Breaking News

Xu Tzintao Oq uyda martabali mehmon, faollar nazdida esa repressiv tuzum rahbari


Oq uy qarshisida namoyishlar
Oq uy qarshisida namoyishlar

Oq uyda uning sharafiga berilgan katta ziyofat ketidan, Xitoy rahbari Xu Tzintao bugun Amerika qonunchilik organi – Kongressga yo’l olib, u yerda o’z davlatining eng ashaddiy tanqidchilari bilan uchrashdi.

Obama ma’muriyati Xitoy rahbarini muhtaram mehmon sifatida kutib olib, unga izzat-ikrom ko’rsatayotgan bir paytda, Oq uy qarshisida namoyishlar …

Xitoy hukumati Tibet va Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida aholini ezyapti, diniy erkinlikni cheklab, inson huquqlarini poymol qilyapti degan chaqiriqlar. Ayrim faollar Xitoydagi “bir oilaga bir farzand” siyosatini ham qoralab chiqqan.

“Erkin Tibet” harakati a’zosi Tenzin Dolkar deydiki, mintaqada 2008 yilgi namoyishlardan beri vaziyat keskinligicha qolmoqda, ta’qiblar to’xtagani yo’q. San’at ahli, yozuvchi va qo’shiqchilar, qolaversa hukumatni savolga tutgan har bir shaxs kuchli bosimga uchramoqda.

“O’z xalqini ezayotgan repressiv va avtoritar tuzum bu”, - deydi namoyishchilar.

Ularning aytishicha, Xitoy global sahnada hurmatga tashna, lekin rivojlangan, ochiq jamiyatlar bilan teng ko’rilmasligi kerak.

Amerika Kongressida ham Xitoyning tanqidchilari talay. Xalqaro masalalar, xavfsizlik, savdo … har bir sohada bu davlatning pozitsiyasi savolga tutiladi. Vakillar Palatasi va Senatning yetakchi a’zolari Xitoy prezidenti sharafiga berilgan ziyofatga taklifni rad etgan.

“Huquq ahvoli haqida ochiq fikr bildirganlarni jazolaydigan, Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori va uning oila a’zolarini qamoqda saqlayotgan, Nobel qo’mitasini mayna qiladigan davlatni qanday ta’riflash mumkin”? - deb so’raydi Ileana Ros-Leytinen, Vakillar Palatasining Tashqi Aloqalar qo’mitasi raisi.

“Prezident Xu Tzintao demokratik rahbarlarga ko’rsatiladigan hurmat-ehtiromga umuman loyiq emas”, - deydi qonunchilar.

Xitoy qamoqxonalarida qancha siyosiy mahbus saqlanayotgani noma’lum. Shunisi aniqki, deydi faollar, hukumat tanqidchilarning ovozini o’chirish uchun xavfsizlik apparatidan yaxshi foydalanadi. Tunda uyidan olib ketilib, g’oyib bo’lganlar, bedarak ketganlar qancha.

Xitoy bilan aloqalar Amerika uchun qanchalik muhim bo’lmasin, prezident Obama huquq masalasida qattiq turishga, Xitoydagi vaziyat haqida o’z fikrlarini ochiq bayon qilishga va’da bergan.

XS
SM
MD
LG