Breaking News

Xitoyning tadbirkor shahri islohotlarga muhtoj


Xitoy sharqidagi Venjou shahri tadbirkorlari bilan tanilgan. Tavakkal qilishdan qo’rqmaydigan, imkoniyatlarni qo’ldan boy bermaydigan erkak va ayollar shaharning rivojlanishida katta rol o’ynaydi. Ammo ikki yil oldin boshlangan iqtisodiy inqiroz asoratlarini hanuz sezish mumkin. Hukumat esa islohotlarni amalga oshirishga harakat qilmoqda.

Xitoyning tadbirkor shahri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:33 0:00
Yuklab oling

Venjou shahrida hamma o’z biznesiga egalik qilishga intiladi. Vu Jenju Xitoy taomlari restoranlarini ochmoqchi. Nanjinda ham kafe-restoranlari bor. Daromadli ish.

“Venjouni tanlashimizdan maqsad - bu juda boy shahar, odam ko’p. Tadbirkorlik uchun imkoniyatlar katta”, - deydi u.

Venjoudagi kichik va o’rta bizneslar anchadan buyon rivojlanib keladi. Eng boshida muvaffaqiyatga erishganlar oila va do’st-birodarlaridan foizsiz qarz olib ish boshlagan. Bunday tizim oddiy ishonchga, tavakkalga asoslangan va “qora bozor” (shadow banking) deya tanilgan edi. Bunday qarz olish uchun tadbirkordan ko’pam kafolat talab qilinmas, tekshir-tekshirdan xoli edi. Davlatga qarashli katta banklar bilan ishlagandan ko’ra endi ishga kirishgan biznesmen uchun mana shu norasmiy, qora bozor ma’qul edi.

Oradan qanchadir vaqt o’tib esa qarz faqat yaqinlar emas, begonalarga va katta foizlarda berila boshlagan.

Bundan ikki yil oldin jahondagi moliyaviy inqiroz tufayli kreditlar olish qiyinlashdi. Shahar tadbirkorlari ham krizis ta’sirini sezdi. Ayrimlar ishini yopdi, qarzni to’lolmay qochib qoldi, boshqalar hatto o’z joniga qasd qildi.

Venjou Xitoyning kichik modeliga o’xshaydi, deydi iqtisodchi Xu Shindou:

“Venjouda bozor iqtisodi Xitoyning boshqa shaharlariga qaraganda ancha oldinroq rivojlana boshlagan. Shu sababdan iqtisodiy inqiroz ham ertaroq boshlandi”.

Xitoyning boshqa shaharlari kabi Venjouda tadbirkorlar ishlab chiqarish sohasiga katta sarmoya kiritdi. Bu sanoat eksportga nihoyatda bog’liq. Ko’plar ko’chmas mulkka pul tikkan. Ayrim sohalarda davlat tasarrufidagi korxonalar ko’p.

“Venjouda davlatga tegishli shirkatlarning monopoliyasi va tobora ko’payayotgan xususiy bizneslar o’rtasidagi ziddiyat boshqa joylarga qaraganda ancha chuqur. Islohotlar amalga oshirilmasa, Venjoudagi jarayon Xitoyning boshqa mintaqalarida ham boshlanadi”, - deydi venjoulik iqtisodchi Ma Jinlon.

Ko’chmas mulk bozoridagi inqiroz boshlanganida Ojan daryosi bo’yidagi uylar narxi 40 foizga pasayib ketdi. Endi esa bu bozor yana oyoqqa turmoqda.

Hukumat Venjoudagi inqiroz ta’sirini yumshatish maqsadida xususiy banklarni ochish va moliyaviy cheklovlarni bo’shatishga ruxsat berdi. Maqsad “qora bozor”ni soyadan olib chiqish, panadagi qarz olib-qarz berishni rasmiylashtirish.

Ammo hozircha jiddiy muvaffaqiyatga erishilganicha yo’q. Kichik kreditlar markazlari ko’paydi, ammo xususiy banklar hamon kam.

“Xususiy tadbirkorlarni bank ochishga rag’batlantirish mumkin, ammo yirik aksionerlar davlat banklari bo’lsa, odamlar xususiy bank ochishga qiziqmaydi”, - deydi tadbirkor va moliyaviy maslahatchi Chen Shu.

Venjouliklar mahoratli tadbirkor bo’lishiga qaramay butun Xitoydagi iqtisodiy vaziyat sog’lomlashmas ekan, shahar ham og’ir ahvolda qoladi, deydi iqtisodchilar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG