BMTda O'zbekistondagi huquqiy ahvol muhokama qilinmoqda


BMT qo'mitasida O'zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyat muhokamasi 9-iyul kuni ham davom etadi.

BMT qo'mitasida O'zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyat muhokamasi 9-iyul kuni ham davom etadi.

O'zbekiston BMTda mamlakatdagi inson huquqlariga oid vaziyat yuzasidan hisobot bermoqda. BMT Inson huquqlari qo'mitasidagi bu hisobotni huquq himoyachilari, fuqarolik jamiyati vakillari ham kuzatmoqda.

BMT yig'ilishda O'zbekiston nomidan Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz, Prokuratura, Ichki ishlar vazirligi mulozimlari hisobot berishadi.

O'zbekiston delegatsiyasi tarkibida o'tgan safargi yig'inda ashaddiy chiqishi bilan jamoatchilikda e'tiroz uyg'otgan Inson huquqlari milliy markazi rahbari Akmal Saidov yo'q.

“O't yuraklar” inson huquqlari tashkiloti rahbari Mo'tabar Tojiboyeva so'zlariga ko'ra, xorijdagi ko'pchilik o'zbek faollari bu yig'ilishga taklif qilinmagan. Shunday bo'lsa-da, o'z ixtiyorlari bilan kelishgan. Ular hukumat hisobotiga befarq emas, imkon topilganda buni namoyish etishni maqsad qilishgan.

“Brinchidan, Andijon fojealari yuzasidan varaqalar tarqatamiz, keyin o'zimiz bilan siyosiy mahbuslarning portretlarini olganmiz, hukumat vakillari o'z hisobotini o'qiyotgan paytda sukutdagi norozilikni ifodalab beramiz”, - deydi Tojiboyeva.

Faollar hukumat inson huquqlariga oid abgor vaziyatni, majburiy mehnat, diniy, siyosiy huquqlar toptalayotganini chetlab o'tishiga, mamlakatda inson huquqlarini kafolatlashga qaratilgan sanoqsiz ishlar amalga oshirilgani haqida gapirishiga shubha qilmaydi.

O'zbekistonning hisoboti Bosh kotib Pan Gi Munning iyun oyida Islom Karimov bilan o'tgan uchrashuvi, Toshkentdagi muzokaralarda inson huquqlari, qiynoqlar, majburiy mehnat masalasini ko'tarishi ortidan kuzatilmoqda.

Bosh kotibning O'zbekiston safariga ko'plab xalqaro huquq tashkilotlari diqqat qaratishdi, siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarish masalasida undan ko'mak kutishdi.

“BMT bosh kotibining mintaqaga safari yuzasidan juda ko'plab xalqaro tashkilotlar murojaat bilan chiqishdi, ularda asosan siyosiy mahbuslar ozodligi talab qilindi. Mislol uchun Qirg'izistondan A'zamjon Asqarov ozodligiga yordam so'ralgan bo'lsa, O'zbekistondan BMT bosh kotibiga qamoqxonadan murojaat yo'llagan A'zam Farmonovni ozod etishda ko'mak ko'rsatishga chaqirildi. Biz ham o'z murojaatimizda siyosiy mahbuslar, taqdiri noma'lum qolayotgan qochqinlar masalasiga e'tibor qaratgan edik. Lekin afsus natija yo'q”, - deydi Tojiboyeva.

Uning aytishicha, BMT rahbariga maktub yo'llagan huquq faoli A'zam Farmonov keskin qiynoqlarga yo'liqqan.

1-iyul kuni Farmonov bilan “Jasliq”da ko'rishgan turmush o'rtog'i Ozoda Yoqubova huquq faoli boshiga qop kiydirilgan holda kaltaklanganini, jismoniy va ruhiy jihatdan keskin cho'kib qolganini aytgan.

To'qqiz yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Farmonov jazo muddati tugashiga 26 kun qolganda qamoqxonada ichki tartibni buzishda ayblanib, sud qilindi. Unga yana besh yil jazo muddati qo'shib berildi.

“Jasliq” qamoqxonasidan Pan Gi Munga xat yozgan Farmonov diniy va siyosiy e'tiqodi uchun qo'llanayotgan qiynoqlar haqida, qamoqdan sog'-salomat chiqishiga umidi yo'qolib borayotgani haqida yozgan edi.

BMT qo'mitasida O'zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyat muhokamasi 9-iyul kuni ham davom etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG