Breaking News

Urumchida gavjum bozorda portlash


Urumchidagi portlash ortidan.
Urumchidagi portlash ortidan.

Urumchida ertalab odamlar bozor qilayotgan payt ikki mashina katta tezlikda yurib kelib ularni bosgan, so’ng haydovchilar atrofga granata uloqtirgan.

Urumchida portlash-Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:18 0:00
Yuklab oling

Xitoy matbuotining yoritishicha, Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatidagi bozorda portlash ro’y berib, 31 odam halok bo’lgan.

Urumchi shahrida ertalab odamlar bozor qilayotgan payt ikki mashina katta tezlikda yurib kelib ularni bosgan, so’ng haydovchilar atrofga granata uloqtira boshlagani ma’lum. Mashinalardan biri portlagan, kamida 90 kishi jarohat olgan.

Xitoy prezidenti Shi Zinpin terrorchilarni qattiq jazolashga va’da bermoqda. Voqea ortida kim turgani hali noaniq. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xon Li xurujni “g’ayriinsoniy” deb ta’rifladi.

“Xitoy hukumati terrorizmni tugatishga yeng shimargan. Ekstremist kuchlar juda haddidan oshayapti, lekin ular maqsadiga yetolmaydi”, - deydi Xon Li.

Shinjonda oxirgi oylarda shu kabi xurujlar tez-tez ro’y berayapti. Xitoy hukumati xorijdan yordam olayotgan musulmon ayirmachilarni ayblaydi.

O’tgan oy Urumchidagi temir yo’l bekatida ikki shaxs yo’lovchilarga pichoq o’qtalib, portlashlar sodir etgan edi. Natijada bir odam halok bo’lgan, yana o’nlab kishi jarohatlangan.

Surgundagi uyg’ur faollari nazarida Pekinning adolatsiz siyosati, jumladan, xitoylar manfaatini ustun qo’yish siyosati uyg’urlarni bosh ko’tarishga majbur qilayapti.

Jahon Uyg’urlari Kongressidan To’lqin Isaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, guruh har qanday zo’ravonlikni rad etadi. Biroq Xitoy hukumati shafqatsiz yondashuvni bas qilmasa, isyon ham tinmaydi, deydi u.

“Xitoy rahbariyati uyg’ur madaniyati, iqtisodi va itjimoiy huquqlarini hurmat qilishi lozim. Bugun bu elatning hayoti rasmiy Pekin tomonidan tahqirlanayapti, hatto xavf ostida”, - deydi To’lqin Isa.

Shinjondan kelayotgan axborotni mustaqil ravishda tasdiqlash mushkul, chunki Xitoy hukumati mintaqada jurnalistlar faoliyatini keskin cheklab qo’ygan.

Rasmiy Pekin so’zi bilan aytganda, Xitoy isyonkor Shinjon va Tibetda uch illatga qarshi hujumga zo’r bergan. Bular terrorizm, separatizm va ekstremizm.

Bir kun oldin kommunistik davlat Shinjonda 39 odamni terrorizmni yoyishda aybdor topib, ozodlikdan mahrum qilgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG