AQSh sobiq vitse-prezidenti: Qiynoqlar haqidagi hisobot safsata

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq vitse-prezidenti Dik Cheyni

AQSh sobiq vitse-prezidenti Dik Cheyni

AQSh sobiq Vitse-prezidenti Dik Cheynining aytishicha, Markaziy razvedka boshqarmasi 2001-yil 11-sentabr xurujlaridan so'ng Oq uy ko'rsatmasiga ko'ra terrorchilikda gumon qilingan odamlarni keskin so'roq qilgan.

"Maqsad xurujlarga aloqador odamlarni topib, yangi hujumlarning oldini olish edi", - deydi u.

Boshqarmani so'kish emas, qilgan ishlari uchun unga rahmat aytish kerak , deydi Cheyni. Sobiq vitse-prezident nazarida choralar vatanni himoya qilish uchun zarur bo'lgan.

Senat Razvedka qo'mitasi hisobotiga ko'ra, agentlik terrorchilikda ayblangan va gumon qilingan shaxslarni so'roq paytida qiynagan. Qo'mita boshqarmani Kongress va Amerika xalqiga bunday usullarning samarasi haqida yolg'on ma'lumot berganlikda aybladi. Mahbuslar kaltaklangan, kichik joyda saqlangan, uyqudan ayrilgan, cho'ktirilgan, muzda cho'miltirilgan.

Cheynining aytishicha esa bunday usullar yordamida qimmatli ma'lumotlar olinib, ko'plab xurujlarning oldi olingan.

"Fox" telekanaliga bergan intervyusida sobiq vitse-prezident Senat hisobotini safsata deb atadi. Asossiz va noxolis tahlil, deydi u.

Inson huquqlari faollari AQSh Markaziy razvedka boshqarmasida so'roq paytida mahbuslarni qiynagan rasmiylarni jazolashga chaqirmoqda.

BMTning Inson huquqlari va aksil-terror bo'yicha maxsus vakili Ben Emmersonning aytishicha, AQSh Senatining hisobotida qayd etilgan jinoyatlar javobsiz qolmasligi kerak.

Human Rights Watch huquq tashkiloti rahbari Kennet Rot nazarida qiynoqlarga qo'l urgan rasmiylar jazosini olmaguncha amaliyot kelajakda davom etaveradi.

Adliya vazirligining bildirishicha, Qo'shma Shtatlar ichki va xalqaro qonunlarni hurmat qiladi, ammo AQSh rasmiylarining xorijiy sudga berilishiga yo'l qo'ymaydi.

AQShning Britaniya, Germaniya, Pokiston kabi ittifoqchilari Amerikaning bu amaliyotlarini tanqid qildi. Rossiya nazarida Qo'shma Shtatlar ortiq demokratiya namunasi bo'la olmaydi.

Amerikada ayrimlar Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Brennani iste'foga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG