Markaziy Osiyodan minglab jangari "Islomiy davlat" safida


Istanbuldagi hujumni amalga oshirganlikda gumon qilinayotgan shaxs

Markaziy osiyolik jangarilar “Islomiy davlat” jangari guruhining asosiy zarba quroliga aylantirilmoqda. Bu guruh nomidan Turkiyada sodir etilgan so'nggi hujumda ham mintaqa fuqarolari gumon qilindi. Bu qarash qirg'izistonlik Yahyo Mashrapov bilan bog'liq gumonlar tasdiqlanmagani ortidan ham o'z kuchini yo'qotmagan.

Terror hujumlarida mintaqa fuqarolari gumonlanayotgani Turkiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati ancha ochiqligi bilan ham izohlanmoqda. Britaniya matbuoti “Islomiy davlat” guruhidagi markaziy osiyoliklar shahidlikka shay turgan terror quroliga aylanib borayotgani haqida yozadi.

Yangi yil oqshomida Istanbuldagi tungi klubga qilingan hujumni “Islomiy davlat” guruhi o'z bo'yniga oldi. Qariyb 40 kishi o'lgan bu otishmani Markaziy Osiyo fuqarolari amalga oshirgani haqida gumonlar mavjud.

Qirg'iziston fuqarosi Yahyo Mashrapovning xurujga aloqadorligi tasdiqlanmadi. Qirg'iziston hukumati buning uchun Turkiyani kechirim so'rashga chaqirdi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li terrorchining kimligi hukumatga ayonligi, ammo bu hozircha ochiqlanmasligi haqida bayonot bergan. Turk matbuotidagi so'nggi ma'lumotlarga ko'ra, terrorchi Markaziy Osiyo orqali Turkiyaga kelgan uyg'urlardan bo'lishi ham mumkin.

Istanbuldagi voqea markaziy osiyoliklar gumonlangan yagona hujum emas. Avvalroq Turkiya aeroportida kuzatilgan terrorda ham mintaqa fuqarolari, jumladan o'zbeklar ayblangan edi.

Markaziy osiyoliklar Suriyaga, shuningdek, bu hududda faoliyat olib boradigan terrorchi guruhlar safiga ham Turkiya orqali bormoqda. Turkiyada mintaqa fuqarolaridan iborat minglab aholi yashaydi, Anqara mintaqa davlatlari bilan vizali tartibdan voz kechgan.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o'zbekistonlik diniy faol Muhammadsolih Abutov fikricha, hujumni markaziy osiyolik amalga oshirgani haqidagi iddaolar haqiqatga juda yaqin.

“So'nggi hujum ortida o'zbekistonlik, mintaqalik jangarilar turganiga shubham yo'q. Men Turkiyadagi voqealarni kuzatib kelyapman. Parchalangan O'zbekiston Islom Harakatining ayrim vakillari Suriyaga ketishdi, ba'zilari Turkiyada qo'nim topishdi, ular orasida esa radikal guruhlarning tarafdorlari ham juda ko'p. Turkiya bizga bag'rini ochdi, haqiqiy qardosh millat sifatida qaraydi. Afsuski, bu yoqdan borganlar bunga munosib javob qaytara olishmayapti. Bir-ikki terrorchining kasofati tufayli Turkiyadagi minglab qochqinlar ham muammo bilan to'qnash keladi. Buni amalga oshirganlar yaqinda mintaqadan Turkiyaga borgan. U yerda yashab shunga o'rganganlar emas, balki maxsus joylarda tayyorgarlikdan o'tgan kimsalar. Turkiya aeroportidagi hujumlarni ham aynan shunday kimsalar tashkil etishgan edi”, - deydi u.

Britaniyaning "The Times" gazetasi Turkiyadagi terakt ortidan Markaziy Osiyo fuqarolarining "Islomiy davlat" guruhidagi faoliyati yuzasidan maqola e'lon qilgan.

Nashrning yozishicha, bu to'da safidagi o'zbek, tojik, qirg'iz, qozoq va uyg'urlardan iborat jangarilar soni to'rt mingga yaqin. Mintaqadan chiqqan jangarilar shahidlikka tayyor turgan “asilzodalar” qatlamiga kiradi.

Ta'kidlanishicha, yaqin kelajakda “Islomiy davlat” uchun Markaziy Osiyodan jangari yollash asosiy maqsadlardan biriga aylanishi mumkin.

Muhammadsolih Abutovga ko'ra, Suriyada mahalliy aholining o'zi emas, aynan jihodchilikni tanlagan mintaqa fuqarolarining shahidlikka shayligi bir nechta sabablar bilan bog'liq:

“Manipulyatsiya qilinayapti, diniy oyatlar, aqidalar, g'oyalar, hadislar, “Qur'on”, shahidlik maqomi - hammasidan shu maqsad uchun foydalanilayapti. Aslida esa bosh sababi bizning xalqimizning diniy savodsizligi, yoshlarning qiziqqonligi. Suriyaliklarning o'zi uchun [Bashar] Assadga qarshi kurashish kerak degan fatvo bor, lekin O'zbekistondan borib Suriyada urishish kerak degan fatvo yo'q. Suriyaliklar Yevropaga kelishayapti millionlab, biznikilar esa u yoqqa borishayapti. Jihod deb, boshqa deb biznikilarni qurbonlikka qo'yishmoqda”, - deydi Abutov.

Jihodchilikni tanlayotgan markaziy osiyoliklar asosan o'z mamlakatlarida diniy qarashlari uchun tazyiqqa olinganlar yoki turli qiyinchiliklar bois mehnat muhojirligiga tutilgan fuqarolar ekanligi aytiladi.

Bir paytlar Markaziy Osiyo uchun mutlaqo begona tushuncha bo'lgan shahidlik, xudkushlik, terrorchilik holatlariga aholining tobora ko'proq tortilayotgani mintaqadagi mavjud tuzumlarga, jumladan dindor va namozxonlarga nisbatan qo'llab kelinayotgan keskin siyosatga ham bog'liq ko'riladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG