Xitoy: Chet elga qochgan fuqarolarimizni bizga topshiring

  • Amerika Ovozi

Xitoy hukumati korrupsiyada gumon qilinib xorijga qochgan fuqarolarini vatanga qaytarishda hukumatlardan yordam so'ramoqda. Ammo o'lkadagi inson huquqlari ahvoli doimiy tanqid ostida ekan, G'arb davlatlari, xususan, Qo'shma Shtatlar u bilan ekstraditsiya to'g'risida bitim imzolamagan.

"So'nggi yillar poraxo'rlikda gumon qilingan bir qancha rasmiylar Xitoyni tark etgan, ular G'arbda va boshqa davlatlarda yashamoqda", - deydi Gonkongdagi universitet professori Villi Lam.

Ikki yilcha oldin Pekin bu shaxslarni qidirib topish va mamlakatga qaytarish uchun maxsus guruh tuzgan.

Xitoyning Intizom va Taftish markaziy qo'mitasi shu hafta e'lon qilgan bayonotda ekstraditsiya masalasida xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirishimiz kerak, deyiladi.

Si Zinpin prezidentlikka kelganidan buyon yuzlab odam korrupsiya gumoni bilan hibsga olingan, ko'pchillik xorijga qochdi. Hukumat ularni izlab topish ahdida qat'iy.

Ammo Qo'shma Shtatlar qidiruv ishlarida Xitoyga yordam bergisi yo'q. Huquq faollari va AQSh hukumati "shanguy" degan amaliyotni tanqid qilishadi. Ya'ni gumondorlarning noqonuniy ravishda hibsda saqlanishini.

"Xalqaro Amnistiya" huquq tashkilotiga ko'ra, "shanguy" bilan politsiya emas, balki Kommunistik partiyaning Intizom va Taftish komissiyasi shug'ullandi.

"Odamlarni uzoq vaqt izolyatorda saqlash, yaqinlari bilan yoki advokat bilan ko'rishtirmaslik, ayrim hollarda qiynoqlar haqida gap ketmoqda", - deydi "Xalqaro Amnistiya" vakili Vilyam Ni.

Tanqidlarga qaramasdan, Pekin xorijiy hukumatlardan ekstraditsiya bobida hamkorlik talab qilishda davom etayapti. Kommunistik partiya nashrlariga ko'ra, "korrupsiyaga qarshi kurash yangi xalqaro tizim barpo etishni taqozo etadi".

"Ekstraditsiya kelishuvlarini imzolashni tezlashtiraylik, fuqarolarini chet eldan qidirayotgan mamlakatlarning huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilaylik", - deb yozadi Xitoyning Intizom va Taftish komissiyasi rahbari muovini Xuang Shuzian.

Uningcha, Xitoy olib borayotgan aksil-korrupsiya kampaniyasini davlat matbuoti yaxshiroq yoritishi, shuningdek, Pekin boshqa davlatlarning adliya tizimini puxta o'rganib chiqishi lozim.

"Human Rights Watch" tashkiloti xodimi Maya Vang so'zlariga ko'ra, asosiy muammo shundaki, Xitoyda adliya tizimini Kommunistik partiya nazorat qiladi, jinoiy tergov ishlarida qiynoq qo'llanishi ham qayd etilgan. Shunday ekan, Xitoyga topshirilgan shaxslar adolatli tarzda sud qilinishiga kafolat yo'q.

Pekinning bildirishicha, ba'zi hollarda ekstraditsiyaga hojat yo'q. Masalan, korrupsiya gumoni bilan qidiruvga berilgan shaxslardan biri, Zeng Zieng, yaqinda o'z ixtiyori bilan Kanadadan vataniga qaytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG