Xitoyda "Bir oila - bir farzand" siyosati rasman tugatildi

  • Amerika Ovozi

Xitoy hukumati “Bir oila - bir farzand” siyosatini rasman tugatib, oilalarga ikkitagacha bola ko’rishga ruxsat berdi. Ayrim izlanishlarga ko'ra, Xitoy aholisi qarib bormoqda, kelajakda mehnatga qodir fuqarolar kamayadi. Hukumat bu qarori bilan aholini yoshartirishga umid qilmoqda.

2013-yilda Xitoyda aka-ukalari va opa-singillari bo’lmagan va o’zi bir farzandga ega erkak yoki ayollarga ikkinchi bola ko’rishga ruxsat berilgan edi.

Onalik va otalik batxi

“Bir oila - bir farzand” siyosati 1980-yilda aholining katta sur’atlar bilan ko’payishini sekinlashtirish maqsadida qabul qilingan edi. Ko’plab ayollar abort qilishga majbur etildi. Ba'zilari esa homila qiz bo’lsa, o’g’il ko’raman deb, o’zi abort qilishga qaror qildi. Oqibatda mamlakatda xotin-qizlar kamayib, yigit va erkaklar turmush qurishda qiynaladigan bo’ldi. Bundan tashqari, bugunda Xitoyda ish kuchi katta sur’atlar bilan kamaymoqda.

“Ikki farzand ko’rishga ruxsat etilgani bilan shaharliklar orasida ikkinchi bolani xohlamayotganlar kam emas”, - deydi Sian Zyaotun universitetidan professor Dzyan Kuanbao. “Lekin qishloq aholisiga kelsak, vaziyat boshqacha bo'lishi mumkin”.

Bosh berk ko’chaga kirib qolgan demografik siyosat

Xitoy aholisi 1 milliard 370 millionga teng. Ishga layoqatlilar bir milliard atrofida, shulardan 800 millioni faol mehnat qiladi.

Ammo 2020-yilga qadar ishchi kuchi har yili 1,55 million odamga, 2020-2030-yillarda 7,9 million, 2030-2050-yillarda esa yiliga 8,35 millionga kamayishi aytilmoqda.

Oqibatda Xitoy arzon ish kuchi o’lkasi maqomini yo’qotadi.

“Demak, mamlakat dunyo fabrikasi bo’lmay qoladi. Ish kuchi qimmatlashsa, xalqaro investorlar Xitoyni emas, boshqa mamlakatlarni tanlaydi”, - deydi professor Dzyan.

Ikki farzand siyosati bilan ham ishchi kuchi muammosini hal qilish uchun kamida 20 yil vaqt ketadi, deydi mutaxassis.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG