Viskonsin universitetida Markaziy Osiyo xususida anjuman


CESS, University of Wisconsin-Madison

CESS, University of Wisconsin-Madison

21-asr boshida Garvard, Indiana va Viskonsin singari nufuzli universitetlarning professorlari va ilm-fan namoyandalari tomonidan asos solingan akademik jamiyat har yili Shimoliy Amerika bo'ylab turli oliygohlarda anjuman o'tkazib, tarix, til, madaniyat, siyosat va jamiyat bilan bog'liq masalalar yuzasidan mushohada olib boradi.

Tashkilotning nomi Markaziy Yevrosiyo Tadqiqot Jamiyati (Central Eurasian Studies Society) bo'lib, bu mintaqa deganda turkiy elatlar, mongol, fors, Kavkaz, Tibet va boshqa xalqlar yashaydigan katta hudud tushuniladi. Qora dengiz va Qrimdan boshlab, Markaziy Osiyo va Afg'oniston, Sibir, Mongoliya va Tibetgacha, deydi jamiyat boshida turgan olimlar.

Ulardan biri Lora Adams (Laura Adams), Garvard va Jorjtaun universitetlari professori. Yana biri esa Uli Shamilo'g'li (Uli Shamiloglu), bu yilgi anjumanga mezbonlik qilayotgan Viskonsin universiteti (University of Wisconsin - Madison) professori.

"Maqsad - oliy darajada ilmiy tadqiqotlar olib borish, yig'ilgan bilimni targ'ib qilish, olimlarni bir-biri bilan bog'lash, asarlarni chop etish, akademik o'sishni ta'minlash",- deya tushuntiradi professor.

Keksa tadqiqotchilar yoshlarga ustozlik qilib, dunyoning turli burchaklaridagi dargohlarda ishlayotgan hamkasblar muntazam ravishda yig'ilib, tajriba va fikr almashishi faqat foyda, deydi u.

Mezbonlikka tanlanadigan universitetlar odatda Yevrosiyo va Markaziy Osiyoni izchil o'rganib kelayotgan fakultetlarga ega. Masalan Viskonsin universitetda Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Oziyo Markazi (CREECA) bor. Jamiyatshunoslik, madaniyatshunoslik va mintaqashunoslik sohalarida yetakchi ilmiy maskan.

Bugungi kunda 42 mingdan oshiq talabaga ega Viskonsin universitetiga 1848-yilda asos solingan. Shtat poytaxti Madison esa Amerikaning to'rtinchi prezidenti va bu davlat konstitutsiyasining asosiy muallifi Jeyms Madison nomiga qo'yilgan.

Anjumanni kuzatgan odam G'arbda Markaziy Osiyoga nisbatan ilmiy e'tibor yuqori ekaniga guvoh bo'ladi. Munozara va davra suhbatlari, ma'ruza va muloqotlarda quyidagi mavzular ko'tarilmoqda: Amerika va Yevropa Ittifoqining mintaqa davlatlari bilan aloqalari, Rossiya va Xitoy roli, energetika, xavfsizlik, har bir respublikadagi siyosat, inson huquqlari va matbuot, gender masalalari, din va e'tiqod, inqilob, islohot, migratsya, diaspora, musiqa, kino, iqtisod va moliya.

Olimlar o'z ishlarini tanishtirib, hamkasblarining fikr va mulohazalarini tinglamoqda, bahslashmoqda, bir-birining tajribasiga tayanib, kelajak rejalar tuzmoqda.

Aksariyat qatnashchilar - amerikaliklar va yevropaliklar. Mintaqadan juda oz odam kelgan, chunki mutaxassislarning homiy topishi qiyin. Yo'l, mehmonxona va boshqa xarajatlarni o'zingiz to'laysiz. Markaziy Yevrosiyo Tadqiqot Jamiyati ishtirokchilarga moliyaviy yordam ko'rsatmaydi. Buning ustiga ko'plab mamlakatlarda, xususan O'zbekiston va Turkmanistonda ilmiy xodimlar chet elga tadbirga borishi uchun yuqoridan ruxsat olishi, biror mavzuda gapirmoqchi bo'lsa, buni tasdiqlatishi kerak. Nazorat kuchli.

Qozog'iston va Qirg'izistondan mehmonlar nisbatan ko'p. Tojikistondan juda oz. Turkmanistondan hech kim yo'q. O'zbekistondan atigi bitta. Matbuotga chiqishni istamagani uchun ism-sharifini aytmaslikni so'radi.

Qatnashchilar orasida chet el ilmiy dargohlarida ishlaydigan va malaka oshirayotgan o'zbek olimlar ham bor.

Kim bilan gaplashmang, mintaqaga kirib-chiqish oson emas, deydi. U yerdan bu yerga, bu yerdan u yerga izlanishlar uchun boradiganlar kam.

Bu yilgi anjumanga Qozog'istonning Nazarboyev universiteti ham hissa qo'shgan. Bu oliygoh yangi ochilgan va Amerikadan bir qancha professorlarni ishga olib, ular orqali qaddini rostlash ilinjida.

Energetika va AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati haqida ma'ruza o'qigan Stiv Levin (Steve Levine) deydiki, bir guruh olimlar tashabbusi bilan boshlangan ish ilmiy jamiyatga aylanib, yuzlab mutaxassislarni o'ziga qaratgani bebaho yutuq.

Ilm-fan namoyandalari shu yo'l bilan jamiyatlarni bir-biriga yaqinlashtira oladi, tadqiqot ishlari va ularning natijalari tufayli muammolarga yechim topishi, jumboqlarni yechishi mumkin.

Men o'zim qatnashgan munozarada matbuot va ilmiy doiralar orasidagi aloqa va hamkorlik xususida gap ketdi. Axborot vositalari dolzarb mavzularni tahlil qilishda ekspertlarga, muayyan sohani puxta biladigan mutaxassislarga tayanadi. Ommaga xabar va bilim berishni ular bilan hamkorlik qilmay turib eplay olmaysiz, deydi so'zlovchilar.

Madison shahri, Viskonsin shtati

Madison shahri, Viskonsin shtati

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG