Xitoy sarmoyasi Rossiyani ta'sir kuchidan ayirmoqda

  • Jeyms Bruk

Xitoy sarmoyasi Rossiyani ta'sir kuchidan ayirmoqda

Xitoy sarmoyasi Rossiyani ta'sir kuchidan ayirmoqda

Joriy yilda Sovet Ittifoqi parchalanganiga 20 yil to’ladi. So’nggi yillarda sobiq Sovet imperiyasi hududida Xitoyning ta’siri ancha kuchaydi. Xususan Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropada Xitoy hatto Rossiyani uning eski ta’sir doirasidan siqib chiqarmoqda.

Markaziy Osiyo neft va gazi endi nafaqat Rossiyaga, balki Xitoyga ham yangi qurilgan quvurlar orqali yetkazilmoqda. Xitoy mintaqa bilan savdo-sotiqni tobora kengaytirib, besh respublikaning hammasiga katta miqdorda sarmoya yotqizmoqda.

O’tgan oy Xitoy rahbari Xu Tsintao Qozog’istonda bo’lib, prezident Nursulton Nazarboyev bilan strategik hamkorlik haqida shartnoma imzoladi. Savdo hajmini kelasi to’rt yil ichida ikki barobarga ko’paytirishga kelishib olindi. Shartnomaga ko’ra, shuningdek, Xitoy kelasi bir necha yil davomida Qozog’istonning mis sanoatiga milliardlab dollarga teng sarmoya olib kiradi.

Qo’shni Turkmanistonda esa Xitoy yaqinda 4 milliard dollarga teng kredit dasturini yanada kengaytirishga kelishdi. Buning evaziga Turkmaniston Xitoyga sotayotgan gaz hajmini ikki barobar ko’paytiradi.

O’zbekiston, Tojikiston va Qirg’iziston ham Xitoy bilan yaqindan hamkorlikni yo’lga qoygan.

Sobiq Sovet Ittifoqining boshqa qismlarida ham Xitoyning ta’siri oshib borayotganiga shubha yoq.

Belarusda strategik ahamiyatga ega bo’lgan “Belaruskali” davlat kompaniyasini Xitoy sotib olmoqchi ko’rinadi. Qizig’i shundaki, Rossiya aslida “Belaruskali”ga ko’z olaytirayotgan edi.

Tahlilchi Konstantin fon Eggert fikricha, Kreml Xitoyning Belarusdagi ta’siri kuchayib borayotganiga qarshilik ko’rsata olmaydi.

“Ruslarga bu uncha yoqmayapti, lekin ular hech narsa demayapti, chunki qo’lidan hech narsa kelmaydi. Rossiya sobiq Sovet respublikalari ustidan o’z ta’sirini yo’qotmoqda”.

Dmitriy Medvedev

Dmitriy Medvedev

Rossiya davlat televideniyesida Belarus haqida salbiy reportajlar ko’paydi. Aleksandr Lukashenkoni ochiqchasiga diktator deb atashmoqda.

“Belaruskali”ni xarid qilsa, Rossiya dunyo bo’ylab ishlab chiqariladigan potashning yarmini o’z nazoratiga olgan bo’ladi.

Belarus Tashqi ishlar vazirligida Osiyo bo’yicha ekspert Leonid Batyanovskiy fikricha Minsk Rossiya va Xitoyni urushtirib qo’ymoqchi emas.

“Xitoy bilan aloqalarni mustahkamlash boshqa bir davlatga qarshi harakat emas”,- deydi u.

Amerika va Yevropa Belarusga sarmoya yotqizishga qiziqmaydi, chunki ular nazarida Lukashenko - diktator. Xorijiy kompaniyalar taqdiri bir zumda Lukashenko va uning amaldorlari tomonidan hal qilinishi, sarmoyadorlar mulki tortib olinishi mumkin.

Ammo o’zi ham demokratik bo’lmagan Xitoy uchun bu muammo emas. 2010 yilda Pekin Belarus iqtisodiga 1 milliard dollar ajratgan edi.

“Gap yo’llarni ta’mirlash, yangilarini qurish, Minskda turar joy barpo etish, Belarus-Xitoy sanoat parki yaratish haqida ketyapti”,- deydi Batyanovskiy.

Konstantin fon Eggert tahlilicha, Kreml Xitoyning ta’siri oshib borayotganidan xavotirda, lekin ilojsiz.

“Rossiyaning yetarlicha siyosiy, iqtisody, qolaversa harbiy salohiyatga ega emas. Bu esa Rossiyaning ta’siri kamayib borayotganining yana bir belgisidir”.

Ayni vaqtda Minskda xitoylar shaharchasi qurila boshlagan.

XS
SM
MD
LG