Breaking News

Xitoy Afg'onistonga diqqatini qaratmoqda


Afg'oniston va Xitoy prezidentlari Hamid Karzay va Si Zinpin, Pekin, 27-sentabr, 2013-yil
Afg'oniston va Xitoy prezidentlari Hamid Karzay va Si Zinpin, Pekin, 27-sentabr, 2013-yil
AQSh qo’shinlari Afg’onistondan yil oxirigacha chiqishi kutilar ekan, Xitoy bu mamlakat bilan aloqani kuchaytirmoqchi. Tahlilchilarga ko’ra, Xitoy Afg’oniston ichki siyosatiga aralashmay kelgani uchun Pekinga munosabat ijobiy.

“Amerika Ovozi”ning Islomoboddagi muxbiri Ayoz Gulning xabar berishicha, Xitoy Afg’onistondagi maqsadlariga erishishda qo’shni Pokiston bilan ham munosabatlarga jiddiy e’tibor qaratmoqda.

Dekabr oyiga borib Afg’onistonda xalqaro kuchlar qolmaydi. Mamlakatda Tolibon hamon faol ekan, 2014-yildan keyingi ahvol mavhumligicha qolmoqda.

Hamid Karzay hukumati jangarilar bilan kelishishga harakat qilmoqda, ammo behuda. Muzokara natija bermasa, to’qnashuv va zo’ravonliklar davom etib, mahalliy xavfsizlik kuchlari kurashni Tolibonga boy berib, Afg’oniston 1990-yillardagi holatga qaytishi mumkin.

Bundan Afg’onistonga qo’shni Xitoy manfaatdor emas. Afg’onistonda vaziyat izdan chiqsa, Pekin bu hol Xitoy g’arbiga ham tarqalib, u yerda yashovchi musulmon aholi kengroq muxtoriyat va, hatto mustaqillik uchun markaziy hukumatga qarshi kurashni kuchaytirishi mumkinligidan xavotirda. Shu sabab Pekin Kobul bilan aloqalarni jadallashtirmoqchi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Yi shanba kuni Kobulda bo’lib, afg’on rahbarlari bilan uchrashdi. Uning aytishicha, Afg’oniston barqarorligi Xitoy uchun muhimdir.

"Bu mamlakat tinchi g’arbiy hududlarimiz xavfsizligiga, butun mintaqa barqarorligi va rivojiga bevosita ta’sir qiladi", - dedi vazir.

Van Yining aytishicha, siyosiy va etnik ziddiyatlarga barham berilmas ekan, Afg’oniston kelajagi yorqin bo’lmaydi.

"Mamlakatda siyosiy kuchlar imkon qadar tezroq murosaga kelib, turli guruhlar siyosiy jarayonlarda ishtirok etish imkoniga ega bo’lishiga va Xitoy vositachi sifatida konstruktiv rol o’ynashiga umid qilamiz", - dedi Xitoy tashqi ishlar vaziri.

U xalqaro hamjamiyatni Afg’onistonga va’da qilingan moliyaviy yordamni o’z vaqtida berishga, urushdan zarar ko’rgan mamlakatda iqtisodiyotni ko’tarishda madad berishga chaqirdi. Iqtisodiy o’sish ta’minlansa, qashshoqlikka barham berilib, ekstremizmning paydo bo’lishiga hissa qo’shayotgan omillar yo’qoladi, deydi Van Yi.

Joriy yil Pekinda Afg’oniston, Pokiston, Turkiya va Xitoy rahbarlari uchrashib, Afg’onistonga siyosiy, xavfsizlik va iqtisodiy barqarorlikka erishishda yordam berish haqida gaplashadi.

Yaqinda Islomobodda bo’lib o’tgan seminarda Afg’oniston tinchligini ta’minlashda Pokiston va Xitoy roli muhokama qilindi.

Pokistonlik senator, Pokiston-Xitoy instituti direktori Mushohid Husaynning aytishicha, Xitoy Afg’onistonga qo’shni yagona yirik davlatdir.

"Pekinning Kobulga nisbatan harbiy yoki strategik rejasi yo’q. Xitoy afg’on mojarosida ishtirok etmagani uchun Afg’onistonda hurmati bor. Bu ham yirik sarmoyadordir", - deydi Husayn.

Xitoyning Tinchlik va qurolsizlanish bo’yicha xalq uyushmasi vakili Chen Xuayfenning aytishicha, Xitoy ham, Pokiston ham Afg’onistonning barqaror bo’lishidan manfaatdor.

"Har ikki davlat 2014-yilda Afg’onistonda rejalangan siyosiy jarayonlarning tinch va silliq o’tishini istaydi. Ular afg’on yerlaridan boshqa mamlakatga qarshi xuruj uyushtirishda foydalanishini istamaydi. AQSh va Afg’oniston o’rtasidagi xavfsizlik bitimida qo’shni davlatlar xavotirlari ham hisobga olinib, ularning xavfsizligiga qarshi ish tutilmasligi kerak", - deydi Xuayfen.

Qo’shma Shtatlar 2014-yildan so’ng oz sonli qo’shinlarini Afg’onistonda qoldirib, mahalliy xavfsizlik kuchlari tayyorgarligi bilan shug’ullanmoqchi. Xitoy bu rejani qo’llab-quvvatlamasligini bildirgan.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Afg’onistonda yil oxirigacha xorijiy qo’shinlar qolmagach, Xitoy azaliy raqibi Hindistonning u yerda faollashishidan tashvishda.

Pokiston sobiq tashqi ishlar kotibi Shamshod Ahmad Xonning aytishicha, Xitoy mintaqadagi yirik davlat sifatida chegaralari atrofidagi hududlar uchun muvozanat rolini o’ynashi tabiiydir.

Xitoy Shinjonda yashovchi uyg’urlarning bir qismini bo’lginchilik va ekstremizmda ayblab, ularning Afg’oniston va Pokistondagi islomiy jangari guruhlardan yordam olayotganini da’vo qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG