Breaking News

Xitoy AQSh bozorida ko'proq ulushga ega bo'lmoqchi


Xitoy AQSh bozorida ko'proq ulushga ega bo'lmoqchi
Xitoy AQSh bozorida ko'proq ulushga ega bo'lmoqchi

Xitoy kompaniyalari AQShda ko'proq mulk sotib olib, chuqurroq ildiz otmoqchi. Ba'zi amerikaliklar bunga qarshi.

Kelasi hafta Vashingtonga Xitoy bosh vaziri o'rinbosari yetakchiligida katta delegatsiya keladi. Unga 100 ga yaqin xitoylik tadbirkorlar hamrohlik qiladi. Xitoy kompaniyalari Amerikada ildiz otib, sarmoyani ko'paytirmoqchi. Biroq AQShda hamma ham buni olqishlamayapti.

O'tgan oy Indiana shtati gubernatori Mitch Deniyels Xitoyga safar qilganida mahalliy kompaniyalarni Indianaga sarmoya kiritishga, shtatdan mahsulot sotib olishga da'vat etgan edi.

Shtat daromadining asosiy qismi ishlab chiqarishdan tushadi. Ammo aholining 10 foizi ishsiz.

"Indianaga sarmoya jalb qilish bilan shug'ullanuvchi Iqtisodiy taraqqiyot korporatsiyasi rahbari Mitch Rubning aytishicha, Xitoyga tashrif chog'ida sog'liqni saqlash, sug'urta, avtomobilsozlik, mebel ishlab chiqarish, qishloq xo'jaligiga doir 20 ga yaqin loyiha haqida kelishib olindi. Xitoyda imkoniyatlar ulkan va bundan foydalanishimiz kerak", - deydi Rub.

Yaqinda Xitoydagi 150 kompaniya rahbari so'rovda qatnashib, deyarli yarmi kelasi uch yilda Amerikada mulk xarid qilish rejasi borligini aytgan. O'tgan yili Xitoy kompaniyalari 42,6 milliard dollar sarflab, xorijda kompaniya, korxona, zavod va fabrikalarni sotib olgan.

Iqtisodiy tahlilchilar nazarida so'nggi yillarda Xitoy kompaniyalari belini baquvvat qilib, Amerikadagi moliyaviy inqirozdan unumli foydalanmoqchi.

Masalan, davlatga qarashli neft kompaniyasi oktabr oyida Texasdagi neft va gaz koniga bir milliard dollar tikdi. Xitoydagi eng yirik ICBC banki esa Nyu-Yorkda brokerlik firmasini sotib oldi.

Yozda xitoyliklar "General Motors"ga aloqador kompaniyani 450 million dollarga xarid qildi. "Nexteer Automotive" Michiganda joylashgan bo'lib, xodimlar ish o'rinlarini yo'qotish ehtimolidan xavotirga tushdi. Boshqalar esa xitoyliklarga ishlashni istamadi. Ammo kompaniya Xitoy boshqaruviga o'tgandan beri qo'shimcha 100 ta muhandislik o'rinlari yaratildi.

Joriy yilda Xitoyda po'lat ishlab chiqarish bo'yicha to'rtinchi yirik kompaniya Missisippi shtatida 168 million dollarlik qo'shma korxona ochish rejasini ayon qilgan edi, ammo amerikalik qonunchilar va po'lat sanoati vakillari bunga qarshi chiqdi. Ular nazarida Xitoy kompaniyasi o'z davlatidan subsidiya olgani uchun Amerikada raqobatni o'ldiradi. Masala Kongressga oshirilishi mumkin.

Vashingtondagi konservativ Xeritij jamg'armasi tahlil markazi xodimi Derek Sizorsning aytishicha, ishlab chiqarish va tabiiy resurslar bobida Xitoy kompaniyalari taklifini rad etish noto'g'ri.

"Qonunchilar bilan shu mavzuda gaplashib, Xitoy Amerikada biznesini rivojlantirsa, nimasi yomon, deb so'radim", - deydi Sizors. "10 xil sabab ko'rsatishdi. Muammo bo'larmish. Baraka topgurlar, oldin shu narsa bo'lsin, keyin chorasini topib, muammoni bartaraf etaylik", - deydi tahlilchi.

AQShda ishsizlik sur'ati mana ikki yildirki, 10 foiz atrofida. 1930-yillardagi iqtisodiy tushkunlikdan beri eng yomon ko'rsatkich.

Xitoy sarmoyasi bizga havoday zarur, deydi Sizors.

"Ish o'rinlari Amerikada qoladi. Tabiiy resurslarga boy ekanmiz, Xitoy undan foydalansa, zarari yo'q. Neftdan tashqari, albatta. Xitoyda bularning barchasiga ehtiyoj katta. Undan ko'p pul olsa bo'ladi. Xitoy kompaniyalari uchun biznes muhit Amerikada juda yaxshi", - deydi mutaxassis.

Ba'zi amerikalik tadbirkorlar va siyosatchilarning shikoyat qilishicha, Xitoy AQSh kompaniyalarining o'z bozorida ish qilishini cheklagan.

Amerika Tijorat vaziri Gari Lokning aytishicha, masala kelasi hafta Vashingtonda ikki davlat rasmiylari uchrashuvida ko'tariladi.

"Xitoy Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lganida hamkorlikni kengaytirishga va'da bergan edi", - deydi rasmiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG