Xitoy: Gonkongdagi namoyishlar Amerikaning ishi

  • Amerika Ovozi

Gonkongda omma mobil telefonlar bilan namoyishga chiqqan, tinimsiz kuylamoqda. Talab - demokratiya, 10-oktabr, 2014

Gonkongda omma mobil telefonlar bilan namoyishga chiqqan, tinimsiz kuylamoqda. Talab - demokratiya, 10-oktabr, 2014

Xitoy Kommunistik Partiyasi nazarida Gonkongda ikki haftadan beri tinmayotgan namoyishlar, hukumatga qarshi chiqishlar ortida Qo'shma Shtatlar turibdi.

Bugun Xitoy davlat matbuotida shu haqda maqolalar chop etilib, AQSh rasmiylari, nohukumat tashkilotlari va axborot vositalari ingliz tilida gaplashadigan qisman avtonom mintaqada inqilob qilish uchun harakat qilayotganlikda ayblanadi.

Demokratiya va inson huquqlari targ'ibotini bahona qilib, deyiladi maqolada, Amerika o'z strategik manfaatlarini olg'a surmoqda. Xitoyni "amerikalashtirish siyosati" bu, deya qayd etiladi rasmiy materialda.

Unda Kommunistik Partiya AQSh siyosatchilari, faollari va ekspertlarining Gonkongga qilayotgan safarlarini yaqindan kuzatib borayotgani aytilib, masalan Vashingtonda joylashgan Amerika Demokratik Jamg'armasi nomli nohukumat tashkilot vakili Lyuiza Griv mahalliy talabalar bilan muloqot qilib, ularni o'z haq-huquqlarini ochiq talab qilishga undagan, deya da'vo qilinadi. Oradan sal o'tmay Gonkongda yoshlar ko'chaga chiqdi, deyiladi maqolada.

Talabalar 2017-yilda rejalangan saylovlarda Gonkong o'zi istagan odamni rahbarlikka saylasin deya talab qilmoqda. Pekinning namoyandasi kerak emas, deya hayqirmoqda yoshlar, Gonkong demokratik jamiyat bo'lishni istaydi va xalq ovozi hamma narsani hal etishi kerak.

Amerika erkinlik va demokratiya tarafdori ekanini eslatib, aybni undan emas, Xitoydagi tub muammolardan qidirish kerak, deya Kommunistik Partiya iddaolarini inkor etmoqda.

Hukumat namoyishchilar bilan muzokara qilmoqchi emas. Bu chiqishlar qonunga xilofdir, deydi rasmiylar.

Yoshlar esa Gonkongning hozirgi rahbari Leung Chun-ying ishdan ketishini va erkin saylovlar uchun zamin yaratilishini talab qilmoqda.

Namoyishlar boshida o'n minglab odamlardan iborat edi, hozirda bir necha yuzi qolgan xolos.

Bugun Xitoyning Shaanzi viloyatida yer ko'chib, kamida 19 kishi halok bo'lgan. Jarohatlanganlar bor. O'lganlar asosan ishchilar. Voqea tog'li hududda, qurilish ketayotgan joyda qo'y bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG