Kerri va Markaziy Osiyo vazirlari Vashingtonda qo'shma bayonot qabul qildi


Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari Kerri bilan Vashingtonda uchrashdi

Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari Kerri bilan Vashingtonda uchrashdi

Chorshanba kuni AQSh poytaxti Vashingtonga tashrif buyurgan Markaziy Osiyoning besh respublikasi tashqi ishlar vazirlari (Yerlan Idrisov, Qozog'iston; Yerlan Abdildayev, Qirg'iziston; Sirojiddin Aslov, Tojikiston; Abdulaziz Komilov, O'zbekiston; Rashid Meredov, Turkmaniston) Davlat departamentida Amerika Davlat kotibi Jon Kerri bilan C5+1 formatida muloqot qildi. Bu mazkur shakldagi ikkinchi tadbir bo’lib, birinchisi o’tgan yil noyabrida Samarqand shahrida o'tkazilgan edi.

Vashingtondagi uchrashuvdan oldin har bir vazir matbuot uchun qisqacha bayonot berdi. Muloqot mezboni Jon Kerrining aytishicha, qo’shma diplomatik sa’y-harakatlar yordamida terrorga qarshi kurash, savdo va sarmoyalar, iqtisodiy taraqqiyot, atrof-muhit muhofazasi yo’lidagi tashabbuslarni amalga oshirish mumkin.

“Global aksilterror forum doirasida Markaziy Osiyo davlatlariga aholining radikallashishiga qarshi kurash hamda xorijiy jangarilar solayotgan xavfni kamaytirishda yordam berishga qaratilgan loyiha boshlash rejamiz bor. Yana bir loyiha iqtisodiyotning muhim sektorlarida savdoni kuchaytirishga, iqtisodiyotlarimiz raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. Uchinchi qo’shma loyiha transport va logistika tizimlarini yaxshilashni ko’zda tutadi. Bu bozorning sog’lom va jonli bo’lishini ta’minlashda muhimdir. Va, nihoyat, Qo’shma Shtatlar Markaziy Osiyoning har bir mamlakatiga yangilanuvchi, tozaroq energiya manbalarini rivojlantirishda yordam beradi, shunda zararli gazlar chiqimi kamayadi”, - dedi Kerri.

Muloqot ishtirokchilari

Muloqot ishtirokchilari

Mintaqa davlatlariga iqlim o’zgarishiga qarshi kurashda amaliy yordam tariqasida Kerri 15 million dollar ajratilishi haqida ma’lum qildi.

“Men tilga olgan har bir sohada hamkorlik o’ta muhim, ammo shuni unutmangki, hamkorligimiz muammoli masalalarga doir muloqotimizni davom ettirishga g’ov bo’lmasligi kerak. Bular davlat boshqaruvida shaffoflik va xalq oldidagi mas’ullik, diniy erkinlik, so’z va uyushish erkinligi kabi inson huquqlariga doir muhim masalalar”, - dedi AQSh davlat kotibi.

Kerridan so’ng so'zga chiqqan Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari AQSh bilan munosabatlar hamda mintaqaviy hamkorlikning ahamiyatiga urg’u berdi.

Olti tomonlama majlis yakunida vazirlar qo’shma bayonot qabul qilib:
- C5+1 formatidagi muloqotni davom ettirishga;
- mintaqa bo’ylab transport korridorilarini rivojlantirishga;
- transport tizimi mahsuldorligi va samarasini oshirishga;
- mintaqaviy savdoni yo’lga qo’yish hamda sarmoya potensialini oshirish maqsadida Markaziy Osiyo bo’ylab logistika sektorlarini kuchaytirishga;
- mintaqaviy, davlat va mahalliy darajada iqlim o’zgarishi oqibatlariga tayyor turish va moslashishga qaratilgan choralarni rejalab, amalga oshirishga;
- terrorizm, ommaviy qirg’in qurollari va qoradorini chegaralardan olib o’tish, inson savdosi kabi tahdidlarning oldini olishda va ularga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirishga;
- qo’shni Afg’oniston taraqqiyotini qo’llab-quvvatlashga;
- gumanitar sohalar, ta’lim, madaniy va biznes almashinuv dasturlari, mintaqa xalqlari o’rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda hamkorlikni davom ettirishga va qator boshqa masalalarga kelishib oldilar.

Vazirlar, shuningdek, Vashingtonda Markaziy Osiyo masalalari bilan shug’ullanuvchi tahlil markazlari xodimlari bilan ham muloqot qildi. AQSh Savdo palatasi esa biznes forum uyushtirib, unga Amerikaning yirik kompaniyalari vakillarini taklif etdi. Forumda AQSh Energetika vaziri Ernest Moniz ham qatnashdi.

(C5+1 muloqoti ochilishidagi nutqlarni tomosha qilish uchun (ingliz tilida) mana bu linkni bosing)

(Tadbirdan suratlarni ko'rish uchun mana bu linkni bosing)

XS
SM
MD
LG