Venesuela rahbari Ugo Chaves vafot etdi

  • Amerika Ovozi

Venesuelada bir haftalik motam... Xalq 14 yillik sotsialist rahbar Ugo Chavesni xotirlamoqda. U hayot uchun qattiq kurashdi, ammo saraton, ya'ni rakdek vaboga bardosh bera olmadi, deydi vitse-prezident Nikolas Maduro.

Ikki oy oldin Kubada to’rtinchi bor operatsiya qilingan Chaves poytaxt Karakasdagi harbiy kasalxonada kimyoviy muolaja olish uchun yotqizilgan edi.

“Rahbarimizning ahvoli og’ir, ammo u kuchli shaxs, chidab beradi bu sinovlarga”,- degan edi Maduro ikki kun oldin.

Ayni damda Venesuela bo'ylab xavfsizlik kuchaytirilgan. Mamlakat armiyasi xalqni osoyishtalikka chaqirib, vitse-prezident va paylamentga sodiq qolishini aytmoqda. Bir oy ichida saylovlar o'tkaziladi.

O’tgan yili rahbarlikka yana olti yilga saylanib, inauguratsiya marosimida qatnasha olmagan 58 yoshli Ugo Chaves rakning qaysi turi bilan og'ringani sir tutilgani bois uning salomatligi haqida turli mish-mishlar tarqalgan edi.

Muxolifat hukumatni xalqni laqillatganlikda ayblamoqda. Chaves allaqachon o'lgan edi, rasmiylar buni xalqdan yashirdi, deydi saylov adolatli o'tishiga chaqirayotgan oppozitsiya a'zolari.

Ungacha mamlakatni vitse-prezident Nikolas Maduro, marhumning ishonchli odami va partiyadoshi boshqaradi.

1998-yilda hokimiyatga kelgan Ugo Chaves Venesuelaning neft boyliklarini ishga solib sotsialistik siyosat olib borgan. Tarafdorlari nazarida u tengsizlikka qarshi kurashgan inqilobchi, xalqaro sahnada esa AQSh imperializmiga qarshi tura olgan rahbar deb ko'rilar edi.

Muxolifat esa uni iqtisodiyotni barbod qilib, mamlakatni diktaturaga aylantirganlikda ayblar edi.

Obama ma'muriyati Chavesning o'limi xususida qisqagina bayonot berib, Venesuela bilan aloqalar yaxshilanishiga umid bildirdi.

"Venesuela tarixida yangi sahifa ochilmoqda. AQSh bu davlat bilan munosabatlarida demokratik taraqqiyot, qonun ustuvorligi va inson huquqlari kabi tamoyillarga sodiq qoladi", - deydi prezident Barak Obama.

Obama Chaves bilan atigi bir marotaba, 2009-yilgi Amerika davlatlari sammitida ko'rishgan.

Lotin Amerikasi davlat rahbarlari Ugo Chaves bilan vidolashish uchun birma-bir Karakasga tashrif buyurmoqda.

"O'z ozodligi uchun kurashayotgan barcha xalqlar uchun u ilhom manbai bo'lib qoladi", - deydi Boliviya prezidenti Evo Morales.

Argentina va Kuba ham uch kunlik motam e'lon qilgan. Dafn marosimida Eron rahbari Mahmud Ahmadinejod ham qatnashishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG