Vashingtonda Markaziy Osiyo o'tmishi, buguni va kelajagi haqida ilmiy anjuman


Anjumanga mezbonlik qilayotgan Jorj Vashington Universiteti Markaziy Osiyo bo'limi rahbari Marlen Laruel deydiki, maqsad - g'arb va sharq olimlarini bir joyga to'plash va ularga yuzma-yuz muloqot imkoniyatini yaratish.

Anjumanga mezbonlik qilayotgan Jorj Vashington Universiteti Markaziy Osiyo bo'limi rahbari Marlen Laruel deydiki, maqsad - g'arb va sharq olimlarini bir joyga to'plash va ularga yuzma-yuz muloqot imkoniyatini yaratish.

Markaziy Yevrosiyo Ilmiy Jamiyati bu safar AQSh poytaxtida Jorj Vashington Universitetida yig'ildi. G'arb va mintaqa ekspertlari orasida keng qamrovli muloqot. To'rt kunlik anjuman.

2000-yillar boshida asos solingan Markaziy Yevrosiyo Ilmiy Jamiyati (Central Eurasian Studies Society) har yili kuzda Shimoliy Amerikaning taniqli universitetlaridan birida anjuman o'tkazadi. Markaziy Yevrosiyo deganda Kavkazdan tortib Tibetgacha bo’lgan hudud tushuniladi. Markaziy Osiyo uning markazida.

Yuzlab mutaxassislar a'zoligidagi akademik tashkilot bu safar AQSh poytaxtida Jorj Vashington Universitetida yig'ilib, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy mavzularni muhokama qilmoqda.

Yig'inning Amerika siyosiy markazida o'tayotgani Markaziy Osiyo va Yevropadan kelgan ishtirokchilar uchun Vashington siyosiy doiralari bilan muloqot qilishdek noyob bir imkoniyatni beradi.

Afsuski, Markaziy Yevrosiyo Ilmiy Jamiyati qatnashchilarning xarajatini qoplamaydi. Anjumanda internet orqali ishtirok etish mumkin emas. Shu bois yig'ilganlarning aksariyati Shimoliy Amerika ilmiy maskanlaridan, qolaversa o'zlari alohida homiy topa olgan professionallar.

To'rt kun davomida o'nlab davra suhbatlari, prezentatsiya va munozaralar... Mintaqashunoslar, siyosatshunoslar, jamiyatshunoslar, tilshunoslar, madaniyat va san'atshunoslar, tarixchilar, iqtisodchi, tahlilchi va jurnalistlar. Yangi kitoblar, ilmiy manbalar va hisobotlar bilan tanishasiz, ularni bitgan ekspertlar bilan gaplashasiz, fikr almashasiz.

Anjumanga mezbonlik qilayotgan Jorj Vashington Universiteti Markaziy Osiyo bo'limi rahbari Marlen Laruel (Marlene Laruelle) deydiki, maqsad - g'arb va sharq olimlarini bir joyga to'plash va ularga yuzma-yuz muloqot imkoniyatini yaratish.

Albatta, ko'plab mutaxassislarning imkoniyatlari cheklangan. Biroq bu yig'in xulosalari, taqdim etilgan ishlar chop etilganida, ularni o'qish-o'rganish mumkin.

Kolumbiya universiteti professori Aleksander Kuli (Alexander Cooley) kelajakda Markaziy Osiyo va Yevrosiyodan ko'proq mutaxassislarni ko'ramiz, degan umidda.

Bunday anjumanlar mintaqada ham o'tishi, mahalliy olimlar g'arblik ekspertlarga mezbonlik qilishi mumkin. Ilmiy yig'inlar o'tkazish ko'plab mamlakatlarda nafaqat akademik niyat va rejaga, balki siyosiy iroda va hukumat ruxsatiga bog'liq.

Anjumanning ochilish ma'ruzasini qilar ekan, professor Kuli asosiy e'tiborni Markaziy Osiyodagi o'tgan 15 yillik dinamikaga qaratdi.

Mintaqadagi har bir respublikaning yirik davlatlar, xususan AQSh, Xitoy, Rossiya, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarini sarhisob qildi.

Har bir mamlakat tashqi dunyo bilan aloqalarini qanchalik muvozanatlashga urinmasin, bunga erishish qiyin kechdi va kechmoqda, deydi Kuli.

Boshqa ko'plab siyosatsunoslar singari u ham mintaqaga bir organdek qarashga qarshi. Besh respublika - besh alohida tuzum va ularni shunday tahlil qilish kerak, deydi Kuli.

Hamkor davlatlar, masalan, Amerika mintaqaviy integratsiyaga urg'u berib kelmoqda. Biroq buni davlatlarning o'zi hal etishi va eng muhimi xohlashi lozim.

Hozircha ularning har biri "men va sen" qabilida ish ko'rishni xohlaydi, "biz va sen" yoki "biz va siz" emas.

Kuli nazarida o'tgan bir yil ichida yuz bergan voqealar - Afg'onistonda Amerika qo'shinining kamaygani, Rossiya Ukraina bilan til topisha olmayotgani, G'arbda Kremlga nisbatan qarshilik kuchaygani, Yaqin Sharq yanada notinchlashib, AQSh va Rossiya aloqalari tobora keskinlashib borayotgani, Xitoy siyosiy-iqtisodiy hamkor sifatida mintaqadagi rolini oshirayotgani Markaziy Osiyoning har bir davlati uchun yangidan-yangi murakkabliklar tug'dirmoqda. Tashqi siyosatni muvozanatlash bugun yanada qiyin va balki mumkin emas.

Amerika o'zini uzoqdagi ishonchli sherik deya targ'ib qilmoqda. AQShdan sarmoya oqimi sust.

Yevropa Ittifoqi ham bu borada faol emas. Hamkorlik xususida qanchalik bong urmasin, regionning biror davlati blokka tayana olmaydi.

Rossiya o'z harbiy-siyosiy ta'sirini kuchaytirish harakatida, lekin moliyaviy imkoniyatlari katta emas, investitsiya ko'lami oshmaydi.

Federatsiyada ishlayotgan markaziy osiyoliklardan vatanga kelayotgan pul miqdori kamayib ketgan.

Xitoy milliardlab dollar tikmoqda. Pekinga yo'q deyish qiyin. Mintaqa davlatlari oldilarida boshqa imkoniyatlar bo'lishini xohlaydi.

Qozog'iston va O'zbekistonda uzoq yillik avtokrat rahbarlardan keyin nima bo'ladi?

Zamonning olabo'jisi - "Islomiy davlat" mintaqaga qanchalik tahdid solmoqda? Unga qarshi kurashdan Markaziy Osiyo naqadar manfaatdor? Mintaqa qanday chora ko'radi? Qanday qarorlar qabul qiladi?

Aleksandr Kuli nazarida yaqin kelajakda yana bir masalaga jiddiy e'tibor berish kerak bo'ladi - diaspora va ularning vatanga siyosiy-iqtisodiy va madaniy ta'siri. Ilm ahli uni izchil o'rgana boshlashi lozim, deya undaydi u hamkasblarini.

Millionlab markaziy osiyoliklar xorijda ekan, muhojirlar va migrant ishchilar soni oshib borarkan, ular ona yurtida hech narsa qila olmaydi deb hisoblash noto'g'ri va asossiz, deydi olim.

Markaziy Osiyo liderlari diasporadan azaldan xavfsiragan, hozir ham shunday va vatandoshlar "menga qarshi nimadir qilar" degan xavotir ularga uyqu bermayotgani tayin.

Aleksandr Kuli fikricha AQShning Yangi Ipak Yo'li deb nomlangan tashabbusi safsata va konkret natijalarga yetaklamaydi.

Xitoy rejalagan va amalga oshira boshlagan Ipak Yo'li nima samara berishi yuzasidan biror narsa deyish qiyin, chunki mablag' va'da qilingani bilan ajratiladimi, yo'qmi, bu ham mavhum. Gap trillionlab dollar haqida ketmoqda.

Xitoy iqtisodi sustlashib, moliyaviy qurbi zaiflashar ekan, ulkan o'zgarishlar kutmang, deydi Kuli. Biroq, deydi olim, yaqin kelajakda mintaqaga eng ko'p bosim Rossiya va Xitoydan kelishi aniq.

Professor Aleksandr Kuli Jorj Vashington Universitetida so'zlamoqda, 15-oktabr, 2015

Professor Aleksandr Kuli Jorj Vashington Universitetida so'zlamoqda, 15-oktabr, 2015

Markaziy Yevrosiyo Ilmiy Jamiyatining yillik anjumani Vashingtonda o'tmoqda, 15-18 oktabr, 2015

Markaziy Yevrosiyo Ilmiy Jamiyatining yillik anjumani Vashingtonda o'tmoqda, 15-18 oktabr, 2015

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG