Xitoyda jurnalistlar internet yordamida korrupsiyaga qarshi kurashmoqda

  • Amerika Ovozi

Ju Ruifen

Ju Ruifen

Xitoylik havaskor jurnalist Ju Ruifen o’tgan yili bir mansabdorning ahloqsizligini tasvirlovchi videoni internet orqali tarqatib, xalqaro jamoatchilik e’tiborini o’ziga qaratgan edi. Internet orqali ommaga ma’lum bo’lgan yana 23 ta videomaterial mansabdorlar orasidagi korrupsiyani fosh etdi.

Ju Ruifenning qo’lida kompyuter, internet va DVD dan boshqa quroli bo’lmasa-da, undan qo’rqadigan rasmiylar kam emas. “Mansabdorlarning qilmishlarini fosh etaman” der ekan, jurnalist Chonchin shahar sobiq rasmiysi Ley Jenfuni nomaqbul ahvolda tasvirlagan videoning boshqa qismlarini ham ommaga tarqatmoqchi ekanini aytadi.

Bunday faoliyat ko’plarga yoqmayotgani shubhasiz. O’tgan oyda politsiya va yana bir necha kishi jurnalistning xonadoniga bostirib borib, “biz bilan gaplashasan” deb talab qildi. Ammo Ju bundan bosh tortib, internet orqali hamkasblarini yordamga chaqirdi va eshigi tepasidagi videokameraga tushirilgan tasvirlarni internetda joylashtirdi.

“Xitoyda korrupsiya shu qadar keng tarqalganki, mansabdorlarning ahloqsizligini fosh etmasangiz, ularni lavozimidan chetlashtira olmaysiz, - deydi Ju. - Internetda so’z erkinligi bor, jamoatchilik korrupsiya haqida ma’lumot olayapti. Demak, muammo ko’lami kamayishi mumkin”.

Ju internet orqali Ley Jenfu tasvirlangan videoni tarqatganidan keyin davlat nigohiga tushdi. Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi o’tgan hafta jurnalist bilan intervyu uyushtirdi.

Xitoyda mart oyidan boshlab prezidentlikka kirishayotgan Si Zinpin qonunni buzgan rasmiylarni javobgarlikka tortishni va’da qildi. Lekin Ju bunga ishonmasligini aytadi.

“Korrupsiyaga qo’l urgan har bir mansabdorni boshliqlari himoya qiladi. Bir-birini qo’llab-quvvatlash shu qadar kuchli-ki, muammoni hal etishning yagona yo’li so’z va matbuot erkinligiga yo’l ochib berish va odamlarning saylash huquqini kafolatlashdir,” - deydi u.

Renmin universitetida huquqshunos olim Xe Zixon Xitoy qonunlari yaxshi, lekin amalda ishlamaydi, deydi.

“Konstitutsiya, qonunlar amalda ishlamaydi. Har kuni buning guvohi bo’lamiz. Yo’l qoidalaridan tortib, ma’muriy qonunlar va, hatto, Konstitutsiyagacha – hech biriga to’la rioya qilinmaydi. Xitoyda qonunlar ijrosini ta’minlash kerak. Rahbarlarimiz shunga e’tibor qaratsin”.

Ungacha Xitoyda Ju Ruifen kabi havaskor jurnalistlar internet orqali korrupsiyaga qarshi kurashni davom ettiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG