Mirziyoyev Qozog'istonda mintaqaviy hamkorlikni muhokama qiladi


Shavkat Mirziyoyev Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan, Toshkent, O'zbekiston, 12-sentabr, 2016-yil.

Qozog`iston parlamenti Markaziy Osiyoda yangi mintaqaviy tashkilot tuzishni muhokama qilmoqchi. Bu muhokama O`zbekiston prezidentining 22-23-mart kunlari Qozog`istonga rejalagan safari arafasida kuzatilmoqda. Ostonaning mintaqaviy hamkorlik tashabbusida Rossiya qanchalik nazarda tutiladi, hozircha noma`lum. Yevrosiyo Ittifoqining faol a`zosi bo'lgan Qozog`iston tomonidan ko`tarilayotgan bu tashabbus Moskvaning mintaqadagi geosiyosiy ustunligi tobora oshib borayotgani bilan ham izohlanmoqda.

Qozog`iston parlamentida Markaziy Osiyoda mintaqaviy tashkilot tuzishni muhokama qilish parlamentning xalqaro aloqalar qo`mitasi rahbari Maulen Ashimbayev tomonidan taqdim etilgan.

Ashimbayev shu munosabat bilan BMT Xavfsizlik kengashida Markaziy Osiyo xavfsizligi va taraqqiyotiga doir muhokamalar o`tishi rejalanayotganini aytgan. Qozog`iston 2017-yil BMT Xavfsizlik kengashining vaqtinchalik a`zosi sifatida saylangan.

Deputatga ko`ra, Markaziy Osiyoda mintaqaviy uyushma tuzish haqida gap bormoqda. Mintaqada bu kabi tashkilotlar faoliyati hozirgacha samarali bo`lmagan. Ko`plari tashabbus darajasida qolgan, ayrimlarining faoliyati mintaqaviy tashkilotga Rossiya qo`shilishi ortidan tugatilgan edi.

Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik tashkilotini tuzish yana kun tartibiga chiqmoqda. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ostonaga tashrifi arafasida kuzatilayotgan bu tashabbus mintaqaviy uyushmada Rossiya ishtirokini qanchalik inobatga olayotgani hozircha mavhum. Bir necha yillar avval faoliyat yuritgan Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorligi unga Rossiya qo`shilishi ortidan Yevrosiyo iqtisodiy hamkorligi tashkilotiga aylangan, keyinchalik O`zbekiston bu tashkilotni tark etgan edi.

Qozog`iston Tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdurahmonov Shavkat Mirziyoyevning kutilayotgan tashrifi mintaqa davlatlarini transmilliy masalalar qarshisida hamkorlikka tayyorligini ifodalashini, mintaqaning boshqa liderlari ham Ostonaga tashrif buyurishi kutilayotganini aytgan.

Qozog`iston Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarning faol a`zosi, Yevrosiyo go`yasi tarafdorlaridan hisoblanadi. Sharhlovchilar Ostona tashabbusini O`zbekistondagi so`nggi o`zgarishlarga, Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarda geosiyosiy o`lchamning tobora kuchayib borayotgani bilan ham bog`lashmoqda.

Qozog`istonlik ekspert Do`sim Satpayevga ko`ra, Rossiya yetakchiligidagi Bojxona ittifoqiga, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo`shilishidan Qozog`iston uchun aniq bir iqtisodiy foyda kuzatilmadi, ittifoqlar Rossiya geosiyosatiga xizmat qilishda davom etmoqda.

“Bu tashkilotlarda Rossiyaning siyosiy maqsadlari ustunlik qiladi. Qozog`istonning iqtisodiy manfaatlarida ko`ra, bu birinchidan. Ikkinchidan, Ostona o`zini Yevrosiyoga kiruvchi davlat sifatida taqdim etib kelayotgan bo`lsa-da, Qozog`iston baribir Markaziy Osiyoning bir qismi, rahbariyat buni aniq tushunib olishi kerak. Mintaqa muammolari Qozog`istonga ham tegishli, ularni o`zaro hamkorlikda hal etilishi uchun harakat bo`lishi kerak. Mintaqada esa muammolar yetarli, bir tomondan, Afg`oniston, boshqa tomondan, Xitoy va Rossiyanining kuchayib borayotgani”, - deydi Satpayev.

Shavkat Mirziyoyevning Qozog`istonga safari 22-23-mart kunlari kutilmoqda. Tashrif davomida, asosan, iqtisodiy va xavfsizlik masalasidagi hamkorlik gaplashiladi. Tomonlar uchrashuvida mintaqaviy tashkilotlarni tiklash masalasi qanchalik muhokama qilinadi, hozircha noma`lum.

Nazarboyev tomonidan ko`tarilgan mintaqaviy ittifoq tuzish tashabbusi o`z vaqtida Islom Karimov tomonidan keskin inkor etilgan edi. O`zbekistonda hokimiyat almashar ekan, yangi rahbarning mintaqaviy aloqalarni tiklayotgani ko`zga tashlanadi. Mirziyoyev tomonidan e`lon qilingan O`zbekiston tashqi siyosiy tamoyillarida mintaqaviy hamkorlikka asosiy o`rin ajratilgan.

“O`zbekiston tashqi siyosatida mintaqa davlatlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini qurish hamisha birinchi o`rinda turgan, ammo Karimov davrida bu tamoyillar ishlamadi. Hozir Shavkat Mirziyoyev shu konsepsiyada ko`rsatilgan maqsadlarni amalda qo`llay boshlagani kuzatilayapti. Shuning uchun ham, nazarimda, qandaydir umidlar bor. Ammo bu borada tez fursatda biror natijalar bo`lishini kutish qiyin, chunki mintaqaviy munosabatlarda o`zaro ziddiyatlar yetarlicha, biror darajada hamkorlikni yo`lga qo`yish, tomonlarning kelishuvi ancha vaqt talab etadi ”, - deydi Satpayev.

Shavkat Mirziyoyevning Qozog`istonga tashrifi uning ikkinchi xorijiy safari bo`ladi. Avvalroq, u davlat tashrifi bilan Turkmanistonda bo`lgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG