Markaziy Osiyoda anemiya keng tarqalgan, ayniqsa, ayollar orasida


BMT Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti (FAO) hisobotiga ko’ra, Markaziy Osiyoda millionlab odam kamqonlik, yod va A vitamini yetishmasligidan aziyat chekadi.

Mintaqa aholisining 55 foizi ortiqcha vaznga ega. Mutaxassislar bu holni bir xil ovqatlanish va oziq-ovqat taqchilligi, hamda ovqatlanish madaniyatidagi kamchiliklar bilan bog’lamoqda. Zikr qilingan masala Qirg’iziston uchun ham dolzarb.

O’sh viloyat tug’ruqxonasining bosh shifokori Gulbara Kenjebayeva qamqonlikning og’ir asoratlari bilan kunda bo’lmasa, kunora to’qnashadi. Uning aytishicha, hozirda mahalliy ayollarning deyarli 80 foizi ushbu kasallikdan aziyat chekmoqda. Oqibatda farzand ko’rish paytidagi fojiali hollar, nosog’lom go’daklar, ona-bolaning keyingi hayotidagi muammolar…

“Asosiy sabab - noto’g’ri ovqatlanish hamda o’lkada inson organizmini kerakli mikroelementlar bilan ta’minlash borasida sistemali dastur yo’qligi. Odamlar o’z bilganicha vaziyatdan chiqishga urinmoqda”, - deydi Kenjebayeva.

Shifokor olim Komiljon Otaxonov kuzatuvlariga ko’ra, olkada shunday xonadonlar borki, haftada bir marta go’shtli ovqat eyiladi. Yetishmovchilik sabab ko’p hollarda xonadonlar uzoq to’q tutadigan xamirli taomlarni afzal ko’rishadi.

“Bir xil ovqat odam organizmni kerakli mikroelementlar bilan to’la ta’minlay olmaydi. Diyorimizda darmondoriga boy meva-sabzavotlar ko’p, ammo kundalik turmushda odatda ulardan unumli foydalanilmaydi”, - deydi olim.

Uningcha, Qirg’izistonda to’yimsiz va bir xil ovqatlanish bilan bog’liq kasalliklar keng tarqalgan. Ammo semizlik, ortiqcha vazn, aytaylik, ayrim Yevropa mamlakatlari hamda Amerikadagiday ko’p uchramaydi.

Otaxonov fikricha, birinchi navbatda aytilgan masalalarda aholi savodxonligini, bilim darajasini oshirmoq darkor. Shuningdek, turmush madaniyatini ko’tarishga alohida e’tibor lozim.

Mulozimlarning aytishicha, muammoni davlat miqyosida yechish kerak. Bu o’rinda Qirg’zistonda bir necha qonun qabul qilingan.

“Qonun ishlab chiqarilayotgan unni temir moddasi va boshqa mikroelementlar bilan boyitishni ko’zda tutadi. Shuningdek, chaqaloqlarni kamida yarim yil davomida faqat ona suti bilan, boshqa aralashmalarsiz, boqish talab darajasiga qo’yildi”, - deydi O’sh viloyat tug’ruqxonasi rahbari Gulbara Kenjebayeva.

Komiljon Otahonov deydiki, sog’lom turmush tarzi inson ongiga bolalikdan quyulishi kerak. U, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari sifatini ta’minlash, tekshirish ishlari alohida e’tiborga molikligini ta’kidlaydi.

“Erta pishsin deb, dehqon o’simlikni har-xil kimyoviy moddalar bilan to’ydirayotgan hollar qancha, ko’cha-ko’yda sotilayotgan sut, qatiq sifatini hech kim tekshirmaydi”, - deydi suhbatdosh.

Mutaxassislar fikricha, o’lkada sifatli va to’g’ri tamaddilanish masalasini hal qilish uchun samarali tavsiya-tadbirlar kompleksi lozim.

XS
SM
MD
LG