Xitoy valyutasi AQShda muhokamada

  • Amerika Ovozi

Vashington va Pekin rasmiylari AQShning Xitoy milliy valyutasi qadrsizlanishi atrofidagi xavotirlarini hamda Pekinning yuanni kuchli xalqaro valyutaga aylantirish niyatini muhokama qilmoqda.

Kongressdagi demokrat va republikachi qonunchilar Xitoyning yuanni devalvatsiya qilishga qaratilgan choralarini tanqid qilgan edi. O’tgan hafta yetti nafar qonunchi AQSh Vakillar palatasining Savdo masalalari bo’yicha vakili Maykl Froman va Tijorat vaziri Jek Luga qo’shma maktub yo’lladi. Unda Pekin chorasi boshqa mamlakatlar, xususan Vyetnam va Janubiy Koreyani ham o’z milliy valyutasini devalvatsiya qilishga majbur qilgani haqida gap boradi.

“Xavotirimiz shundan iboratki, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida bir-biriga raqib mamlakatlar olib borayotgan bunday devalvatsiya siyosati kelajakda AQSh ishchilari va eksportiga salbiy ta’sir qilishi mumkin”, deyiladi maktubda.

Arzonlashayotgan yuan

Hozircha yuan uch foizga qadrsizlandi, ammo mutaxassislar fikricha, 2016-yil oxiriga borib u 15-20 foizga arzonroq bo’lishi mumkin.

Bunday siyosatdan maqsad – eksport hajmini oshirish, holbuki so’nggi oylarda mamlakatda ishlab chiqarish hajmi pasaydi.

Xitoy maqsadi nima?

Xitoy rasmiylari esa Vashingtonda boshqa masalani muhokama qilmoqchi.

Pekin yuanni Xalqaro valyuta jamg’armasi tomonidan qabul qilinadigan xalqaro valyutalar ro’yxatiga kiritmoqchi. Bunda u AQSh yordamiga muhtoj. Hozircha xalqaro moliyaviy operatsiyalar AQSh dollari, Yaponiya yenasi, Britaniya funti va Yevropa yevrosida amalga oshiriladi.

Jamg’arma besh yilda bir marta uchrashib, bu guruhga yangi valyutani kiritish-kiritmaslik masalasini muhokama qiladi.

Xitoy shu yil oxirida bo’lib o’tadigan uchrashuvda yuan ko’rib chiqilsin, demoqda.

Taxminlarga ko’ra, 25-sentabrda AQShga tashrif buyuradigan Prezident Si Zinpin Vashington rasmiylari bilan shu masalani muhokama qilmoqchi.

Agar Xalqaro valyuta jamg’armasi yuanni xalqaro valyutalar jumlasiga kiritsa, boshqa davlatlar o’z mablag’larini bu valyutada saqlay boshlaydi. Hozircha dunyo davlatlari AQSh dollari va yevroni afzal ko’radi.

Jamg’arma qarorlarining qabul qilinishida AQSh asosiy rol o’ynaydi: Vashington veto huquqiga ega. Jamg’arma mablag’larining 41,9 foizi, ya’ni eng katta qismi AQSh dollarida saqlanadi.

Xitoy oldidagi qiyinchiliklar

Hozircha Xitoyning yuanni Xalqaro valyuta jamg’armasi valyutasiga aylantirish rejasi amalga oshmasligi mumkin, chunki Pekin valyuta savdolarini qattiq nazorat qilib keladi. Erkin bozor iqtisodiga ega mamlakatlarda esa valyuta qadri talab va taklifga qarab belgilanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG