Markaziy osiyolik jangarilar: ularning toifasi va Suriya guruhlaridagi ishtiroki


"Islomiy davlat" jangarilari marshi, Raqqa, 14-yanvar, 2014-yil.

"Islomiy davlat" jangarilari marshi, Raqqa, 14-yanvar, 2014-yil.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Suriyaga borib jang qilayotganlar haqidagi muhokamalar so'nggi paytlarda tez-tez quloqqa chalinmoqda. Ammo bu mavzuda aniq va ishonarli ma'lumot topish qiyin. Chunki hukumatlar o'z fuqarolari haqida rasmiy axborot bermaydi. Markaziy osiyolik ekspert, Qozog'iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik tadqiqotlar bo'yicha Qozog'iston instituti tadqiqotchisi Erlan Karin yaqinda shu mavzuda o'tkazilgan so'nggi tadqiqot xulosalari bilan o'rtoqlashdi.

Suriya va Iroqda ulkan hududlarni o'z nazoratiga olib, xalqaro hamjamiyatni jiddiy tashvishga solgan "Islomiy davlat" terror guruhi safida minglab xorijlik jangarilar bor. Ular orasida markaziy osiyoliklar ham oz emas.

Tadqiqotchi Erlan Karin nazarida, O'rta Osiyodan borayotganlarni faqat "Islomiy davlat" safiga borib qo'shilyapti, deb o'ylash noto'g'ri.

"Markaziy Osiyodan borganlar "Islomiy davlat"ga yoki "Al-Qoida"ga aloqador guruhlardan biriga qo'shilish bo'yicha bir qarorga kelishi kerak. Ular bir xil emas, ko'pincha, qarama-qarshi guruhlar safida jang qiladi. Ularni o'rganganda shu jihatini hisobga olish kerak", - deydi u.

Markaziy osiyolik jangarilar haqida rasmiy ma'lumotlar kam. Masalan, O'zbekiston bu haqda umuman bayonot bermagan.

"O'zbekistonga oid raqamlarni mustaqil tashkilotlardan va radikal guruhlarning o'z saytlariga qo'ygan ma'lumotlardan olamiz. O'zbekiston va Turkmaniston hech qanday rasmiy ma'lumot bermaslikka urinsa, Tojikiston va Qirg'iziston o'z siyosiy manfaatlari yo'lida raqamlarni bo'rttirib ko'rsatishga urinadi.Qozog'iston ham tez-tez ma'lumot berib turadi", - deydi mutaxassis.

Ekspert fikricha, dunyoning bu mintaqasidan Suriyaga otlanayotganlarga xos yana bir jihat shundaki, ular, odatda, oila a'zolarini ham o'zlari bilan birga olib ketadi.

"Yevropadan boradigan jangarilar, odatda, yolg'iz o'zlari boradi. Markaziy osiyoliklar esa bola-chaqasi bilan birga butunlay ko'chib ketadi", - deydi Karin.

Shuningdek, tahlilchi o'rta osiyoliklarning jangari guruhlarda yuqori mavqe va obro'-e'tiborga ega ekanini aytadi.

"Markaziy Osiyodan borganlar juda faol va ko'pincha ularni yetakchi vazifalarga qo'yishadi. Chunki ular ideologik jihatdan boshqa mintaqadan borganlarga qaraganda tajribaliroq va qat'iyatlari ham kuchli", - deydi u.

Boshqa davlatlardan kelayotganlar turli mavjud tashkilotlarga qo'shilsa, markaziy osiyoliklar o'z etnik guruhlarini tuzishga harakat qilishadi. "Sabri Jamoat, "Jamoati imom Buxoriy", "Katibat Tavhid va Jihod" kabi jamoalar markaziy osiyoliklar yetakchiligida tashkil etilgan. Ular safida O'zbekiston, Qirg'iziston, Tojikiston va qozog'istonlik jangarilar bor, deydi ekpert.

O'rta osiyoliklar Suriyaga qaysi yo'llardan bormoqda?

"Markaziy osiyoliklar dastlab mehnat migranti sifatida Rossiyaga borishadi va o'sha yerda radikallashib, Turkiyaga va u yerdan Suriyaga o'tishadi. Shu bois ularning aniq sonini bilish qiyin. Marshrut juda oddiy. Rossiya, Turkiya orqali, yoki Ukraina va Gruziya orqali borishadi. Ilgari Shimoliy Kavkazga, 2000-yillarda Afg'onistonga borishardi. Masalan, Qozog'istondan Afg'onistonga borish 30-45 kun vaqt olgan. Rossiyaga borib, Turkiyaga o'tish, u yerdan Eronga o'tish, hujjatlarni tayyorlash, shundan so'ng Pokistonga o'tish juda uzoq vaqt olgan va bunga kamida 3-4 ming dollar ketgan. Suriyaga esa juda oson. Istanbulga bitta bilet olsa, avtobusda keyingi kuniyoq Suriyaga kirib borishi mumkin. Hech qanaqa hujjat ham kerak emas", - deydi Karin.

Shuningdek, Suriyada jang qilayotganlar Afg'onistondagilarga qaraganda qurol-yarog' va moddiy tomondan ancha yaxshi ta'minlangan. Bu ham Suriyadagi guruhlarga odam yollashda o'ziga jalb qiladigan jihatlardan.

Qozog'istonlik tahlilchi nazarida, Suriyaga borayotganlarni uch guruhga bo'lish mumkin.

"Birinchi guruhga muammolarga o'ralashib qolganlar kiradi. Ular moliyaviy va boshqa muammolardan qiynalib, hayotda aniq bir yo'lini topolmay, radikallar ta'siriga tushish oqibatida Suriyaga borib qolgan. Ikkinchi guruhni aldangan musulmonlar deyish mumkin. Ular islomiy davlatda yashaymiz, deb jangarilar propagandasiga samimiy ishongan va bu yerga kelib aldanganini sezgan. Uchinchi toifa esa chin ma'noda radikallashgan va jihod idealogiyasiga qattiq ishonadigan ashaddiy jihodchilardir", - deydi Karin.

Odatda, birinchi va ikkinchi toifadagilar tez pushaymon bo'lib, ortiga qaytishga yoki Suriyani tark etishga urinadi. Uchinchi guruhdagilar esa o'lgunicha o'sha yerlarda qoladi.

Suriyada o'lgan markaziy osiyolik jangarilar ortidan yana bir muammo o'rtaga chiqmoqda. Bu halok bo'lganlarning oilalari va bolalari bilan bog'liq.

"Otalar halok bo'lsa, ko'pincha, ularning bolalarini onasidan tortib olib, tayyorgarlik lagerlariga jo'natishadi. Boshqalari esa bolalarini olib qo'shni davlatlarga, ko'pincha, Turkiyaga qochib borib yashashadi. Bu yerda ham ularning ahvoli og'ir. Ular biror huquqqa ega emas, bolalari ta'lim olmaydi, tibbiy va ijtimoiy yordamdan bebahra. Bunday sharoitda ulg'aygan farzandlar kelajakda yana radikallar uchun oson o'ljaga aylanadi' - deydi Erlan Karin.

Suriyaga borib qolgan markaziy osiyoliklar orasida ortiga qaytayotganlar kam. O'zbekistonga deyarli kelishmaydi. Chunki ularga bu yerda ikkinchi hayotni boshlash uchun imkoniyat berilmasligi aniq. Mintaqaning boshqa davlatlarida ham ularni reabilitatsiya qilish, jamiyatga qaytarish dasturlari mavjud emas.

"Radikalizm va ektremizmga aloqador jinoyatlar bilan qamalganlarni jamiyatga qaytarish bilan bog'liq dastur Qozog'istonda bor, lekin u bevosita Suriyadan yoki xorijdan qaytayotgan jangarilarga aloqador emas", - deydi tahlilchi.

Demak, sobiq jangarilarni to'g'ri hayotga boshlash haqida jiddiy hukumat siyosati hech bir davlatda yo'q. Ayni paytda xorijdan qaytayotgan bunday shaxslar soni juda kam bo'lsa-da, agar kelajakda Suriya urushi tugab, minglab jangarilar o'z uyiga qaytishga qaror qilsa, bu mintaqa davlatlari uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi aniq.

  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG