Internet, Xitoy hukumati nazarida, xavfsizlikka tahdid

  • Amerika Ovozi

Internet, Xitoy hukumati nazarida, xavfsizlikka tahdid

Internet, Xitoy hukumati nazarida, xavfsizlikka tahdid

Xitoy hukumati internetni yanada cheklash harakatida. Arab dunyosida jiddiy o’zgarishlarga turtki bo’lgan yuqori texnologiyalar bu davlat nazarida kuzatuv ostida bo’lishi kerak.

Xitoyda faollar internetdan erkinlik va demokratiya targ’iboti uchun foydalanishi xavfsizlikka tahdid deb ko’riladi.

Chen Guanjen ko’zi ojiz yurist. Hukumatning majburiy abort va sterilizatsiya siyosatiga qarshi chiqqani uchun 2006-yilda qamalgan. To’rt yil oldin ozodlikka chiqqanidan beri uy qamog’ida.

Matbuot erkinligi va inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar hisobotiga ko’ra, uni bir necha bor kaltaklashgan.

Internetda odamlar Chen Guanjen haqida maqolalar yozib, ahvoli bilan o’rtoqlashgan, ayrimlar esa qishlog’iga borib, oilasiga hamdardlik bildirgan.

Cheklovlarga qaramasdan Xitoyda internetga kirayotganlar kun sayin ko'payib bormoqda

Cheklovlarga qaramasdan Xitoyda internetga kirayotganlar kun sayin ko'payib bormoqda

Shundaylardan biri 50 yoshli shanxaylik Mao Xenfen. Bu ayol bilan birga yana 30 kishi Chenning qishlog’iga borganida politsiya ularni kaltakladi.

“Internetdan foydalanishni bilmayman. Sog’lig’im yaxshimas, hatto telefondan sms-xabar yozishni ham bilmayman”, - deydi bu ayol.

Ammo internetdan xabardor do’stlari unga atrofdagi voqealar haqida ma’lumot berib turadi.

Xitoyda 500 millionga yaqin odam internetdan foydalanadi. Dunyodagi eng yuqori ko’rsatkich. Forumlarda axborot almashish oldingiga qaraganda bir oz erkinroq bo’lgani uchun ko’pgina masalalar omma muhokamasida.

Gong-Kong Universiteti olimi Deyvid Bandurskining aytishicha, Chen Guanjen haqida avval yillab davomida mamlakat tashqarisida gapirishdi, endi esa Xitoyda ham muhokamada. “Oddiy xitoyliklar u haqda bilishib, ahvolidan xabar olgisi keladi”, - deydi u.

Bandurskining aytishicha, Xitoyda bloggerlar ko’payib, xabar tarqatish osonlashgan. Matndan tashqari ular endi videotasvir va fotosuratni ham tezlik bilan uzatishi mumkin.

“Internet orqali ba’zi xabarlarni ommalashtirish va, hattoki, davlat matbuotini ularni yoritishga majburlash osonlashdi. Ijtimoiy sahifalar bu jarayonni yanada tezlashtirmoqda”.

Xitoy xavfsizlik rasmiylari majlisda

Xitoy xavfsizlik rasmiylari majlisda

Rasmiy Pekin ommabop saytlar va norozilik namoyishlari o’rtasidagi bog’liqlikni ko’rib turibdi. Buning oldini olish uchun 2008-yilda Tibetda, 2009-yilda Shinjonda internet va uyali aloqa qisqa vaqtga o’chirilgan edi.

Global tarmoqda ma’lumot izlayotgan millionlab odamlar faoliyatini nazorat qilish uchun ilg’or texnologiya ishlatiladi. Senzorlar hukumat siyosatiga qarshi sahifalarni aniqlab, darhol to’siq qo’yadi.

Internetda ijobiy fikr bildirgani uchun pul oladigan odamlar ham bor. Ularga “50-sentlik armiya zobiti” deb nom qo’yishgan. Har bir ijobiy fikr uchun ularga aynan shuncha to’lanarkan.

Joriy yilning avgust oyida shimoli-sharqdagi Dalian shahri Kompartiya kotibi Tan Yun mikroavtobusning ustiga chiqib, o’n minglab odamlardan tarqalishni o’tinib so’ragan. Ular mahalliy kimyoviy zavod chiqarayotgan zaharli moddalarga nisbatan norozilik bildirib to’plangan edi.

Bloglar va ijtimoiy sahifalar bu namoyishga turtki bergani ma’lum. Tadbirdan suratga olingan tasvirlar o’sha zahotiyoq internet orqali tarqalib, dunyoga ovoza bo’ldi.

"Arab bahori" Xitoyni ancha xavotirga solib qo'ygan

"Arab bahori" Xitoyni ancha xavotirga solib qo'ygan

Yaqin Sharqda g’alayonlar boshlanganida faollar internet orqali xitoyliklarni ham qo’zg’alishga da’vat etgani hukumatni ancha sarosimaga solgan edi.

Rasmiy Pekin internetni to’sishni lozim topsa-da, mutaxassislar deydiki, bundan Xitoy iqtisodiyoti va xorijlik tadbirkorlar ham zarar ko’radi.

Tashqi ishlar vazirligi rasmiysining aytishicha, Xitoy ijtimoiy tartibni saqlagan holda internetni sog’lom ravishda rivojlantirish tarafdori.

Kompartiya Markaziy Qo’mitasi yaqinda yillik majlis o’tkazib, ijtimoiy sahifalarni cheklashga kelishib oldi va bu boradagi siyosatini ommaga ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG