Din

Markaziy Osiyoda islom: Dindagi hayot va hayotdagi din tadqiqotchilar nigohida


Jalol-Obod viloyati, Qirg'iziston

Jalol-Obod viloyati, Qirg'iziston

AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington universitetida "Yevrosiyoda islom: Davlatlar siyosati, ijtimoiy o'zgarishlar hamda global aloqalar" deya nomlangan ikki kunlik konferensiya bo'ldi. Unda dunyoning turli burchaklaridan kelgan tadqiqotchilar sobiq Sovet respublikalarida bugun islom dini qanday o'rin egallashi haqida o'z fikrlarini taqdim etdi. Xususan, Markaziy Osiyo jamiyatlaridagi o'zgarishlar keng muhokama qilindi.

Islom qariyb ming yildan beri Markaziy Osiyo xalqlari hayotining ajralmas qismiga aylangan. Oradan asrlar o'tib, mintaqada hukmronlik diniy g'oyalardan xoli dunyoviy davlatlar qo'liga o'tgan bo'lsa-da, islomiy asosga ega urf-odatlar, dunyoqarash va madaniyat oddiy xalq hayotidan, xususan, diniy amallardan uzoq dunyoviy odamlar turmushidan ham mustahkam o'rin olgan.

So'nggi yillarda mintaqaning diniy hayotini o'rganishga qaratilgan ilmiy izlanishlar soni ortdi. Islomning, asosan, siyosiy jihatiga e'tibor qaratuvchi tadqiqotchilar, ko'pincha, dindorlar sonining oshishini radikalizm va ekstremizmning kuchayishi bilan bog'lashadi. Pitsburg universiteti tadqiqotchisi Deyvid Montgomeriga ko'ra, bunday qarash yuzaki bo'lib, islom va musulmonlarga haqiqiy baho berish imkonini yo'qqa chiqaradi.

"Markaziy Osiyoda zo'ravon islomiy ekstremizm juda kam uchraydigan holat. Dinni o'rganishda uning davlat tartibiga aloqador bo'lmagan boshqa jihatlarini ham o'rganish muhim", - deydi olim.

Montgomeriga ko'ra, islom ijtimoiy tartibni saqlashga xizmat qiluvchi axloqiy me'yorlarni hamda hayotning egriligi bilan bog'liq qiyinchiliklarni qanday yengib o'tish yo'llarini o'rgatadi. Shu jihatdan, u dunyoviy davlat boshqaruvidagi kamchiliklarni to'ldirib, to'g'rilab boradi, deydi tadqiqotchi.

Montgomerining ta'kidlashicha, dinga amal qilish yo'lini tutgan odam hayotida va qarashlarida radikal o'zgarishlar yuz berishi tabiiy va bu, aslida, salbiy hodisa emas.

"Islom yashashning axloqiy yo'llarini taqdim etadi. Markaziy Osiyo sharoitida hukumatlarga shu narsa yetishmaydi. Diniy faoliyat sifatida ko'riladigan ko'plab amallar, aslida, jamiyat uchun ham foydali", - deydi kuzatuvchi.

Montgomerining tavsiya qilishicha, islom dinini, xususan, uning Markaziy Osiyo xalqlari hayoti va jamiyatida tutgan o'rnini o'rganishda, noxolislikka yetaklovchi dunyoviy qarashlar chegarasidan chiqib, barcha jihatlarni o'z ichiga oluvchi keng qamrovli yondashuvdan foydalanish kerak.

Fransiyalik tadqiqotchi Aureli Biard dinni tushunishdagi tafovutlar va musulmonlar hayotidagi islomning rang-barangligi mavzusiga e'tibor qaratadi. Qirg'izistonda tadqiqot o'tkazgan yosh olim bu masalani ikki diniy faol hayotini qiyoshlash orqali tushuntiradi.

Tadqiqotchi kuzatgan qirg'izistonlik dindorlardan biri Xudoybergan islomni ikki dunyo uchun saodat va muvaffaqiyat garovi deb biladi. Demak, unga ko'ra, islomga qaytish moddiy va ruhiy to'kinlik olib keladi, deydi Biard.

"Xudoybergan tushunchasi bo'yicha, yer yuzidagi baxt-saodat moddiy va iqtisodiy muvaffaqiyat bilan bog'liq. Xudoybergan ichkilikka berilgan yoki uysiz qashshoq odamlarga yordam berish uchun nodavlat tashkilot ochgan. U bu odamlarga yuzlanib, agar namoz o'qisang, islomga amal qilsang, menga o'xshab uy-joying bo'ladi, puling bo'ladi, deb aytadi va erishgan muvaffaqiyatlarini islomga rioya qilganligi natijasi sifatida ko'rsatadi", - deydi tadqiqotchi.

Xudoybergandan farqli o'laroq, Tablig' jamoati vakili sifatida ko'riladigan Asqar ismli yana bir dindor tarki dunyolikni, zohid bo'lishni targ'ib etadi. Bishkek yaqinida istiqomat qiluvchi bu da'vatchi mol-mulkini tark etib, hayotni Alloh yo'lida da'vatga baxsh etish tarafdori.

"U tilga oladigan ayrim qadriyatlar, fazilatlar tasavvufdagi o'zini qurbon qilish, dunyoni inkor etish tamoyillariga borib taqaladi. U ro'yxatdan o'tmagan bir masjidda imomlik qiladi. Hech qanday maosh olmaydi. Oilasi va ikki nafar farzandi og'ir qashsoqlikda hayot kechiradi", - deydi Asqar hayotini yaqindan kuzatgan fransiyalik olim Aureli Biard.

Tadqiqotchi xulosasiga ko'ra, Qirg'izistondagi bu ikki misol Markaziy Osiyo xalqlari tushunchasidagi Islomning rang-barangligini ko'rsatadi. Shuning uchun islomni o'rganganda, uning amaliyotdagi o'ziga xos jihatlarini e'tibordan qoldirmaslik kerak, deydi u.

Yana bir yosh tadqiqotchi Shahnoza Nozimova Tojikiston ayollarining diniy hayotda tutgan o'rni mavzusida izlanish olib bormoqda. Uning aytishicha, mintaqaning boshqa davlatlaridan ko'p farq qilmagan holda, Tojikistonda ham ayollar taqdiri yuzasidan hukm chiqarish, asosan, erkaklar qo'lida.

"Rasmiy qarashni ifodalovchi siyosatda ham yoki unga muxolif boshqa diniy bahslarda ham ayollar mavzusi tilga olinganda, ularning borlig'i ustidan hukmronlik o'rnatish asosiy masala sifatida ko'riladi. Ayol kishining badaniga egalik qilish, qanday kiyinishi yoki jamiyatdagi roli qanday bo'lishini belgilash erkaklar ixtiyorida degan qarash bor", - deydi Shahnoza Nozimova.

Tojikistonda ayollarga oid diniy masalalar, asosan, mamlakat ulamolar kengashi va ular ixtiyoridagi rasmiy imomlar tomonidan nazorat qilinadi. Xususan, bahsli hijob kiyish mavzusida ham ayollar bosh kiyimining qanday bo'lishini belgilashda hukumat qaramog'idagi diniy idora islom talablaridan ko'ra, ko'proq milliy urf-odat va madaniyatni asos qilib ko'rsatishga moyil. Bu kabi me'yorlar tojik ayollarinig ijtimoiy hayotdagi rolini kamaytirishga qaratilgan, deydi tojikistonlik Shahnoza Nozimova.

"2004-yil Ulamolar kengashi e'lon qilgan fatvo bo'yicha, ayollarning masjidga qatnashi taqiqlab qo'yildi. Bu qaror ularning ibodat qiluvchilar xayolini buzishi bilan izohlandi. Ayollar uchun dinga amal qilish tor shaxsiy doira, uy ichi bilan chegaralab qo'yildi", - deydi Shahnoza.

O'zbekiston Fanlar akademiyasi tadqiqotchisi Elyor Karimov ham ayollar faoliyatining diniy jabhada cheklanganligi Markaziy Osiyo xalqari uchun xos bo'lgan ayrim diniy urf-odatlarning yuzaga chiqishiga sabab bo'lganini aytadi.

"Markaziy Osiyo, Hindiston, Pokiston va boshqa ayrim musulmon davlatlarida ayollarni masjidga qo'ymaslik an'anaga aylangan. Bu holat nega muqaddas joylarga ziyoratga borish, ayniqsa, ayollar orasida urf bo'lganini tushuntirib beruvchi sabablardan biridir. Erkaklardan farqli o'laroq, masjidlarga bora olmagan ayollar uchun muqaddas joylar va avliyolar maqbaralari asosiy ibodat maskanlariga aylangan. Ayollar ruhiy ehtiyojlarini shu yerlarda qondiradi", - deydi Elyor Karimov.

Mintaqa ayollari orasida Mushkulkushod, Bibi Seshanba kabi marosimlarning avj olishiga ham ayollarning diniy hayotdagi roli cheklangani sababdir, deydi o'zbekistonlik tadqiqotchi.

  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG