Breaking News

Markaziy Osiyo davlatlari Yaponiya ko'magi bilan hamkorlik qila oladimi?


Markaziy Osiyo davlatlari Yaponiya ko'magi bilan hamkorlik qila oladimi?
Markaziy Osiyo davlatlari Yaponiya ko'magi bilan hamkorlik qila oladimi?

Markaziy Osiyo davlatlari o`zaro ziddiyatlardan kechib, hamkorlikka kirishmas ekan, mintaqaviy integratsiya yohud bu boradagi tashabbuslardan biror amaliy natija kutish qiyin.

Toshkentda 7-avgust kuni “Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” muloqot guruhining navbatdagi yig’ilishi o’tdi. Unda mintaqa davlatlarining tashqi ishlar vazirlari ishtirok etgan.

Yaponiya, ma’lumki, besh respublikani iqtisodiy birdamlikka undab keladi, xususan yangi transport yo’llarini tortish tarafdori va bu boradagi loyihalarni qo’llab-quvvatlashga tayyor.

Yig’ilishga Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Katsua Okada tashrif buyurdi. Uni O’zbekiston prezidenti Islom Karimov qabul qildi.

Uchrashuvda asosan ikki tomonlama hamkorlikka urg’u berilgan. Karimov Yaponiyaning O’zbekiston iqtisodiyotiga hissasi yanada oshadi deya umid bildirgan.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, “Markaziy Osiyo plyusYaponiya” kengashida 2006 yilda qabul qilingan dastur qanday olib borilayotgani muhokama qilingan. Asosiy maqsad umummanfaatlar yo’lida birgalikda harakat qilish.

Kengash a’zolari terrorizmga qarshi kurash, iqtisodiy taraqqiyot va transport bobida hamkorlikni oshirish haqida gaplashgan.

Yaponiyaning mintaqaga nisbatan siyosati Yevropa Ittifoqi strategiyasiga yaqin, ya’ni mintaqaviy yondashuv ikki-tomonlama munosabatlardan ustun qo’yiladi.

“Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” muloqot guruhining birinchi kengashi 2004 yilda Qozog’istonda, ikkinchisi esa 2006 yilda Yaponiyada bo’lib o’tgan edi.

Tahlilchilar bu tashabbus samara berishiga ishonmaydi.

“Energetika muammosi, yo’llar, savdo… Muammolarga qarshi hamma birgalikda ishlashi kerak. Deylik, O’zbekiston, Tojikiston qo’shilib, Turkmaniston ajralib qolmasligi kerak. Agar bo’linish bo’lsa, ish bitmaydi, muammo butun Markaziy Osiyoniki. Vaqtni qancha yo’qotsak, iqtisod shuncha qiyinlashadi”, - deydi Iskandar Xudoyberganov, mustaqil ekspert.

Yaponiya regional yo’llar barpo etish haqida gap ochmoqda, lekin Markaziy Osiyodagi besh respublika orasida transport blokadasi avj olmoqda.

O’zbekiston va Tojikiston o’rtasida yuk vagonlari bilan bog’liq mojaro bir necha oydirki davom etmoqda. Rasmiy Dushanbe qo’shni davlatni vagonlarni sababsiz ushlab turganlikda ayblaydi.

Tojikiston matbuotining yoritishicha, ikki respublika tashqi ishlar vazirlari Vladimir Norov va Hamroxon Zarifi Toshkentdagi kengash doirasida uchrashib, tranzit masalasini muhokama qilgan.

Ziyolilar nazarida, integratsiya haqida og’iz ko’pirtirishdan oldin mintaqaviy muloqot maydoni yaratish kerak. Xohish va iroda yetishmayapti xolos.

“Markaziy Osiyoda hamkorlik kuchaysa, eng yirik yutuq shu bo’lardi. Mintaqaviy masala baribir mintaqaniki, ularni o’zaro kelishib hal qilsa bo’ladi”, - deydi sharhlovchi Farxod Tolipov.

“Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” muloqoti kelasi safar Tokioda o’tishi rejalangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG