qayoqqa bura olish qobiliyati kuchliroq”.

Bu olimlar ta’biricha, jamoatchilik dunyoqarashi kengaymasa, tanqidiy-tahliliy fikrlashni o’rganmasak, qarashlarimizni erkin, mas’uliyat bilan va asosli ravishda tushuntirib bera olmasak, oldinga siljish qiyin.

Avlodlar yangilangani sari zamon ham o’zgaradi. Lekin kelajakda rahbarlar hozirgilariga qaraganda komilroq va qarashlari teranroq bo’ladi deya olamizmi?

Bunga umid bor, deydi biz bilan suhbatlashgan ziyolilar, faqat real masalalarni tan ola bilishimiz, haqiqatga ochiq ko’z bilan qarashni o’rganishimiz kerak. Dinmi, siyosatmi, madaniyatmi yoki erkinlik.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG