Sharqiy Ukrainada chechen jangarilarga nima bor?

  • Amerika Ovozi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov sharqiy Ukrainada chechen harbiylari yo'q deydi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov sharqiy Ukrainada chechen harbiylari yo'q deydi

Sharqiy Ukrainadagi rossiyaparast to’dalarning jurnalistlarga aytishicha, davlat kuchlariga qarshi kurashda ularga jangarilar yetishmayapti. Ular safini to’ldirishda Rossiyaning Kavkaz mintaqasidan “ko’ngillilar” kelib qo’shilayotgani haqida xabarlar bor. Sharqiy Ukrainadagi ayirmachi guruhlar safida chechenlarning ham jang qilayotgani xususida ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuv ko’tarildi. Tahlilchilarga ko’ra, bu Ukraina harbiylariga qarshi olib borilayotgan harakatni ozodlik kurashi sifatida ko’rsatishga bo’lgan urinishlarni yo’qqa chiqaradi.

Rus psixologiyasini o’rgangan tadqiqotchi Maykl Bomning aytishicha, uzoq vaqt terrorizm o’chog’i bo’lgan mintaqadan jangarilarning kelib qo’shilayotgani sharqiy Ukrainadagi fuqarolarini cho’chitmoqda.

“Bu yerda mahalliy kurash ketyapti, degan qarashlar barbod bo’lishi mumkin. Kiyevni yoqtirmaydigan, lekin Rossiyaga qo’shilishni ham istamayotgan keksa chol-kampirlar va oddiy fuqarolar bu holatni qo’llab-quvvatlamasligi aniq”, - deydi kuzatuvchi.

Sovet ittifoqi qulagandan so’ng Moskva, asosan, musulmonlar yashovchi Chechenistonni o’z nazoratida saqlab qolish uchun ikki bor mintaqaga urush ochgan. Natijada Chechenistonning rusiyzabon aholisi 1989-yildagi 23 foizdan bugungi 2 foizdan kamroq miqdorga tushib qoldi. Kuzatuvchilar Kavkaz musulmonlari va nasoro Rossiyasi o’rtasidagi kurash 200 yillik tarixga ega ekanini aytadi.

Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov sharqiy Ukrainadagi janglarda qatnashayotgan chechenlar u yerga o’z ixtiyori bilan ketganini ta’kidladi.

“Hech qanday chechen askarlari, ayniqsa, chechen harbiy guruhlari bu ixtilofda qatnashayotgani yo’q”, - deb yozdi Qodirov “Instagram” ijtimoiy tarmog’idagi o’z sahifasida.

Kiyevdagi Siyosiy tadqiqotlar bo’yicha xalqaro markaz rahbari Yaroslav Kovalchukning aytishicha, chechenlarning hozir Ukrainada jang qilayotganiga shak-shubha yo’q.

“Donetsk viloyatida, Donbasda yashovchi mahalliy aholidan guvohlar bor. Ular janglarda chechen qurolli guruhlarining ishtirok etayotganini aytmoqda”, - deydi u.

Rossiya muxolifati yetakchisi Boris Nemsov internetga qurollangan shaxslar suratini qo’ydi. Unda, Nemsovning qayd etishicha, chechenlarning o’g’ir janglar bo’lib o’tgan Donetsk aeroportida namoz o’qiyotgani tasvirlanadi.

“Qodirov odamlari shahar aeroporti uchun kechgan janglar o’rtasidagi tanaffusda namoz o’qimoqda”, - deya qayd etadi Rossiya muxolifati vakili.

Donetsk meri Oleksandr Lukashenkoning aytishicha, aeroportdagi jangdan so’ng kasalxonaga yotqizilgan 43 ayirmachi orasida chechenlar ham bor. Shuningdek, o’tgan hafta Donetskdagi to’qnashuvlarda halok bo’lgan va Rossiyaga jo’natilgan 34 Rossiya fuqarosi orasida ham chechenistonlik jangarilar borligi aytilmoqda.

“Avvalroq mahalliy aholining katta qismi ayirmachilarni qo’llab-quvvatlayotgan edi, chunki ular kurashayotganlarni mahalliy odamlar deb o’ylagan. Endi ular chechenlarni ko’ryapti. Bular mahalliy odamlar emas, balki boshqa davlatdan kelgan harbiylar ekani ma’lum bo’ldi”, - deydi tadqiqotchi Kovalchuk.

Ayirmachilar safida jang qilayotgan xorijliklar faqat chechenlardan iborat emas. “AP” axborot agentligining xabar berishicha, Donetskda o’tgan harbiy paradda rossiyalik kazaklar guruhi ham ko’zga tashlangan.

Maykl Bom buni tasdiqlaydi.

“Ko’plab xorijlik jangarilarni ko’ryapmiz. Hamma joydan bor. Afg’on va chechen urushi veteranlari, har ikkisidan ham. Bu pul ishlashning yaxshi yo’li”, - deydi u.

Ukrainaning BMTdagi elchisi Yuriy Sergeyev Rossiyadan sharqiy Ukrainaga jangarilar jo’natishni bas qilishni so’radi.

U Rossiya elchisi Vitaliy Churkinga yuzlanib, Ukrainada yuzlab chechenlar nima qilayotgani haqida uni savolga tutdi.

Bunga javoban, Rossiya diplomati chechenlar haqidagi savollar “mantiqsiz” dedi.

Ayirmachilar o’z saflarini to’ldirish uchun mahalliy aholidan yetarli qo’llab-quvvatlovni qo’lga kirita olmagach, chet ellik jangarilar yordamidan foydalanishga majbur bo’lgan ko’rinadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG