Chechen jangarilari xalqaro jihod guruhlarida yetakchilik qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Chechen Omar Shishaniy (markazda) "Islomiy davlat" jangarilari bilan, 28-iyun, 2014-yil.

Chechen Omar Shishaniy (markazda) "Islomiy davlat" jangarilari bilan, 28-iyun, 2014-yil.

Chechenistonda kechgan ikki urushda qatnashgan jangarilar bugun dunyo bo'ylab turli islomiy jihod guruhlariga qo'shilmoqda. Tahlilchilarga ko'ra, shafqatsizligi bilan tanilgan bu jihodchilar xalqaro jangarilar saflarini kengaytirishda asosiy rol o'ynamoqda.

Internetga qo'yilgan videolardan biri. Manzara otishma, chang-to'zon va hayqiriqlarga to'la. Musiqa sadolari go'yoki faqat g'alabadan xabar berayotgandek. Ekranda chechen qo'mondoni Sayfulloh al-Shishaniy va uning "al-Nusra" guruhi jangarilari paydo bo'lgach, buning video o'yin emas, balki haqiqiy urush ekanini anglaysiz.

"Long War Journal" jurnali muharriri Bil Roggioning aytishicha, bu kabi videolarda jangarilarning qanchalik malakali ekanini ko'rish mumkin.

"Ular professional armiyaga o'xshaydi. O'q yomg'iri ostida harakatlanyapti. Bir-birlarini himoya qilyapti. Boshqalar bilan aloqa o'rnatib, hujumga o'tyapti. Kimdir jarohatlansa, unga tez tibbiy yordam ko'rsatishadi. Ular qurollarini ham mahorat bilan boshqaradi. Hammasini ko'rish mumkin. Juda mukammal ishlangan jihodiy videolardan biri bu", - deydi kuzatuvchi.

Jangarilarning arab va rus tilida so'zlashayotganini eshitish mumkin. Tez-tez "Allohu akbar" so'zlari ham quloqqa chalinadi. 2013-yil oxirida suratga olingan video Suriyada chechenlar ham jang qilayotgandan dalolat beradi.

Otishma kuchayar ekan, Sayfulloh yarador sherigini olib ketayotgani ko'zga tashlanadi. To'satdan ular turgan joyga bomba kelib tushadi va bir soniyadan so'ng ekranda Sayfullohning o'lik tanasi gavdalanadi. Video shu yerda nihoyasiga yetgan.

Jangarilar tarqatgan bu qisqa filmming uslubi o'ziga xos. Sayfullohning o'limi va jangovar musiqa bilan tugagan video shu paytgacha chiqarilgan eng ta'sirchan jihodiy filmlardan, deydi tahlilchilar.

Sayfulloh kabi chechen jangarilari jihodchilar orasida dovyurakligi va shafqatsizligi bilan tanilgan. Ularning Suriya, Iroq, Yaman, Pokiston, Afg'oniston va hatto Mali kabi mojaro o'choqlarida jang qilishi aytiladi. "Soufan" razvedka guruhi tahlilchisi Patrik Skinnerning aytishicha, qayerda urush bo'lsa, o'sha yerda chechenlarni ko'rish mumkin.

"Ularning bittasi o'nta odamning o'rnini bosadi, juda tajovuzkor jangchilar. Yaxshi tayyorgarlikdan o'tgan. Chechenistonda Rossiya armiyasidan omon chiqdingizmi, demak, siz tayyorsiz. Qayerda urush bo'lsa, o'sha yerdan chechen jihodchilarini topasiz. Ular xalqaro jihod harakatlarining bayroqdoriga aylangan", - deydi tahlilchi.

Chechen qo'mondonlari nafaqat "al-Qoida"ga aloqador "al-Nusra" tashkilotida, balki unga raqib "Islomiy davlat" safida ham yetakchilik qilmoqda.

Chechenlarning jang usullari haqida kitob yozgan Dodj Billingslining aytishicha, sharqiy Ukrainada Rossiya bilan kurashayotganlar orasida ham bor ular. Adibga ko'ra, bu jangchilar Rossiyaga qarshi davom etgan bir necha o'n yillik isyonda toblangan.

"Chechenlarda jangchilik madaniyati shakllangan. Ularga ko'ra, haqiqiy erkak jangchi bo'lishi kerak. Bu madaniyatlarining bir qismiga aylangan", - deydi u.

Billingslining ta'kidlashicha, chechenlar deb ataladigan jangarilarning ayrimlari Dog'iston, Ingushetiya kabi boshqa Kavkaz respublikalaridan yoki O'zbekistondan. Lekin ularning hammasi harbiy tayyorgarlikni Checheniston janggohlarida orttirgan.

Tahlilchi Roggio tajribali chechen qo'mondonlari hozir global jihodchilar vazifasini o'tayotganini aytadi. Ammo ular yolg'iz emas: Saudiya Arabistoni, Yaman, Iroq va Misrdan ham jihodchilar ko'p. Kuzatuvchi xulosasiga ko'ra, xorijlik jangarilardan global jihodchilar armiyasi paydo bo'lmoqda.

"Agar tajribali jangarilar tarjimai holiga qaraydigan bo'lsak, ularning Iroq, Yaman, Afg'oniston va Misrdagi mojarolarda toblanganini ko'ramiz. Ular bir necha davlatlarda tajriba orttirgan", - deydi Roggio.

Chechen jangarilari orasida professional armiyada xizmat qilganlar ham bor. Tajovuzkorligi yoki haqiqiy urush malakasiga ega ekanligi uchun Suriya va Iroqdagi janglarda har doim ular oldingi saflarda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG