Amerika ahli cherkovdagi qotillikdan hanuz dahshatda

  • Amerika Ovozi

Janubiy Karolina shtati Charlston shahridagi qora tanlilarning tarixiy cherkovida to’qqiz kishini otib o’ldirganlikda ayblangan shaxs - 21 yoshli oq tanli yigit. Ko’plab amerikaliklar, xususan, davlat rahbari mamlakatdagi irqiy zo’ravonlik va ommaviy otishmalardan dahshatda. Bu mudhish voqea mahalliy terrorizm deya baholanishi kerak; qurolga egalik qilish ustidan nazoratni kuchaytirish kerak va irqchilikka qarshi qattiqroq kurashish lozim, degan chaqiriqlar mamlakat bo’ylab yangramoqda.

XIX asr boshida qurilgan Emanuel cherkovi irqiy va nafratga asoslangan zo’ravonlikka ko’p guvoh bo’lgan. Fuqarolik huquqlari harakatiga sahna bo’lgan. Maxfiy uchrashuvlar, yong’inlar, vayronagarchilik va qayta tiklanish… Ibodatxona ko’p narsaga guvoh bo’lgan. Afro-amerikaliklar uchun matonat ramzi.

“Cherkov va qora tanli amerikaliklar kuchli va sabrli odamlar. Ko’p narsani ko’rdi boshimiz. O’sishda, birga gullab-yashnashda davom etamiz”, - deydi Vashingtondan diniy yetakchi Silviya Samter.

Otishma yuz bergandan beri bir savol yangraydi: nega u ibodat uyiga kirdi, nega dindorlarni o’ldirdi?

Huquq faollaridan biri Richard Koen shunday javob beradi:

“Yosh yigit, mamlakatdagi demografik o’zgarishlardan, qoralarning AQSh prezidentidek martabalarga chiqqanidan norozi. U bunga qarshi chora ko’rishga ahd qiladi. Kelajagi yo’q bir notavon bo’lgandan ko’ra, oqlar irqi uchun katta voqea bo’ladigan tarixiy shaxsga aylanishni xohlagan”, - deydi Richard Koen.

O’z nutqida Prezident Barak Obama ommaviy otishmalardan qattiq tashvishda ekanini bildirib, hech bir rivojlangan davlatda ahvol bunchalik emas, dedi.

“Bunday bayonotlarni juda ko’p qilishimga to’g’ri keldi. Bunday jamoalar ana shunday fojealarni ko’p boshidan o’tkazdi”, - dedi davlat rahbari.

Otishmada ayblanib hibsga olingan shaxs oq irq oliyligini tarannum etuvchi guruh va ramzlarni yaxshi ko’rgani ma’lum. U maktabda yaxshi o’qimagan va biror ishga va hatto haydovchilik guvohnomasiga ham ega bo’lmagan. Shimoliy Karolinada qo’lga olingan bu shaxsga nisbatan nafratga asoslangan jinoyat ishi ochildi.

“Bu hodisa nafaqat ayrim oilalarga, balki barchamizga qattiq ta’sir qildi. Nafaqat qoralarni, balki oqlar va yashillarni - hammani larzaga soldi. Unga hammamizning aloqamiz bor. Chunki o’zimizdan bu narsaning ro’y berishiga qanday hissa qo’shdik, deb so’rashimiz kerak yoki uning oldini olish uchun qila olmagan ishlarimiz haqida o’ylashimiz kerak”, - deydi diniy yetakchilardan biri Leroy Gilbert.

Irqiy nafratga qarshi butun mamlakat bo’ylab amerikaliklar birdamlik yig’inlarini o’tkazmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG