Breaking News

AQSh savdo sirlarini qo'lga kiritgan Xitoy firmalari va fuqarolarini jazolashi mumkin


"Vashington Post" gazetasiga ko'ra, Obama ma'muriyati kompyuter tizimi orqali o'g'irlangan AQSh savdo sirlaridan foyda ko'rayotgan Xitoy kompaniyalari va fuqarolarini iqtisodiy sanksiyalar bilan jazolashi mumkin.

Maqolada aytilishicha, AQSh hukumati sanksiyalar bo'yicha bir qarorga kelmagan hali. Rejaga ko'ra, kiber-xurujlarda qo'li bor kompaniyalar va shaxslarning Amerikadagi mulki muzlatiladi, AQSh banklari orqali o'tayotgan moliyaviy o'tkazmalariga to'siq qo'yiladi.

Rasmiylarning "Vashington Post"ga aytishicha, yakuniy qaror ikki haftadan so'ng qabul qilinishi mumkin. Aynan shu paytda Xitoy Prezidenti Si Zinpin ham Vashingtonda bo'ladi.

"AQSh rasmiylari kiber-xurujlardan juda charchagan, norozi", deyiladi maqolada.

Unga ko'ra, Xitoy AQSh kompyuter tizimlariga xakerlik qilayotgan yagona mamlakat emas, biroq aynan Pekin bu ishda o'ta faol. Federal qidiruv byurosi hisobotida aytilishicha, iqtisodiy josuslik o'tgan yili 53 foizga kuchaydi, shuning yarmiga Xitoy sababchi.

"Vashington Post" sanksiyalarga qancha shaxs va kompaniyalar uchrashi mumkinligidan bexabar, biroq bir rasmiyning gazetaga bildirishicha, asosan yirik shirkatlar nishonga olinadi.

2014-yil may oyida AQSh besh xitoylik harbiyni maxfiy ma'lumotlarni o'g'irlash maqsadida Amerikaning yadro, metal va quyosh energiyasi bilan shug'ullanuvchi kompaniyalari kompyuter tizimilariga kirganlikda ayblagan edi.

2013-yilda esa AQShning internet xavfsizligi bilan shug'ullanuvchi kompaniyasi Xitoy hukumati Amerika tijoriy kompaniyalari va hukumati kompyuter tizimlariga hujum qilgan, deya da'vo qilgan edi.

Pekin ayblovlarni inkor etgan holda o'zi kiber-xuruj qurboni ekanini ta'kidlamoqda. AQSh Milliy xavfsizlik boshqarmasining sobiq agenti Edvard Snoudenning 2013-yilda oshkor etgan maxfiy hujjatlardan shuni bilish mumkinki, Qo'shma Shtatlarning o'zi dunyo bo'ylab kuzatuv va josuslik dasturlarini amalga oshirgan.

Prezident Obama joriy yil aprelida bir farmon imzolagan. Unga muvofiq, xorijdan turib Amerika manfaatlariga qarshi kiber-xurujlar bilan shug'ullangan shaxslar va kompaniyalar ilk bor moliyaviy jazoga tortiladi.

"Diplomat" jurnali muharriri Ankit Pandaning aytishicha, buni AQShning Xitoyga qarshi kiber-urushi sifatida qabul qilmaslik kerak.

"Qoshma Shtatlar shunchaki Xitoyni tartibga chaqirmoqchi, kiber-josuslik, kiber-o'g'rilik Xitoyga qimmatga tushishini ko'rsatib qo'ymoqchi. Edvard Snouden shov-shuvidan so'ng Xitoy AQSh ham bu bilan shug'ullanayotganini da'vo qila boshladi. Biroq Vashington milliy xavfsizlik maqsadida amalga oshirilgan kuzatuvning moliyaviy maqsadlardagi josuslikdan farq qilishiga urg'u bermoqda", - deydi Panda.

Biroq "Vashington Post"ning AQSh rasmiylaridan olingan ma'lumotga tayanib bildirishicha, yolg'iz sanksiyalarning o'zi Xitoy harakatini o'zgartirish uchun kifoya bo'lmasligi mumkin, shuning uchun boshqa diplomatik, harbiy, razvedka, huquqiy choralarni ham qo'llash kerak. Ammo Xitoy javob chorasi ko'rishi mumkinligini ham hisobga olish lozim, deydi mulozimlar.

Avstraliya Kiber-xavfsizlik markazida Xitoy bo'yicha ekspert Greg Ostinning aytishicha, agar Vashington Xitoy fuqarolari yoki firmalarining AQSh savdo sirlarini o'g'irlashi oqibatida raqobat bobida ustun kelganini isbotlab berolsa, u holda sanksiyalarni ikkilanmay joriy etishi mumkin.

"Kompaniyaning, deylik, Guchchi sumkasi dizaynini o'g'irlaganini isbotlash oson, chunki uning o'g'irlanganini yaqqol ko'rish mumkin. Biroq firma kiber-josuslik orqali savdo sirlarini o'g'irlashini isbotlash oson emas. Bundan tashqari, tijoriy faoliyat haqidagi ma'lumotlar hamda biznes dizaynlarni ochiq manbalardan topish mumkin. Shu sabab hatto Amerika kompaniyalarining o'zi bir-biri bilan mahalliy sudlarda mualliflik huquqlari yuzasidan tortishmoqda", - deydi Ostin.

Uning aytishicha, Xitoy razvedkasi va boshqa mamlakatlar tijoriy ma'lumotlarni tonnalab o'g'irlayotganiga shubha yo'q, biroq bu ma'lumotlar yordamida Xitoy kompaniyalari bozorda qay darajada kuchayayotganini bilish juda muhim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG