AQSh xayriya tashkiloti xorijda kutubxonalar ochmoqda

  • Amerika Ovozi

Indoneziyalik bolalar kutubxonaga jon deb keladi.

Indoneziyalik bolalar kutubxonaga jon deb keladi.

AQShning “Kitob bilan dunyo bir qadam” deb nomlangan xayriya tashkiloti Indoneziyada kutubxonalar qurmoqda. Bolalar va kattalar uchun.

Indoneziyaning Padang shahrida bir maktabning yaqinda ochilgan kutubxonasi. Bolalar qiroat bilan band. Bu yerda kitoblar kamyob. O’quvchi Fiolisa Anggrayni ixtiyorida shuncha adabiyot borligidan xursand:

“Bu yangi kutubxonada kitoblar, yaxshi kitoblar ko’pligi menga juda ma’qul. Bilimimni oshira olaman endi”.

2009-yildan buyon xayriya tashkiloti Indoneziyaning Padang, Sidoarjo shaharlari va Bali orolida o’nlab kutubxonalar ochishga muvaffaq bo’ldi.

Tashkilot asoschisi, professor Jeyms Ovens deydiki, boshqa rivojlanayotgan mamlakatlardagi kabi Indoneziyada iqtidorli bolalar ko’p, biroq imkoniyatlar cheklangan.

“Ular maktabga boradi, o’qiydi, orasida aqllilari juda ko’p. Lekin kitob tanqis – tarix, ertaklar, qolaversa, ilm-fan bo’yicha ham. Holbuki, asar bola xayol qilishi, orzu qilishiga yordam beradi.”

Bir kutubxonani qurib bitkazish va jihozlash uchun 5000-10 000 dollar kerak. Professor Ovens dars beradigan Janubiy Kaliforniya universitetida mart oyida talabalar marafon uyushtirib, yana bir kutubxona uchun 8 000 dollar to’plashga muvaffaq bo’ldi. Stefani Vetsel – faol talabalardan:

“Biz kitob o’qishga o’rganib qo’lganmiz, noyob ne’mat ekanini o’ylamaymiz ham. Boshqa yurt bolalarida shunday imkoniyat bo’lishi, xat-savodli bo’lishi kerak”.

Padang shahridagi maktab direktori Amril Lasmana kutubxona bolalar hayotida o’zgarish qildi, deydi.

“O’quvchilarimiz orasida bilimga chanqoqlik, qiziqish va o’qish istagi ancha kuchaydi. Kutubxona binosi qayta ta’mirlandi. Toza, shinam va chiroyli joyga aylandi. O’quvchilar u yerga jon deb boradi”.

Ikki ko’chma kutubxona ham bor. Undan bir necha maktab bemalol foydalana oladi.

O’quvchi qiz Liza Andriyani Putri kutubxona koni foyda, deydi:

”Bu kutubxona ochilganidan juda xursandman. Shijoat bilan o’qisam, komil inson bo’lib yetishaman, deyman”.

"Kitob bilan dunyo bir qadam” tashkiloti Indoneziyada hammasi bo’lib bolalar uchun 49 kutubxona qurib bitkazdi. Ota-onalar uchun yana 26 ta. Rejaga ko’ra, joriy yil shunday dastur Meksikada ishga tushadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG