Breaking News

AQSh kompaniyasi: Kiberxurujlarning 90 foizi Xitoydan


Internet xavfsizligi bilan shug’ullanuvchi Amerikaning “Mendaynt” kompaniyasi Xitoy hukumatini AQShdagi saytlardan maxfiy axborot o’g’irlashga aloqadorlikda ayblamoqda.

Vashingtonlik tahlilchilar nazarida Qo’shma Shtatlar kiberurushni boy bermoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, xakerlar kompyuter tizimlariga yangicha va ancha takomillashgan usullar bilan hujum qilmoqda.

Prezident Obama barcha davlat idoralarini kiberxurujlarga doir ma’lumotlarni xususiy kompaniyalarga uzatishni buyurdi. Kongress esa himoyaga muhtoj kompaniyalar tizimlarini kuchaytirishga qaratilgan qonunlar ustida ishlamoqda.

Xakerlik dunyo bo’ylab jinoyat hisoblanib, so’nggi yillarda unga qarshi kurash kuchaygan. AQShning “Mendaynt” kompaniyasiga ko’ra, kiberxurujlarning 90 foizidan ko’pi Shanxaydagi Xitoy xalq ozodlik armiyasi joylashgan 12 qavatli binoga yaqin hududdan amalga oshirilmoqda.

Kongress Vakillar Palatasining razvedka qo’mitasi raisi Mayk Rojersning aytishicha, masalaga jiddiy yondashish payti keldi.

"Hozir kiberurush ketyapti. Aksariyat amerikaliklar buni bilmaydi. Dunyoda ham ko’p odam bilmasa kerak. Aytish kerakki, biz bu urushda mag’lub bo’lyapmiz", - deydi qonunchi.

AQSh hukumati xakerlar harakatlari tufayli elektr ta’minoti, havo qatnovi yoki moliyaviy tizim ishdan chiqib, to’s-to’polon boshlanishi, savdo sirlari o’g’irlanishi mumkin, deya ogohlantirmoqda. “Mendaynt” kompaniyasiga ko’ra, so’nggi bir necha yilda xitoylik xakerlar bularning barchasini tekshirib chiqqan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ayblovlarni inkor etmoqda. Vazirlik rasmiysi Xon Leyning aytishicha, xakerlar hujumi xalqaro muammo ekani haqida Xitoy ko’p gapirgan.

"Ularning qayerdan turib kompyuter tizimlariga kirganini bilish o’ta qiyin. Amerika kompaniyasi hisobotidagi ma’lumotlarga ishonch yo’q", - deydi u.

Kongressmen Rojers AQSh kompaniyalariga kompyuter tizimlari himoyasini kuchaytirishga yordam beruvchi qonun tashabbusi bilan chiqdi. Hujjat hukumat idoralari va xususiy kompaniyalar o’rtasida axborot almashinuviga qo’yilgan taqiqni bekor qilishga qaratilgan.

Biroq, deydi Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi vakili Mishel Richardson, bu qonun kompaniyalarga internet xavfsizligiga aloqasi yo’q ma’lumot to’plashga imkon beradi.

"Shunday qonun qabul qilinsa, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishga qaratilgan qonunlar foydasiz bo’lib qoladi. Kompaniyalar davlat idoralaridan odamlarning shaxsiy, nozik ma’lumotlarini to’plashga kirishishi mumkin. Buni cheklovchi qandaydir chora ko’rish kerak", - deydi Richardson.

Internet xavfsizligi bilan shug’ullanuvchi Vebsens (Websense) kompaniyasi vitse-prezidenti Charlz Renertning aytishicha, internet va shaxsiy xavfsizlik o’rtasida muvozanatni topish lozim.

"Kiberuxujlarni o’rganish kerak. Qayerdan kelyapti, kim qilyapti, aniqlash zarur. Agar bu ish to’g’ri bajarilsa, shaxsiy ma’lumot oshkor etilmaydi", - deydi mutaxassis.

Mayk Rojers tayyorlagan qonun loyihasi Kongressning oldingi chaqirig’idan o’tmagan edi. Kiberxurujlarning harbiy va iqtisodiy tahdidiga doir xavotirlar kuchayar ekan, hujjat bu gal qabul qilinishi ehtimoldan xoli emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG