Xitoy Yevropa iqtisodiyotini qutqarishga bel bog'lagan

  • Amerika Ovozi

Xitoy Yevropa iqtisodiyotini qutqarishga bel bog'lagan

Xitoy Yevropa iqtisodiyotini qutqarishga bel bog'lagan

Xitoy Yevropa davlatlariga moliyaviy inqirozda yordam berishga, yevro qadrini ko'tarishda o'z hissasini qo'shishga va'da bermoqda.

Xitoy Yevropa davlatlariga moliyaviy inqirozda yordam berishga, yevro qadrini ko'tarishda o'z hissasini qo'shishga va'da bermoqda. Buning isboti tariqasida Xitoy Portugaliya davlat obligatsiyalarini sotib olishini ma'lum qilmoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakilining bildirishicha, uning mamlakati global moliyaviy tanazzul asoratlarini yengishda muhim qadam qo'ymoqda.

"Xitoy yevro zonasidagi mamlakatlarga amaliy yordam berib, iqtisodiy va moliyaviy tiklanish yo'lida o'z hissasini qo'shmoqda", - deydi rasmiy.

Portugaliya matbuotiga ko'ra, yangi yilda Xitoy bu davlatning 5 milliard dollarlik qarzini obligatsiyalar ko'rinishida sotib olishni rejalagan. Xitoy Markaziy Banki bu xabarni tasdiqlamagan bo'lsa-da, yangilik moliya bozorida ijobiy qabul qilinib, natijada yevro kursi dollarga nisbatan bir oz yaxshilandi.

Xitoy rasmiylari valyuta zaxiralarini Yevropada sarmoya qilishda davom etishini aytmoqda.

"Yevropa Ittifoqi Xitoy uchun eng katta bozorlardan biri", - deydi Tashqi ishlar vazirligi vakili.

Oktabr oyida mamlakat Bosh vaziri Ven Jiabao Afinaga tashrif buyurib, Gretsiya obligatsiyalarini sotib olishni taklif qilgan edi. Bir oy o'tib esa prezident Xyu Sintao Portugaliyaga safar qilib, bu mamlakat iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan choralarni muhokama etgan.

Xitoy valyuta zaxiralari bo'yicha jahonda birinchi o'rinda turadi. Ularning katta qismi yevroda saqlanadi. Shuningdek, Xitoy AQSh tashqi qarzining asosiy ulushini ham sotib olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG