Dunyo bo’ylab 2,5 million voyaga yetmagan og’il-qiz jinsiy savdo qurboni


Inson savdosi - shiddatli tarzda o’sib borayotgan jinoyat turi. Ko’pincha internet orqali amalga oshirilib, jinoyatchilar buning orqasidan millionlab dollar foyda ko’radi.

BMT hisobicha, dunyo bo’ylab ikki yarim million voyaga yetmagan og’il-qiz jinsiy savdo qurboni. Bugun nafaqat beqaror jamiyatlarda, balki rivojlangan mamlakatlarda ham bola savdosi va ekspluatatsiyasi avjiga chiqqan.

“O’tgan yilning o’zida poytaxt Vashingtonda bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish bo’yicha 56 holatni qayd etdik”, - deydi Andrea Povel, bu muammoga qarshi kurashuvchi nohukumat tashkilot rahbari.

Guruh bugungacha Qo’shma Shtatlar, Serbiya, Bosniya, Rossiya va Uganda kabi mamlakatlarda minglar o’smirlar hayotini saqlab qolgan.

Mana bu qiz fohishaga aylantirilib, kuniga 15 soatlab ishlashga majburlangan.

“Boshdan kechirganlarimni ta’riflab bera olmayman. Vujudim parchalangan. Kimman? Nima qilayapman? Ahamiyatsiz edi. Ular menga katta yordam berishdi. Bugun hayotim tubdan o’zgardi”, - deydi u.

Bu qiz kabi hayoti saqlab qolinganlar barmoq bilan sanoqli. Fohishalikka majburlangan o’smir va bolalar dunyo bo’ylab qancha ekanini aniq aytish qiyin, deydi inson savdosiga qarshi kurashda yetakchilik qilayotgan kongressmen Kris Smit.

“O’rtacha yoshi 13 da bo’lgan 100 mingga yaqin amerikalik o’smir qizlar ko’chada, jinsiy zo’ravonlik qurboniga aylangan. Oilada qiyin sharoit tufayli qochib ketgan qizlar 48 soat davomida topib olib kelinmasa, jinoyatchi to’dalar ularni narkotik moddalar yordamida fohishalik yo’liga yurishga majbur qiladi. Ular bir zumda asirga aylanadi. G’ayriinsoniy sharoitlarda saqlanib, turli hil kasalliklarga mubtalo bo’lishlari tabiiy. Bu dahshatli manzara”, - deydi Smit.

AQShga Lotin Amerikasi, Janubiy Osiyo va G’arbiy Yevropadan yiliga minglab bolalar qul sifatida olib kelinadi. Bosniya va Serbiyadan olib kelinayotganlar asosan farroshlikka jalb qilinsa, G’arbiy Afrika bolalari ferma-dalalarda ishlashga majburlanadi.

Hindistondan keltirilgan go’daklar kiyim-kechak korxonalarida ekspluatatsiya qilinadi. Ko’p hollarda ota-onalar ular taqdiridan bexabar.

Qator mamlakatlarda, hatto AQShda ham bordel va strip klublar voyaga yetmaganlar bilan to’la. Politsiya yordam qo’lini cho’zish o’rniga ular xizmatidan foydalanadi.

“Inson savdosi chegara bilmaydigan, mo’may daromad keltiruvchi global biznesga aylanib bo’lgan”, - deydi Xelga Konrad, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining inson savdosiga qarshi kurash bo’yicha sobiq rasmiysi.

“Bu xalqaro jinoiy tizim. Oddiy misol qilib Janubi-g’arbiy Yevropani olaylik. Odatda bir-biri bilan chiqisha olmaydigan serb va albanlar odam savdosiga kelganda yaqindan hamkorlik qiladi. Oson yo’l bilan boylik orttirishni ko’zlashadi”.

Kongressmen Kris Smit fikricha bu muammo global e’tiborga loyiq.

“Birinchi navbatda, huquq himoya organlari xodimlarini maxsus tayyorlov kurslariga jalb qilish kerak. Fohishaxonalardagi yosh qizlarga jinoyatchi emas, jabrdiyda sifatida qarash kerak. Ularni bu yo’lga nima majbur qildi? Kim yoki nima sabab? Ana shu savollarga javob izlaylik. Muammo bu yo’lga kirgan bir qizni qamash bilan bartaraf etilmaydi.”

Adliya vazirligi hisobiga ko’ra, Amerikada voyaga yetmagan 300 ming o’g’il-qiz bu jinoyat qurboniga aylanishi mumkin. Har yili taxminan 17 ming qiz chet mamlakatlardan fohisha sifatida Amerikaga olib kelinadi.

Dunyo bo’ylab har yili 12,3 million odam majburiy mehnat, qullik va fohishalikka jalb qilinadi. Rasmiylar, mutaxassislar va tashkilotlar nazarida bu muammoga qarshi xalqaro hamkorlik yetishmayapti.

XS
SM
MD
LG