Jihodchilar Markaziy Osiyo tinchligiga qanchalik raxna solmoqda?


Suriyaning Raqqa viloyatidagi manzara, 30-iyun, 2014. "Iroq va Shom islomiy davlati" hozirda nomini qisqartirgan - "Islomiy davlat". To'da ichida markaziy osiyoliklar borligi ma'lum.

Suriyaning Raqqa viloyatidagi manzara, 30-iyun, 2014. "Iroq va Shom islomiy davlati" hozirda nomini qisqartirgan - "Islomiy davlat". To'da ichida markaziy osiyoliklar borligi ma'lum.

Xalqaro koalitsiya Afg'onistonni tark etar ekan, ekstremist guruhlar, jumladan O'zbekiston islomiy harakati, Islomiy jihod ittifoqi va boshqa to'dalar haddidan oshib yana Markaziy Osiyo tinchligiga bevosita tahdid sola boshlaydi degan xavotir kuchli.

Bu boradagi bayonotlarni ayniqsa O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston rasmiylaridan ko'p eshitamiz. Ularning xavotiriga sherik mutaxassislar, ektremist va terrorist guruhlar faoliyatini uzoq yillardan beri o'rganib kelayotgan ekspertlar ham oz emas.

Yaqinda Vashingtonda asoslangan Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg'armasi, ilmiy tahlil markazi, ikki tadqiqotchi tomonidan olib borilgan izlanish natijalarini taqdim etdi.

"Markaziy Osiyoda jihodchilik: G'arb Afg'onistondan chiqqanidan keyingi tahdid qanchalik haqiqat?" deb nomlangan maqolaning asosiy xulosasi shuki, tahdid umuman mavjud emas deyish noto'g'ri. Lekin mintaqa uchun jihodchilardan kelayotgan xavf eng jiddiysi deyish ham asosli emas.

Jihodchilar deb ekspertlar islomning salafiy oqimiga ergashgan, radikal qarashdagi va o'z mafkurasini kuch bilan singdirishga bel bog'lagan harakatlarni nazarda tutadi. Terrorizm va qonli hujumlar orqali hokimiyatga kelib, mutaassib ruhdagi tuzumlarni barpo etishni maqsad qilgan guruhlar, deya tushuntiradi maqola mualliflari Bayram Balchi va Didier Chaudet. Ularning izohicha, jihodchilar kuchi sonda emas, ularning strategiyasida.

Bayram Balchi fransuz-turk olimi bo'lib, Markaziy Osiyo va islom bo'yicha yetakchi mutaxassislardan biri. Didier Chaudet esa Afg'oniston va Pokistondagi vaziyat bilan yaqindan tanish, bu mamlakatlarda izlanishlar olib borgan.

Afg'oniston beqaror ekan, tabiiyki, shimoldagi qo'shnilar ham uning ta'siridan xoli emas. Biroq Amerika va NATO kuchlari bu davlatdan o'z qo'shinlarini olib chiqishi bilanoq Farg'ona vodiysi jihodchilarga to'lib ketadi deya vahima ko'tarish, bu ekspertlar tahlilicha, "fantaziyadan boshqa narsa emas".

Tolibonning maqsadi Afg'oniston va Pokistondagi kuchini asrab qolish. Buning uchun ular asosan mahalliy tarafdorlariga tayanadi va ular orqaligina faoliyatini davom ettirmoqda.

O'zbekiston islomiy harakati va Islomiy jihod ittifoqi johil to'dalar ekanini tinimsiz isbotlab kelmoqda. Biroq ularning Markaziy Osiyoga ta'sirini Tolibonning Afg'onistondagi roliga qiyoslash mumkin emas. Mintaqadan chiqqan jangarilar, ayniqsa kattaroq yoshdagilar chiniqqan jihodchilar deya qaraladi.

Al-Qoida, Tolibon va Haqqoniylar to'dasi ulardan foydalanib keladi. Lekin, deya qayd etadi olimlar, ular Afg'oniston va Pokistonda bekinib yurgan joylaridan yoppasiga mintaqaga kelib, xurujlar qila boshlaydi deyishga asos yo'q. Markaziy Osiyodagi tuzumlar o'ziga ishonsa va xalqi nima istashini anglasa, omma jihodchilarga ergashadi deb o'ylamaydi.

2014-yildan keyingi davr mintaqa hukumatlari uchun o'ziga xos sinov. Xavfsizlikni ta'minlovchi tizimlar qanchalik salohiyatli? Chegara nazorati qanchalik mustahkam? Bu xizmatlarni takomillashtirish uchun ajratilgan mablag' va yordam nima samara bermoqda? Qoradori savdosiga qarshi kurash, qolaversa Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar nima natija berayapti? Markaziy Osiyo xavfsizligini Amerikaning Afg'onistondagi kuchlari emas, bu davlatlarning tegishli tizimlari ta'minlashi kerak.

Eng muhim vazifa - barcha respublikalarda iqtisodiy-ijtimoiy ahvolni yaxshilash uchun konkret qadamlar tashlash. Yoshlarni jihodchilarga ergashtirayotgan sabablarni bartaraf etishdir.

Yechim muxolifatni siquvga olish va mahalliy islomni targ'ib qilishda emas, ular qisqa muddatli choralar, deydi olimlar. Real islohotlar qilinishi, xalq farovonligini ta'minlash uchun zarur siyosiy qarorlar qilinishi kerak.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG