Xitoy xorijiy sarmoya miqdorini keskin oshirmoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoy investitsiya korporatsiyasining Pekindagi bosh qarorgohi

Xitoy investitsiya korporatsiyasining Pekindagi bosh qarorgohi

2016-yilning birinchi 10 haftasida Xitoy kompaniyalari dunyoning turli mamlakatlariga 110 milliard dollar sarmoya kiritgan. O’tgan yil bu ko’rsatkich 108 milliard dollarga teng edi.

Xitoy bu ketishda global miqyosda investitsiya hajmi bo’yicha AQShdan o’zib ketadi va dunyoda eng katta sarmoyadorga aylanadi.

Xorijga sarmoya kiritayotgan Xitoy kompaniyalarining birlamchi maqsadi, albatta, daromad olish. Shuningdek, investitsiya- diplomatik vosita. Pekin rasmiylarining ikki tomonlama uchrashuvlari turli mamlakatlar iqtisodiga milliardlab dollar sarmoya kiritish va’dalari bilan tugaydi.

“Ikki kuch amal qilmoqda: birinchisi - davlat tasarrufidagi kompaniyalar xorijga sarmoya yotqizmoqda. Ikkinchidan, xususiy kompaniyalarning sarmoya kiritishdan maqsadi boshqa bo’lsa-da, hukumat ularni qo’llab-quvvatlamoqda”, - deydi Pekin universiteti professori Zao Longkay.

“Kapital juda arzon bo’lgani sababli Xitoyda pul juda ko’p. Buning ustiga xorijiy kompaniyalarni qo’lga kiritish orqali yangi bozorlarga chiqiladi, texnologiyalar rivojlanadi”, - deydi u.

Xitoy atom reaktorlari, dengiz portlari kabi siyosiy jihatdan muhim va strategik ahamiyatga ega sohalarga sarmoyalar kiritmoqda. Yana bir misol: yaqinda Shveysariyaning “Sinjenta” pestitsidlar va urug’ kompaniyasini Xitoy Milliy kimyoviy korporatsiyasi 43 milliard dollar naqd pulga sotib oldi.

Xitoy hukumati uchun bu – ustuvor yo’nalish.

"Xitoy sarmoyalari diplomatik uchrashuvlar kun tartibida birinchi o’rinda turadi. Buning ortida Xitoyning xorijdan kam mahsulot sotib olishi va asosan eksport qilishi masalasida xorijiy davlatlardagi salbiy munosabatni o’zgartirish niyati bor”, - deyiladi Xitoy sarmoyalarini o’rganib boradigan “Rodium Grup” va Berlindagi Merkator Xitoy tadqiqotlari institutining (MERICS) qo'shma bayonotida.

“Xitoy diplomatlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar bilan muzokara olib borayotganda sarmoyalar va boshqa moliyaviy oqimlardan ijobiy natijaga erishish uchun diplomatik vosita sifatida foydalanadi”.

Xitoy rasmiylari xorijiy davlatlar iqtisodiyotiga sarmoya yotqizish haqiqatdan ham ustuvor yo’nalish ekanini inkor etmaydi.

“Bu ochiq siyosat olib borishning hamda xitoylik tadbirkorlarning xalqaro bozorlarni yaxshiroq tushunishining tabiiy oqibati. Xorijga sarmoya yotqizish katta sur’atlar bilan o’smoqda. Bu, albatta, ijobiy hol”, - dedi yaqinda Xitoy Xalq banki raisi Jou Siaochuan.

2015-yil oxirida dunyo bo’ylab xorijga bevosita kiritilgan investitsiyalarning 10 foizi Xitoy ulushi edi. Yaqin kelajakda bu ko’rsatkich ikki baravar ko’payishi hech gap emas. “Rodium Grup” va MERICS prognozlariga ko’ra, kelasi besh yilda Xitoyning xorijga chiqaradigan bevosita sarmoyalari bir trillion dollardan oshishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG