Pekin "qo'li" Gonkonggacha yetdimi?

  • Amerika Ovozi

Namoyishchilar noshirlar rasmlarini ko'tarib ko'chalarga chiqdi. Gonkong, 10-yanvar 2016-yil

Namoyishchilar noshirlar rasmlarini ko'tarib ko'chalarga chiqdi. Gonkong, 10-yanvar 2016-yil

Gonkonglik noshirlarning to’satdan g’oyib bo’lishi inson huquqlari faollarini xavotirga solmoqda. Xitoy hukumati besh noshirdan ikkisi Xitoyda ekanini tasdiqladi. Kuzatuvchilar Pekin endi Gonkongda ham o’zgacha fikrlovchilarni ta’qib qilishga kirishganiga e’tibor qaratadi.

Xitoy xavfsizlik organlari gonkonglik noshir Li Bo Xitoyda ekanini tasdiqladi. Li Britaniya fuqarosi. Bundan uch hafta oldin kompaniyasi omborxonasiga borganidan keyin g’oyib bo’ldi.

Lining hamkasbi Guy Minxay yo’qolib qolgan besh odamdan biri. U 2003-yilda Xitoyda bir odamni mashinada urib qochganini tan oldi. Ma’lumot Xitoy davlat televideniyesi orqali uzatildi. Guy Tailandda ta’til paytida g’oyib bo’ldi. Ikkisining Xitoyda ekanini Guandon viloyati rasmiylari tasdiqladi.

Gonkong parlamentida Demokratik partiyadan deputat Albert Xo bu holatni sharhlar ekan, Xitoy hukumati rasmiy Pekin siyosatini tanqid qilgan gonkongliklarni o’g’irlayotgan bo’lishi mumkinligini aytadi.

“Bu gonkongliklar uchun tahdid, chunki gap odamlarning shaxsiy xavfsizligi haqida ketyapti. Siyosiy rivojlanish yoki demokratiyadan ham muhimroq masala bu. Bundan buyon har bir gonkonglik o’g’irlanishi mumkinmi, degan savol tug’iladi”, - deydi noib.

Pekin siyosatini odatda oqlovchi qonunchi Jasper Tsan ham vaziyatdan xavotir bildirdi. CCTV kanalidagi reportaj Gonkong ahlini tinchlantirmadi, aksincha, ko’proq savollar tug’ildi, Gonkong hukumati rasmiy Pekindan izoh talab qilishi kerak, deydi u. Shu oy boshida orolning minglab aholisi masalaga oydinlik kiritishni talab qilib, ko’chalarga chiqdi.

“Gonkong hukumati fuqarolar huquqlarini kafolatlashi va asosiy qonunlar buzilmasligini ta’minlab, ogoh bo’lishi kerak”, - deydi “Xalqaro amnistiya” inson huquqlari tashkilotidan Uilyam Ni.

Li, Guy va ularning hamkorlari Xitoyda taqiqlangan kitoblarni nashr etgan. Kitoblarning ba’zilarida Xitoy rahbarlarining shaxsiy hayotiga oid xunuk ma’lumotlar ham bor. Shu oy Gonkongdagi ayrim kitob do’konlari Xitoy hukumatini tanqid qiluvchi kitoblarni sotuvdan olib tashladi.

“Bizdagi ma’lumotga ko’ra, ayrim do’konlar Xitoy rahbariyati jig’iga tegishi mumkin bo’lgan kitoblarni sotmay qo’ygan, ayrimlari esa nashrdan chiqmayapti”, - deydi Gonkong Demokratik partiyasi raisasi Emili Lo.

Gonkong politsiyasining bildirishicha, Xitoyning Guandon viloyati ma’muriyati Li Bo nomidan Gonkong hukumatiga yozilgan xatni taqdim etgan. Unda noshir o’z ixtiyoriga ko’ra Xitoyga borgani, rasmiylarga bir taftishda yordamlashayotgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG