Bolalarni jinsiy maqsadda pullash global biznesga aylangan

  • Amerika Ovozi

Inson savdosi eng shiddatli tarzda o’sib borayotgan jinoyat turi. Bu qabih, noqonuniy biznes ko'p qirrali bo'lib, ko’pincha internet orqali amalga oshiriladi. Jinoyatchilar ish qidirgan odamlarni pullab, millionlab dollar foyda ko’rmoqda.

BMT hisobicha, dunyo bo’ylab ikki yarim million voyaga yetmagan og’il-qiz jinsiy savdo va tanafurushlik bilan band.

Bugun nafaqat beqaror jamiyatlarda balki rivojlangan mamlakatlarda ham bola savdosi va ular ekspluatatsiyasi avjiga chiqqan.

“O’tgan yilining o’zida poytaxt Vashingtonda bolalarni jinsiy ekspulatatsiya qilish bo’yicha 56 holatni qayd etdik”, - deydi Andrea Povel, bu muammoga qarshi kurashuvchi nohukumat tashkilot rahbari.

Sakkiz yildirki, bu muassasa bola savdogarlarini aniqlash bilan shug’ullanadi. Bugungacha Qo’shma Shtatlar, Serbiya, Bosniya, Rossiya va Uganda kabi mamlakatlarda minglar o’smirlar hayoti saqlab qolingan.

Mana bu qiz fohishaga aylantirilib, kuniga 15 soatlab ishlashga majburlangan ekan.

“Boshdan kechirganlarimni ta’riflab bera olmayman",- deydi u. "Vujudim parchalangan. Kimman? Nima qilayapman? Ahamiyatsiz edi”.

Andrea Povelning tashkiloti yordami bilan uning hayoti bugun tubdan o’zgargan.

Lekin bu qiz kabi hayoti saqlab qolinganlar barmoq bilan sanoqli. Fohishalikka majburlangan o’smir va bolalar dunyo bo’ylab qancha ekanini aniq aytish qiyin, deydi inson savdosiga qarshi kurashda yetakchilik qilayotgan kongressmen Kris Smit.

“O’rtacha yoshi 13 da bo’lgan 100 mingga yaqin amerikalik o’smir qizlar ko’chada, jinsiy zo’ravonlik qurboniga aylangan. Oilada qiyin sharoit tufayli qochib ketgan qizlar 48 soat davomida topib olib kelinmasa, qabih niyatli kimsalar ularni narkotik moddalar yordamida fohishalik yo’liga yurishga majbur qiladi. Ular bir zumda asirga aylanadi. G’ayriinsoniy sharoitlarda saqlanib, turli hil kasaliklarga mubtalo bo’lishlari tabiiy. Bu dahshatli manzara”,- deydi kongressmen.

Qo’shma Shtatlarga Lotin Amerikasi, Janubiy Osiyo va G’arbiy Yevropa mamlakatlaridan yiliga minglab bolalar qul sifatida olib kelinadi.

Bosniya va Serbiyadan olib kelinayotganlar asosan farroshlikka jalb qilinsa, G’arbiy Afrika bolalari ferma - dalalarda ishlashga majburlanadi.

Hindistondan keltirilgan go’daklar esa kiyim-kechak korxonalarida ekspluatatsiya qilinadi. Ko’p hollarda ota-onalar ular taqdiridan bexabar bo’ladi.

Qator mamlakatlarda hatto AQShda ham bordel va strip klublar voyaga yetmaganlar bilan to’la. Politsiya ularga yordam qo’lini cho’zish o’rniga ular xizmatidan foydalanadi.

“Inson savdosi chegara bilmaydigan, mo’may daromad keltiruvchi global biznesga aylanib bo’ldi”,- deydi Xelga Konrad, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining inson savdosiga qarshi kurash boyicha sobiq rasmiysi.

“Bu xalqaro jinoiy tizim. Oddiy misol qilib Janubi-g’arbiy Yevropani olaylik. Odatda biri-biri bilan chiqisha olmaydigan serblar va albanlar odam savdosiga kelganda yaqindan hamkorlik qiladi. Oson yo’l bilan boylik orttirishni ko’zlashadi”.

Kongressmen Smit fikricha bu muammo global e’tiborga loyiq.

“Birinchi navbatda huquq himoya organlari xodimlarini maxsus tayyorlov kurslariga jalb qilishimiz kerak. Fohishaxonalardagi yosh qizlarga jinoyatchi emas, jabrdiyda sifatida qarash kerak. Ularni bu yo’lga nima majbur qilmoqda? Kim yoki nima sabab? Ana shu savollarga javob izlashimiz kerak. Muammo bu yo’lga kirgan bir qizni qamash bilan bartaraf etilmaydi”, - deydi u.

Qo’shma Shtatlar Adliya vazirligi hisobiga ko’ra, voyaga yetmagan 300 ming o’g’il-qiz odam savdosi qurboniga aylanish xavfi bilan yuzlashmoqda.

Har yili taxminan 17 ming qiz chet mamlakatlardan fohisha sifatida Amerikaga olib kelinadi. Davlat departamentining ogohlantirishicha, dunyo bo’ylab har yili 12,3 million odam majburiy mehnat, qullik va fohishalikka jalb qilinadi.

Rasmiylar, mutaxassislar va tashkilotlar nazarida bu muammoga qarshi xalqaro hamkorlik yetishmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG